"Abdulla Avloniy"
Abdulla Avloniy (1878 - 1934) yangi davr o’zbek madaniyati, adabiyotining asoschilaridan biri, bolalar adabiyoti, o’zbek milliy teatri, dramaturgiyasi, matbuoti,o’zbek milliy pedagogikasining tamal toshini qo’ygan, xalqimizning asl farzandidir. Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentning Mergancha mahallasida to’quvchi Miravlon aka oilasida tavallud topdi. Avval O’qchidagi boshlang’ich maktabda, so’ng shahar madrasalaridan birida tahsil oldi. Biroq, ko’proq mustaqil o’qib – o’rgandi, tez orada o’z davrining savodxon, ma’rifatparvar kishisiga aylandi. Avloniy XX asr boshlarida o’lkamizda avj olgan jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi sifatida millat bolalarini savodxon qilish, ulardan yetuk olimlar, mutaxassislar tayyorlash, Vatanni ozod ko’rishda fidoyilik bilan mehnat qildi. Ana shu maqsadda juda ko’p sohalarda faol ish olib bordi. 1907 yilda «Shuhrat» nomli gazeta nashr qildi. U mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. «Usuli jadid» maktablari uchun to’rt qismdan iborat «Adabiyot yohud milliy she’rlar», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni», «Turkiy guliston yohud axloq» kabi darslik va o’qish kitoblari tuzdi. Maktab maorif ishlariga yordam ko’rsatish maqsadida hayriya jamiyati tashkil qildi. «Nashriyot» shirkati tuzib, Xadrada «Maktab kutubxonasi» kitob do’konini ochdi. Abdulla Avloniy o’zbek teatrining taraqqiyotida ham alohida xizmat ko’rsatdi. Uning «Turon» truppasi (1913) o’lkamizda tashkil etilgan birinchi professional teatr truppasi edi. Adib dramaturgiyada ham unumli faoliyat olib bordi. Ozarbayjon dramaturglarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qildi, o’zi ham «Pinak», «Advokatlik osonmi?», «Biz va siz» nomli pyesalar yozib sahnaga qo’ydi. Fevral va oktyabr voqyealaridan so’ng Avloniy «Turon» nomli gazeta nashr etib, unda ilg’or qarashlarni ilgari surdi. 1919 – 1920 yillarda Afg’oniston elchixonasida bosh konsul vazifasida ishladi. Xizmatdan qaytgach, ma’rifatparvarlik faoliyatini davom ettirdi. Harbiy o’quv yurtida, O’rta Osiyo davlat universitetida o’zbek tili va adabiyotidan dars berdi, professor darajasiga ko’tarildi. Ma’rifatparvar adib, dramaturg, pedagog, noshir va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1934 yil 25 avgustda Toshkentda vafot etadi. U Toshkentdagi Botkina qabristoniga dafn etilgan. Avloniy o’zining axloqiy qarashlarida birinchi navbatda millatparvarlik, vatanparvar, ilm – fanni sevuvchi, vijdonli kishilar tarbiyasiga e’tiborini qaratgan. O’zbek jadid adabiyotidagi ma’rifatparvarlik g’oyalarini shoir va dramturg sifatidagina emas, pedagog sifatida ham keng xalq ommasi orasiga olib kirdi va jadid birodarlarining xalqni ma’rifatlashtirish dasturiga amaliy ishlari, pedagogik faoliyati va badiiy ijodi bilan hissa qo’shdi. |