"Behbudiy"
Behbudiy (1874-1919). To’liq ismi: Mahmudxo’ja Behbudiy. 1874 yil Samarqandning Baxshitepa qishlog’ida ruhoniy oilasida tug’ilgan. 6-7 yoshida o’qib savod chiqargach, otasi uni qori qilish maqsadida Qur’onni yodlata boshladi. Qur’onni yod olgach, 15 yoshlaridan «Qofiya», «Shahri mullo», «Shamsiya», «Muxtasar al-vakoya», «Hoshiya» va hisob ilmini ham o’rgana boshladi. Ustozi: tog’asi Mulla Odil. Asarlari: «Usuli jadid» maktablari uchun «Muntaxbai jo’g’rofiya umumiy» («Qisqacha umumiy jo’g’rofiya»), «Kitob ul-atfol» («Bolalar maktubi»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Madhadi jo’g’rofi umroniy» («Aholi jo’g’rofiyasiga kirish»), «Muxtasari jo’g’rofi rusiy» («Rossiyaning qisqacha jo’g’rofiyasi»), «Amaliyoti islom» kabi bir qator darsliklar yaratdi. Behbudiy o’sha davr matbuotida yuzlab maqolalar bilan chiqish qildi, ularda yangi usul maktablarining ahamiyati, o’qitish tizimi, ma’rifatga rag’bat, komil inson tarbiyasi haqidagi fikrlarini ilgari surdi. Behbudiy ta’lim-tarbiyada maktabning o’rnini muhim tutadi. Axloq va tarbiyaning asosi – maktab, barcha ilmlarning boshi va ibtidosi – maktab, saodatning, fozil insonning ma’naviy chashmasi – maktab, deb uqtiradi. Behbudiy 1903 – 1904 yillarda Moskva, Peterburg keyinroq Qozon, Ufa shaharlariga boradi. U 1914 yilda Arabiston, Misr, Turkiya kabi bir qator mamlakatlarda bo’ladi. U o’z davrining ilmshunoslaridan biri, muftilik rutbasiga erishgan zot edi. Behbudiy shu bilan birga hamisha bid’atga qarshi kurash olib bordi va o’z asarlarida dinni to’g’ri tushunishga va targ’ib etishga da’vat etdi. Vaqtli matbuot sahifalarida zamonasining dolzarb mavzulariga bag’ishlangan ijtimoiy – siyosiy, tarixiy – adabiy maqolalari bilan faol ishtirok etadi. Uning 10 – yillar Turkiston matbuotida 300 dan ortiq maqolalari e’lon qilingani ma’lum. Ushbu maqolalarning markazida maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g’oyalarining targ’iboti turadi. Turkistonda jadidchilik harakatini dastlabki targ’ibotchisi hisoblanadi. 1913 yilda u Samarqandda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalini tashkil etadi. Har ikkala nashrning asosini ma’rifat – madaniyat, millat va ozodlik g’oyalari tashkil qiladi. U 1914 yili «Padarkush» drammasini yaratdi. Behbudiy yangi usuldagi maktablarning ilk targ’ibotchisi va asoschilaridan biri, shuningdek, ana shu maktablar uchun darsliklar ham yaratgan yirik ma’rifatparvardir. Behbudiy 1917 yilgi fevral va oktyabr voqyealaridan keyin Turkistonning mustaqil, ozod bo’lishi uchun tinmay kurashda va shu yo’lda o’z jonini fido qildi. Turkistonning millat davlat qurilishi masalasini o’rtaga tashladi. O’z xalqi taraqqiyotini nafaqat ma’rifatda, balki uning siyosiy maqomining keskin o’zgarishida, o’z mustaqilligini qo’lga kiritishda deb bildi. Uning «Haq olinur, berilmas!» degan so’zlari jadidlarning shioriga aylandi. Turkiston Muxtoriyatini olqishladi. Uning hukumatiga a’zo sifatida saylandi. Turkiston Muhtoriyati qonga borilgandan so’ng u siyosatdan bosh tortdi va Samarqandda maorif bo’limi mudiri bo’lib ishladi. Lekin mustaqillik umidlaridan voz kechmadi. Behbudiy o’z davrida ham, keyin ham «Turkiston jadidlarining otasi», o’zbek adabiyoti tarixida hozirgi zamon dramaturgiyasini boshlab bergan kashshof, dramaturg va yozuvchi, noshir va jurnalist, yirik nashrlarda publisistik maqolalari bilan qatnashadi. Sovetlar hukumatining qirg’inlari, adolatsizliklari avjiga chiq-qanda, bu holni jahonga ma’lum qilish uchun yo’lga otlangan Behbudiy Buxoro amiri tomonidan hibsga olinib, 1919 yilning bahorida Qarshi shahrida qatl etiladi. M. Behbudiy qabrining qayerdaligi noma’lum. |