"Imom Buxoriy"
Imom Buxoriy (810-870). To’liq ismi – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Buxoroda tavallud topgan. 10 yoshga to’lmasdan hadis ilmini o’rganishga kirishgan. 16 yoshida onalari va akalari bilan birga hajga borib 4 yil Makkada yashaganlar. Payg’ambarimiz (sav) hadislarini to’plab, tartibga solish niyatida ko’plab islom mamlakatlarini kezib, shayxu ulamolardan ko’plab hadislar yozib olganlar. Ustozlari: (manbalarda 90 ga yaqin deb ko’rsatilgan) Abdulloh ibn Muborak, Vake’, Imom Ahmad ibn Hanbal al-Marvaziy, Muhammad ibn Yusuf al-G’artobiy, Ubaydulla ibn Mussa al-Abasiy, Abu Bakr Abdulla ibn az-Zubayr al-Hamidiy, Is’hoq ibn Ibrohim, Ali ibn al-Madiyniy. Shogirdlari: Muslim ibn Hajjoj, Iso at-Termiziy, an-Nasoiy, Abu Zur’a, Yusuf al-Farobiy, Abu Bakr ibn Huzayma, Amir ibn Fallos kabi minglab shogirdlar yetishtirganlar. Asarlari: 600 ming hadis to’plaganlar. «Al-Jomi’ as-sahih» (4 jild), «Al-adab al-mufrad», «Kitob asmo’ is-sahoba», «Kitob af’ol il-ibod», «Kitob bad’ il-maxluqot», «Kitob birr il-volidayn», «Ta’rix us-siqot vaz-zu’afo min ruvot il-hadis», «Ta’rix Buxoro», «Kitob us-sulosiyyot», «Al-Jomi’ as-sag’iyr», «Al-Jomi’ al-kabiyr», «Kitob ul-favoid», «Kitob ul-qiroa xalfa-l-imom», «Kitob il-hiba», «Xulq af’ol il-ibod», «Kitob ul-musnad al-kabiyr» va boshqalar. Imom Buxoriy, ona yurtlari Buxoroga qaytib kelgach, hadis ilmini targ’ib etishga kirishadilar. Ammo, ul zotning boshlagan bu sa’yu harakatlari hukmdorga xush kelmaydi, Buxoroni tark etib, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog’iga kelib, o’sha yerda istiqomat qilib qoladilar. Hijriy 256-yili Ramazon hayiti kuni 62 yoshda vafot etadilar vash u yerning o’ziga dafn qilinadilar. Imom Buxoriyning «Al-Jomi’ as-sahih» nomli 4 jilddan iborat hadislar to’plami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis to’plamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir. To’plamda Payg’ambar (sav) hadislaridan tashqari, fiqh (islom huquqshunosligi), islom marosimchiligi, axloq-odob, ta’lim-tarbiya hamda o’sha davr tarixi va etnografiyasiga doir ma’lumotlar ham mavjud. Unga 600 ming hadisdan faqat 7275 ta eng «sahih» hadislar kiritilgan. Mazkur to’plam Misr va boshqa bir qancha mamlakatlarda juda ko’p marta chop etilgan, unga yirik ulamolar tomonidan sharhlar bitilgan. Buyuk muhaddisning asarlarida axloqiy tarbiyaga alohida o’rin berilgan. Unda asosan oilada farzand tarbiyasi ota-onani hurmat qilish, onani e’zozlash, mehr-oqibatli bo’lish, pok va iymonli bo’lish yaxshilik qilish kabi yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan fikrlar bayon etilgan. Ulardan dars jarayonida unumli foydalanish katta samara beradi. |