"Abdulhamid Cho’lpon"
Abdulhamid Cho’lpon (1897-1938). Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lpon yangi o’zbek she’riyatining asoschilaridandir. Cho’lpon 1897 yili Andijon shahrida ziyoli oilada dunyoga keladi. Cho’lpon eski maktabda, so’ng madrasada o’qidi. Andijondagi rus – tuzem maktabida ta’lim oladi. Sharq adabiyotida arab, fors tillarini o’zlashtiradi, rus tili va adabiyotini o’rganadi. Cho’lpon 10 – yillarning o’rtalarida ijtimoiy va iqtisodiy faoliyat bilan shug’ullana boshlaydi. U «Qalandar», «Andijonlik», «Cho’lpon» taxalluslari bilan matbuot nashrlarida maqola, she’r va turli xabarlar bilan chiqib turadi. Uning «Do’xtir Muhammadiyor», «Vatanimiz Turkistonda temir yo’llar», «Adabiyot nadir?» kabi ilk hikoya va maqolalarida, o’nlab she’rlarida jadidchilik g’oyalarining oshkora ifodalanganligini kuzatishimiz mumkin. Shoirning qisqa umri davomida «Tong sirlari», «Uyg’onish», «Buloqlar» kabi she’riy to’plamlari nashr etilgan. Uning teatr sohasida qilgan ishlari alohida e’tiborga sazovar. Cho’lpon o’nga yaqin pyesalar, teatr sahnalarini yaratgan, uning «Yorqinoy», «O’rtoq Qarshiboyev», «Cho’rining isyoni», «Mushtumzo’r», «Zamona xotuni» kabi sahna asarlari o’zbek dramaturgiyasi taraqqiyotiga muhim hissa bo’lib qo’shildi. Cho’lpon «Kecha va Kunduz» nomli romanini e’lon qilib, o’zbek romanchiligi rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi. Bu asarida xalqimizning XX asr boshlaridagi hayoti manzaralarini tasvirlar ekan, istibdod va jaholat millatning taraqqiyotini va hurligini bo’g’uvchi manfur hodisalar ekanini badiiy aks ettiradi. O’zbek adabiy tarjima maktabining rivojlanishida ham Cho’lponning beqiyos hissasi bor. U M.Gorkiyning «Ona» romanini, A.S. Pushkinning «Dubrovskiy», «Boris Godunov» hamda Shekspirning «Hamlet» tragediyasini va yana o’nlab horijiy asarlarni o’zbek tiliga mohirlik bilan o’giradi. Cho’lpon butun ongli hayoti davomida o’z Vatanining ozodligi, erki, kelajagi uchun qayg’uradi va yonib she’rlar yozdi, turli janrlarda asarlar yaratdi. U 1928 yildan boshlab to umrining oxirigacha tayziq ostida yashadi, chunki uning butun ijodida milliy g’oya va ma’rifatparvarlik, vatanni ozod ko’rish, erk uchun kurash kabi g’oyalar aks etardi. U mustabid tuzum ostida ezilib yotgan millatni, xalqni kuylar edi. Lekin u tayziqlar va qiynoqlar nihoyatda kuchaygan bir sharoitda ham o’z e’tiqodidan qaytmadi. Ana shu e’tiqodi va irodasi tufayli xalq erki va ozodligi yo’lida 1937 yil qatog’on qurboni bo’ldi. Cho’lpon 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentdagi Bo’zsuv bo’yida qatl etiladi. |