"Forobiy"

Forobiy (873-950). To’liq ismi – Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzaliq ibn Tarxon al-Forobiy. O’tror (Farob) degan joyda harbiy xizmatchi oilasida tug’ilgan. Boshlang’ich ma’lumotni Farobda olgan, Shosh, Buxoro, Samarqandda ta’lim olgan, so’ng Bag’dodda turli fan sohalarini o’rganadi. Bag’dodda matematika, mantiq, tibbiyot, ilmi nujum, musiqa, huquq, tilshunoslik, poetika, bilan shug’ullanadi, turli tillarni o’rganadi. Manbalarda yozilishicha, 70 dan ortiq tilni bilgan. Ustozlari: Abu Bashar Mata (yunon tili), Yuxanna ibn Xaylon (tibbiyot, mantiq), Ali Sirojiddin. Asarlari: «Fozil odamlar shahri», «Baxt-saodatga erishuv to’g’risida», «Ijo al-ulum», «Ilmlarning kelib chiqishi», «Aql ma’nolari to’g’risida», «Falsafa manbalari», «Substansiya haqida», «Logikaga kirish», «Masalalar manbai», «Falsafani o’rganishdan oldin nimani bilish kerak» va boshqalar. Forobiy ta’lim va tarbiyaga birinchi marta ta’rif bergan olim sanaladi. Ta’lim – degan so’z insonga o’qitish, tushuntirish asosida nazariy bilim berish; tarbiya – nazariy fazilatni, ma’lum xunarni egallash uchun zarur bo’lgan xulq normalarini va amaliy malakalarni o’rgatishdir, deydi olim. Abu nasr Forobiy yana aytadi: «Ta’lim – degan so’z xalqlar va shaharliklar o’rtasida nazariy fazilatni birlashtirish, tarbiya esa shu xalqlar o’rtasidagi tug’ma fazilat va amaliy kasb hunar fazilatlarini birlashtirish degan so’zdir. Ta’lim faqat so’z va o’rgatish bilangina bo’ladi. Tarbiya esa, amaliy ish tajriba bilan, ya’ni shu xalq, shu millatning amaliy malakalardan iborat bo’lgan ish-harakat, kasb-hunarga berilgan bo’lishi, o’rganishidir». Forobiy nazariy bilimlarni egallashga kirishgan har bir kishi xulq – odobda ham qay darajada pok bo’lishi kerakligini «Falsafani o’rganishdan oldin nimani bilish kerak» risolasida shunday ta’riflaydi: «Falsafani o’rganishdan avval o’zingizni hirs-havaslardan shunday tozalashingiz lozimki, sizda maishiy va shahvoniyat kabi noto’g’ri tuyg’ularga emas, balki kamolotga bo’lgan hirs-havas qolsin. Bunga xulq axloqni faqat so’zdagina emas, balki haqiqatda (amalda) tozalash orqali erishish mumkin. SHundan so’ng xato va adashishdan saqlovchi, haqiqat yo’lini tushunib olishga boshlovchi (notiq – so’zlovchi, fikrlash ma’nosida) nafsini, jonini, ruhini tozalash zarur». Forobiy axloqiy fazilatlar deganda bilimdonllik, donolik va mulohazali bo’lish, vijdonlilik, kamtarlik, ko’pchilik manfaatini yuqori qo’yish, haqiqat, ma’naviy yuksaklikka intilish, adolatlilik kabi xislatlarni tushunadi. Ammo bu xislatlarning eng muhumi har bir insonning bilimli, ma’rifatli bo’lishidir. SHuning uchun ham Forobiy axloq tushunchasiga aql bilan uzviy bog’liq holda, tafakkurga asoslangan axloq sifatida qaraydi. Bundan biz Forobiyning axloqni xulq me’yorlari ifodasi sifatidagini emas, balki kishilarning aqliy faoliyatining natijasi sifatida ham talqin etganligini ko’ramiz. Forobiy «Aql ma’nolari haqida» risolasida aql masalasini tahlil qilib, aql bilish haqidagi ta’limotida mantiq (logika) ilmi muhim o’rin tutadi deydi. U mantiq ilmi bilan grammatika o’rtasidagi mushtarakligini qayd etib, mantiqning aqlga munosabati, grammatikaning tilga munosabati kabidir. Grammatika odamlar nutqini tarbiyalagani kabi, mantiq ilmi ham tafakkurni haqiqiy yo’lda olib borish uchun aqlni to’g’irlab turadi deydi. Buyuk mutafakkirning inson kamolotiga oid asarlarida jamiyat talablariga to’la-to’kis javob bera oladigan va uni tinchlik va farovonlikda saqlab turishga xizmat qiladigan komil insonni tarbiyalash xususida fikr yuritiladi. Bugungi kundagi barkamol avlod tarbiyasida olim ijodidan keng ko’lamda foydalanish lozim.