"Abdurauf Fitrat "
Abdurauf Fitrat (1886- 1938) yirik davlat va siyosat arbobi, shoir va olim, noshir va dramaturg, ma’rifatparvar Fitrat 1886 Buxoroda ziyoli oilasida dunyoga keldi. Dastlab eski maktabda o’qidi, keyin Mirarab madrasasida tahsilni davom ettirdi. XX asr boshlarida vujudga kelgan «Tarbiyai atfol» jamiyati ko’magida 1909 – 1913 yillarda Istanbulda tahsil oldi. Bu yerda qizg’in ijod qildi. Shuning samarasi o’laroq, 1911 yili «Sayha» («Chorlov») nomli she’riy to’plamini chop ettiradi. Turkiyadan qaytgach, Buxoroda o’qituvchilik qiladi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol ishtirok etadi, uning bosh mafkurachisi, g’oyaviy yo’l boshchilaridan biriga aylanadi. 1917 yil apreldan 1918 yil martgacha Samarqandda chiqib turgan «Hurriyat» gazetasiga muharrirlik qiladi. 1918 yili Fitrat Toshkentga keladi. U bu yerda asosan ilmiy, ijodiy, ma’rifiy ishlar bilan ko’proq band bo’ldi. U bir qator darsliklar tuzadi, «Chig’atoy gurungi» nomli ijtimoiy – adabiy tashkilotda faol ishtirok etadi. 1921 yili Buxoroga taklif etiladi. U xalq xo’jaligining bir qator sohalarini yaxshilashda, ayniqsa, maorif sohasida sezilarli ishlarni amalga oshiradi. Uning tashabbusi bilan bir guruh iqtidorli yoshlar Istanbul, Berlin, Moskva kabi shaharlarga o’qishga yuboriladi. Buxoro maktablari uchun o’quv qurollari, darslik va qo’llanmalar nashr etish yo’lga qo’yiladi. Fitrat 1921 – 1922 yillarda bir qator yuqori lavozimlarda ishlab, o’zining davlat arbobi sifatidagi iste’dodini ko’rsata oldi. U 1923 – 1924 yillarda Moskva va Leningradda yashadi, Sharq tillari institutida ishladi. Turk, arab, fors tillari va adabiyotidan yoshlarga dars berdi. Leningrad dorulfununi professorligiga saylandi. «Abulfayzxon», «Abo Muslim» kabi tragediyalari, «Bedil», «Qiyomat», «Chin sevish», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi asarlar yozib, chop ettirdi. Moskvadan qaytgach, Respublikamizning ilmiy, madaniy-ma’rifiy hayotida faoliyat ko’rsatadi. Fitrat tilshunos olim sifatida o’zbek tilining qoidalari to’g’risida «Sarf», «Naqv» darsliklarini yozdi. Musiqashunos olim sifatida «Shashmaqom», «O’zbek klassik musiqasi ham uning tarixi», «Sharq musiqasi» kabi tadqiqotlar yaratdi. 30 yillarda u ilmiy tadqiqot muassasalarida, o’qituvchilar malakasini oshirish instituti va dorulfununda ishladi. 1937 yili «xalq dushmani» sifatida hibsga olinib, 1938 yili Toshkent shahrining hozirgi Yunusobod tumani Bo’zsuv qirg’og’idagi qatlgohda otib tashlandi. Fitrat merosining bugungi kunda istiqlol g’oyalarini mustahkamlashdagi ahamiyati beqiyos, uning fidoiylikni, millatparvar va asosiysi insonparvarlikni o’rgatadi. |