"Abdurahmon Jomiy"

Abdurahmon Jomiy (1414-1492). To’liq ismi – Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad. U Jom shahrida tug’iladi, ammo oilasi Hirotga ko’chib borgach, boshlang’ich ma’lumotni o’sha yerda oladi. Otasi Jomiyning bolalikdan bilim olishiga katta e’tibor beradi. Maktabni tugatgach, «Nizomiya» madrasasida o’qiydi. U yerda arab tili, aruz, qofiya, badiiyotdan tahsil olgach, Samarqandga borib matematika, fizika, astronomiyani o’rganadi. Ustozlari: Sa’diddin Qoshg’ariy, Shayx Baxoviddin Umar, Mavlono Muhammad Asad, Qozizoda Rumiy, Abulays Samarqandiy, Said Sharif Jurjoniy, Shahobiddin Muhammad. Shogirdlari: Alisher Navoiy. Asarlari: Jomiy bir qancha asarlar yaratib, shulardan ta’limiy-axloqiy yo’nalishda yozganlari: «Bahoriston», «Haft avrang» («Yetti taxt»), «Silsilatu zahab» («Oltin tizmalar»), «Tuhfat ul-abror» («Erkinlar tuhfasi»), «Sabhat ul-abror» («Yaxshilar tasbihi»), «Hiradnomai iskandar», «Salomon va Ablos» kabilar. Jomiy asarlarida haqiqiy insonga xos bo’lgan axloqiy xislatlarni tarbiyalashga katta e’tibor beradi. Abdurahmon Jomiy barkamol insonni tarbiyalashning asosiy jihatlaridan biri axloqiy barkamollik, deb ta’kidlaydi. U axloqiylikning yuksak xulq-odob mezonlari sifatida insoniylik, adolat, mehnatsevarlik, saxovat va karam, mehr-muruvvat, chin insoniy muhabbat, rostgo’ylik, kamtarlik, jasorat, mardlik kabi xislatlarni ulug’ladi va takabburlik, mol-dunyoga hirs qo’yish, yolg’onchilik, johillik bilan bog’liq illatlarni qoraladi. Jomiy o’z asarlarida eng muhim insoniy xislatlar – do’stlik, yaxshilik, kamtarlik, halollik, shirinsuxanlik, sofdillikni targ’ib etadi, kishilrni doimo insoniy fazilatlarga ega bo’lishga undaydi, kibr-havo, razolat, johillik kabi illatlarni qoralaydi, kishilarni bunday illatlardan yiroq bo’lishga chorlaydi. Insonlar bir birlari bilan ijtimoiy munosabatga kirishar ekanlar ular o’rtasida yuzaga keluvchi do’stona munosabat yuksak kamolotning yorqin belgisi sifatida namoyon bo’ladi deydi alloma o’z asarlarida. Talabalar axloqiy tarbiyasini takomillashtirishda Jomiyning ijodiy merosidan keng foydalanilsa, talabalarda yuksak insoniy fazilatlar tarkib toptiriladi.