"Koshifiy"

Koshifiy (1440-1505). To’liq ismi – Husayn Voiz Koshifiy. U Xurosonning Sabzavor shahri Bayhaqi kentida tug’ilgan. Bolalik va yoshlik yillari Sabzavor, Nishopur va Mashhad shaharlarida o’tadi, u yerdagi madrasalarda tahsil oladi. Koshifiy Husayn Bayqaroning voizi (notig’i), ta’birchisi, maslahatchisi bo’lgan. U Xuroson shaharlarida va’z aytib, xulq-odob qoidalari, Qur’on va hadis masalalarini sharhlab xalq orasida hurmat-e’tibor qozongan. U Jomiy va Navoiylar bilan ijodiy aloqada bo’lgan. Asarlari: «Axloqi Muhsiniy», «Axloqi Karim», «Suxayliy», «Javohirnoma», «Risola dar ilmi e’dod» («Sonlar haqida risola»), «Ravzat ush shuhado» («Shahidlik bog’i»), «Oynai Iskandariy», «Tafsiri Husayniy», «Risolati Hotamiy yoki Kitobi Hotamnoma» («Hotamtoy haqida risola»), «Sahifai shohi», «Badoye al-afkor fi sannoye al ash’or». Uning asarlari arab, fors, tatar, urdu, eski o’zbek tillarida chop etilgn. Olim axloqiy tarbiyaning nazariy asoslarini yaratib bergan. Olim ta’kidlashicha, odob – qalbni yomon so’zlardan va nojo’ya xulqdan saqlay olish, o’zini va o’zgalarni hurmat qila bilishdir. Koshifiy tarbiyada ota-ona va murabbiylarning vazifalarini belgilab beradi. Ta’lim jarayonida olimning pedagogik qarashlaridan keng foydalanish ijobiy samaralar beradi. «Axloqi Muhsiniy» - Husayn Koshifiyning axloqqa oid asari. Sulton Husaynning o’g’li, temuriylar shahzodasi, Marv hukmroni Muhsinga bag’ishlangan. Bu asar shaxsiy, oilaviy va fuqarolik axloq asoslarini o’z ichiga olgan 40 bobdan iborat. Asarda muallif adolat, sabr, yoqimlilik, hayo, odob, ishonch, va’daga vafo qilish, shijoat va siyosat kabi masalalar haqida so’z yuritadi. «Axloqi Muhsiniy»ni 1858 yil Ogahiy fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan. Asar O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Uning ko’pgina nodir qo’lyozma nusxalari O’zbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. (O’zME. T.: 2000, 1-tom, 531-bet).