"Alisher Navoiy"
Alisher Navoiy (1441-1501). To’liq ismi – Nizomiddin Alisher Navoiy. U Hirotda tug’ilib, shu yerda yashab ulg’ayadi. Bolaligidan adabiyot va badiiy ijodga muhabbati baland edi, she’r tinglashni va o’qishni juda sevgan. Alisher Hirotda va Mashhadda o’qigan, mantiq, falsafa, musiqa, husnixat va boshqa fanlarni, arab, fors tillarini o’rgangan. 15 yoshida xalq orasida iste’dodli shoir sifatida tanilgan. Ustozlari: Mir Sayyid Qobuliy (tog’asi), Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Ali G’aribiy, Abullays Samarqandiy. Shogirdlari: Kamoliddin Behzod, Mirak Naqqosh, Sultonali Mashhadiy, Ustod Noiy, Abdulloh Husayniy va h.k. Asarlari: «Hamsa»: «Hayrat ul-abror» (1483), «Farhod va Shirin» (1484), «Layli va Majnun» (1484), «Sab’ai sayyor» (1484), «Sadi Iskandariy» (1485); «Xazoin ul-maoniy» (1491-1498), «Muhokamat ul-lug’atayn» (1499), «Badoyi ul-bidoye» (1500), «Majolis un-nafoiy», «Mahbub ul-qulub», «Lison ut-tayr», «Nasoyim ul-muhabbat», «Nazmul javohir». Navoiy o’z asarlarida komil inson obrazini talqin etadi. Uning asar qahramonlari jismonan ko’rkam, go’zal bo’lish bilan birgalikda ma’nan yetuk, axloqan barkamol shaxs sifatida namoyon bo’ladi. Navoiy o’zining badiiy asarlarida komil inson obrazlarini yaratib, ta’lim-tarbiya to’g’risidagi fikrlarini ifodalagan bo’lsa, ta’limiy-axloqiy asarlarida esa komil insonni shakllantirishning mazmuni, yo’llari, usullarini bayon etdi. U o’z davrining ilg’or, ma’rifatparvar allomasi sifatida islomdagi ta’lim-tarbiya aqidalari, o’zidan ilgari o’tgan mutafakkirlarning qarashlarini an’anaviy tarzda davom ettirdi. Ayniqsa, inson kamolotida ilm-fanning o’rni, aql-idrokning ahamiyati, aqliy tarbiyaning mohiyatini yoritib berdi. Navoiy tasavvurlaridagi komil insonga xos bo’lgan eng yuksak fazilatlarga: ijodkorlik, qobiliyat, ilm-fanga muhabbat kiradi. Chunki, baxtli hayotga intilgan Navoiy fikricha, oqil, qobiliyatli, dono inson o’zining kuch-quvvatiga, aqlu zakovatiga ishonadi. Shuning uchun Navoiy ilm-fanning ahamiyatini yoritib berar ekan, ilmni qorong’ilikni yoritadigan chiroq, hayot yo’lini nurafshon etadigan quyosh, odamlarning haqiqiy qiyofasini ko’rsatadigan omil sifatida ta’riflaydi. Navoiy orzu qilgan komil inson faqat ilmli bo’lish bilan qanoatlanib qolmasligi, balki u yana sabr-toqat, saxiylik, himmatli, tg’rilik, rostgo’ylik, tavoze’, adab, ishq va vafo hamda shu singari fazilatlarga ham ega bo’lishi lozimligini bir necha bor ta’kidlagan edi. Alisher Navoiy «Mahbub ul-qulub» asarida o’zining axloqiy qarashlarini bayon qilgan. U haqiqiy insonni – sof vijdonli, pok, mehnatsevar, saxovatli, insofli, odobli, kamtar, xayoli, muruvvatli shaxs deb hisoblaydi. Bunday xislatlarni odamlarda tarkib toptirish uchun esa ularda ana shu olijanob xislatlarni tarbiyalash lozim deydi. Asarda Navoiy mamlakatda tinchlik, osoyishtalik, obodonchilik bo’lishi uchun podshoh adolatli bo’lishi lozim, deb ta’kidlaydi, shundagina xalq ham shohga qarab insof bilan ish yuritadi, deb uqtirdi. Navoiy insonning axloqiy xislatlari, yaxshi xulq-atvor xususida to’xtalib o’tar ekan, avvalo har bir insoniy fazilatning ta’rifini beradi. U yaxshi fe’llarga qanoat, sabr, tavoze’ va adab, ishq va vafo, saxovat, himmat, karam, muruvvat, yumshoq ko’ngillilik (hilm) kabi xislatlarni kiritib, har birining ta’rifidan so’ng tanbeh va hikoyatlar vositasida o’z fikrini to’ldiradi. Navoiy yuqorida zikr qilib o’tilgan xislatlarga ta’rif berish bilan birga ularga qarama-qarshi bo’lgan yomon illatlar to’g’risida so’z yuritadi va ulardan qutilish yo’llarini ham bayon qiladi. Alloma axloqlilikning eng muhim mezoni sanalgan odob haqida fikr yuritar ekan: «Adab kichik yoshdagilarni ulug’lar duosiga sazovor etadi va u duo barokati bilan umrbod bahramand bo’ladi. Adab kichkinalar mehrini ulug’lar ko’ngliga soladi va u muhabbat ko’ngilda abadiy qoladi». Alisher Navoiy asarlarida ilm odobi, jamiyat boshqaruv odobi, adolatli boshliq odobi masalalari yuqori o’rinda turgan. Ta’lim jarayonida Navoiy asarlaridan foydalanish natijasida talabalarda barcha ijobiy axloqiy fazilatlar yuksaltirish mumkin. |