"Abdulla Qodiriy"
Abdulla Qodiriy (1894 – 1938) yangi davr o’zbek adabiyotining asoschilaridan biri, o’zbek milliy romanchilik maktabining tamal toshini qo’ygan buyuk adibdir. U 1894 yil 10 aprelda Toshkentda bog’bon oilasida tug’ilgan. 9-10 yoshlarida eski usul maktabida tahsil ko’radi. So’ng rus tuzem maktabida o’qiydi. 17-18 yoshlarida bir savdogarga yollanib, uch–to’rt yil ishlaydi. So’ng bog’bonlik bilan tirikchilik o’tkazadi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913-1914 yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilg’or fikrli yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qo’shilgan va o’zining ilk asarlarida ma’rifat, millat taraqqiyoti va hurligi g’oyalarini targ’ib eta boshlagan. Qodiriy dastlab ma’rifiy she’rlar yozdi. «Ahvolimiz», «Millatimiz», «To’y» kabi she’rlar jadid matbuotida e’lon qilinadi. 1915 yili u Behbudiyning «Padarkush» fojeasi ta’sirida «Baxtsiz kuyov» pyesasini yozadi. So’ng o’zi «Milliy ro’mon» deb atalgan «Juvonboz» hikoyasini yaratadi. Bu asarlar ham ma’rifatparvarlik qarashlari mahsuli bo’lib, jamiyatdagi chirkin illatlar va qoloq urf–odatlarni keskin tanqid qilishga yo’naltirilgan. 1916 yilda yozilgan «Uloqda» hikoyasi A.Qodiriy ijodida badiiy izlanishlar rivojini ko’rsatadigan muhim hodisadir. 1917 yil fevral va oktyabr voqyealaridan keyin A.Qodiriy hayotida ham, ijodida ham o’zgarishlar ro’y berdi. U sho’ro idoralarida ishladi. «Ishtikoiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida adabiy xodim, «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan bo’ldi. Moskvada V.Bryusov nomidagi jurnalistlar institutida tahsil oldi. A.Qodiriy 1925-1926 yillarda «O’tkan kunlar» romanini e’lon qiladi. Bu to’laqonli realistik ilk o’zbek romani bo’lib, Qodiriyning jadidona siyosiy qarashlari yuksak badiiy ifodasini topgan asar edi. 1928 yili yozuvchi «Mehrobdan chayon» romanini e’lon qildi. Bu roman ham adibga katta shuhrat keltirdi. Bundan tashqari, A.Qodiriy «Obid ketmon» qissasining, «Toshpo’lat tajang nima deydi?», «Kalvak mahzumning xotira daftaridan» turkum satirik hikoyalarning, rus va g’arb adabiyotidan o’girilgan qator tarjimalarning ham muallifidir. Abdulla Qodiriy 1937 yil oxirlarida hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda Bo’zsuv bo’yida qatl etiladi. Bu ulug’ siymo o’zining ezgu maqsad – muddaolar yo’lidagi shijoati, favqulotda nayob iste’dodi, jasorati bilan xalqimiz madaniyati, adabiyot tarixida yorqin iz qoldirdi, ko’p asrlik milliy adabiyotimiz va yangi o’zbek adabiyoti rivojida tub burilish yasab, yangi bosqich romanchilik maktabiga asos soldi. |