"Munavvar Qori"

Munavvar Qori (1878 - 1931). Adib, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o’g’li 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur (hozirgi Shayhontohur) dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug’ildi. Toshkentdagi Yunusxon madrassasida o’qidi, so’ng tahsilini Buxoroda davom ettirdi, Toshkentga qaytgach, Darxon masjidida imomlik vazifasini bajaradi. Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901 yilda o’z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi. Bu maktablar uchun 1907 yilda «Adibi avval», «Adibi soniy» darsliklarini yaratadi. «Tajvid – al - Qur’on», «Yero yuzi» singari qo’llanmalarni tuzib, nashr etadi. Bolalar uchun qator she’riy va nasriy hikoyalar yozadi. U 1909 yili Toshkentda «Jamiyati hayriya» uyushmasini tuzadi va «Turon» nomli jamiyatini ochadi. Munavvar qori 1906 yilda dastlabki o’zbek matbuoti namunalaridan biri «Xurshid» gazetasini nashr etdi. Keyinchalik «Najot», «Kengash» gazetalaridan bosh muharrir, «Sadoi Turkistonda» da bo’lim muharriri bo’lib xizmat qiladi. Munavvar qori 1917 yil fevral inqilobidan keyin Turkistonda demakratik milliy davlatchilikni tuzish g’oyasini ilgari surdi. U Qo’qonda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatini qo’llab - quvvatladi. Sho’ro davrida o’zining ochiq ma’rifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi. 1918 yilning aprrelida Turkiston xalq dorulfununining asoschisi va rektori etib saylanadi. Uning sa’yi – harakati bilan bilan 1918 yilda «Turk o’chog’i» ilmiy – ma’rifiy jamiyatini tashkil qiladi. Munavvar Qori 20 – yillarning o’rtalarida ziyolilarni ta’qib qilish kuchayishi natijasida lavozimlaridan chetlashtiriladi. Biroq, hatto qatog’on ham Munavvar Qori Abdurashidxon o’g’lining istiqlol g’oyalarini qaytara olmadi. U 1929 yilda qamoqqa olinadi va 1931 yilda otib o’ldiriladi. Uning xoki Moskvadagi Vagankovo qabristonidadir.