"Mahmud Qoshg’ariy"
Mahmud Qoshg’ariy (XI asr). To’liq ismi – Mahmud ibn ul-Xusayn Muhammadil Qoshg’ariy. Bolasog’unda tug’ilgan va shu yerda tahsil ko’rgan. Ilmlarning turli sohalari, xususan arab va turk tillari, fors adabiyoti bilan shug’ullanib, ularni puxta egallagan. Turli til va shevalarni o’rganishida material to’plash maqsadida bir qancha shaharlarni kezib chiqqan. Asarlari: «Devoni lug’otit turk» («Turkiy so’zlar devoni») va «Javohirun nahv fi lug’otit turk» («Turkiy tillarning sintaksis qoidalari»). Ikkinchi asari bizgacha yetib kelmagan. «Devoni lug’otit turk» asarida ta’lim-tarbiya, xulq-odob, ilm-fan to’g’risidagi fikrlar mavjud. Olim doimo kishilarni mehnat, qilishga, yaxshilikka undaydi, yomonlikni qoralaydi. Asarda ilm olishning qadri, bilimli, donishmand kishilarni hurmat qilish, mehmondo’stlik, xushxulqlik, mardlik, jasurlikni targ’ib etuvchi, o’z manfaatini ko’zlagan molparast, baxil, ochko’z, do’stiga va xalqiga xiyonat kabi salbiy tomonlarini qoralaydigan fikrlar ko’p uchraydi. Ayniqsa, pand-nasihatlarda asosiy o’rinni ilm olishga undash, uning foydalari, ilm ahlini hurmat qilish to’g’risidagi fikrlar egallaydi. Yoshlarni ilmli kishilarga yaqinlashish, ulardan o’gitlar olishga maslahat beriladi. «Devonu lug’atit turk» asarida xalqning ta’lim-tarbiyaga oid tajribalari ifodalangan maqollar ham mavjud. Maqollarda ham qo’shiqlardagi kabi do’stlik va hamkorlik, mehnatga muhabbat, ilm olishga va kasb-hunar egallashga undash, vatanparvarlik va qon-qarindoshlik tuyg’usi, tejamkorlikning ahamiyati, isrofgarlikning oldini olish, adolat va adolatsizlik, yaxshilik va yomonlikning oqibatlari, xulq-odob qoidalari, sihat-salomatlikni saqlashga oid o’gitlar talqin etiladi. Demak, kishilarni axloqiy va aqliy jihatdan mukammallashtirishga xizmat qiladigan asardagi she’riy parchalar, maqollar ezgulikni targ’ib qilgan, insonning kamolga yetishiga katta ta’sir etgan. Ushbu jihatlari bilan Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’atit turk» asari bugungi kunda ham yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asardagi ta’limiy-axloqiy g’oyalarni dars jarayonida talabalarga tanishtirib borilsa, talabalarda xushxulqlik, mehntsevarlik, mardlik, jasurlik kabi ijobiy fazilatlar yuksalishiga yordam beradi. |