"Abduqodir Shakuriy"
Abduqodir Shakuriy (1875 - 1943). Ma’rifatparvar, pedagog Abduqodir Shakuriy 1875 yilda Samarqandning Rajabamin qishlog’ida bog’bon oilasida tug’ildi. Shakuriy eski usuldagi maktabni tamomlaganidan keyin Samarqand shahridagi madrasaga o’qishga kiradi. Shakuriy rus gimnaziyasiga borib, uning ichki tartib-qoidalari va o’qitish usullari bilan tanishadi. Shundan keyin yosh muallimda o’z xalqining bolalari uchun shu tartibdagi yangi maktab tashkil qilish orzusi paydo bo’ladi. Abduqodir Shakuriy Samarqand gimnaziyasida ko’rgan va o’zi orzu qilgan yangi o’qitish usullari Rossiyaning turli joylarida yashagan boshqa turkiy xalqlarida mavjudligini gazetalardan bilib oladi. Shakuriy do’stlari yordamida Qo’qon shahriga boradi va u yerda yangi maktabdagi o’qitish usullari bilan tanishadi. Samarqandga 1901 yilning kuzida birinchi yangi usuldagi maktabni tashkil qiladi. Shakuriy faqat o’qituvchilik qilish bilan chegaralanib qolmagan, o’z maktabi uchun darsliklar yozib, ularni o’z mablag’lari hisobiga nashr qildirgan. Masalan, uning «Rahnomai savod» («Savod chiqarish qo’llanamasi») deb atalagan kitobi shu tariqa chop etilgan. Shakuriy qizlar uchun ham yangi usuldagi maktab tashkil qilgan. Unda o’zi rahbarligida rafiqasi muallimlik qilgan. Keyinchalik o’g’il va qiz bolalar guruhini birlashtirib o’qita boshlagan. 1921 yilda Samarqand shahridagi 13-maktabga mudir etib tayinlanadi. U bolalarni tarbiyalash, o’qitishga katta g’ayrat bilan kirishdi, ko’p yillar davomida shu maktabning mudiri hamda ona tili va adabiyoti o’qituvchisi vazifalarida ishladi. 1925 yilda A.Shakuriyning tashabbusi bilan qishloq aholisi o’z mablag’lari hisobiga to’rt sinfli yangi maktab qurib ishga tushiradi. Abduqodir Shakuriy 1943 yilda vafot etadi. |