"Ibn Sino"
Ibn Sino (980-1037). To’liq ismi – Abu Ali ibn Sino. Sharqda «Shayx ur-Rais» nomi bilan mashhur. Afshona qishlog’ida kichik amaldor oilasida tug’ilgan. Oilasi Buxoroga ko’chib o’tgach, u boshlang’ich maktabda o’qiy boshlaydi. U mehnatsevar, qobiliyatli, zehnli, o’tkir xotirali, o’qishga qiziqishi zo’r edi. U ustozlaridan hisob, fiqh, falsafa, mantiq, handasa, tib ilmidan ta’lim olgan. Butun jahon olimlarining ilmiy munozaralarida qatnashib bilimini chuqurlashtirgan. Ustozlari: Abu Abdulloh Notiliy, Abu Mansur Qamariy, Ismoil Zohid, Iso al-Masihiy, Hasan ibn Nuh al-Qumriy. Shogirdlari: Abu Ubayd Jurjoniy, Umar Isfaxoniy, Muhammad Sheroziy, Ahmad Ma’suriy, Bahmanyor ibn Marzbon, Yusuf Iyloqiy, Umar Xayyom. Asarlari: «Tib qonunlari», «Ash shifo», «Al-Qonun», «Hayy ibn Yaqzon», «Risolat at-tayr», «Risolat fil-ishq», «Nomozning mohiyati haqida risola», «Ziyorat qilishning ma’nosi haqida», «An-Najot», «Donishnoma», «Kitob ash-ishorat», «Risolat al-qadr». Olim axloqdagi o’zgarishlarni ularning organizmidagi o’zgarishlar bilan bog’lab tushuntiradi. Masalan, agar yomon xulq odatga kirib qolsa, u mijoz buzilishini keltirib chiqaradi, g’azab kuchli qizdiradi, qayg’u kuchli ozdiradi, xulqning mo’tadilligi natijasida ham nafs, ham badan sog’lom bo’ladi, deb uqtiradi. Ibn Sino insonning kamolga yetishida uning axloqiy kamoloti muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. Ibn Sino axloqqa oid asarlarini «Amaliy hikmat» (Donishmandlik amaliyoti) deb ataydi. Olimning fikricha, axloq fani kishilarning o’ziga va boshqalarga nisabatan xatti-harakati me’yorlari va qoidalarini o’rganadi. Ibn Sino axloqlilikning asosini yaxshilik va yomonlik kabi ikki tushuncha bilan ta’riflaydi: Dunyoda mavjud bo’lgan jami narsalar tabiatiga ko’ra kamolot sari intiladi. Kamolot sari intilishning o’zi esa mohiyat e’tibori bilan yaxshilikdir... Ibn Sino inson kamolotining muhim axloqiy jihatlarini ham taxlil etadi va har biriga ta’rif beradi: masalan, adolatni ruhiy lazzatning bosh mezoni sanaydi. Inson qanoat, jasurlik, donolik bilan adolatga ega bo’ladi, yomon illatlardan o’zini tiyib, yaxshilikni mustahkamlaydi, haqiqiy ruhiy lazzat oladi, deydi. Insondagi ijobiy, axloqiy xislatlarga saxiylik, chidamlilik, kamtarlik, sevgi – muhabbat, mo’tadillik, aqlilik, ehtiyotkorlik, qat’iyatlilik, sadoqat, intilish, uyatchanlik va boshqalarni kiritadi. Qanoat va mo’tadillikni insonning hissiy quvvatiga kiritadi, chidamlilik, aqllilikni g’azab quvvatiga, donolik, ehtiyotkorlikni ziyraklikka, sadoqat, uyatchanlik, achinish, sofdillikni tafovut quvvatiga kiritadi. Olim qanoatni hissiy fazilatlardan sanaydi va inson o’zini ta’magirlikdan tiysa, mo’tadillikka rioya qilsa, o’zida xirsning namoyon bo’lishini yengadi, inson yomon iilatlarni yengishda o’z imkoniyatlarini ongli sarf etishi lozim, deydi. Ibn Sino har bir axloqiy hislatning ta’rifini beradi: mo’tadillik – tan uchun zaruriy oziq va xulq me’yorlariga to’g’ri kelmaydigan ishlarni qilmaslik; sahiylik – yordamga muxtoj kishilarga ko’maklashuvchi insoniy quvvat; g’azab – biror ishni bajarishda jasurlik; chidamlilik – inson o’z boshiga tushgan yomonliklarga bardosh beruvchi quvvat; aqllilik – biror ishni bajarishda shoshma-shosharlikdan saqlovchi quvvat deydi. Ziyraklikni narsalar va harakatlarning haqiqiy ma’nosini tezlik bilan tushunishga yordam beruvchi quvvat, achinish, kishilar baxtsizlik, azob-uqibatga duchor bo’lganda, ular bilan xushmuomalada bo’luvchi insoniy quvvat; kamtarlikka xudbin ishlar bilan shug’ullanishdan to’xtatuvchi kuch sifatida ta’rif beradi. Ibn Sino insonning kamolga yetishida to’siqlik qiluvchi nuqsonlar sifatida johillik, nodonlik, shafqatsizlik, takabburlik, nafratni ko’rsatib o’tadi. Johillikni – ilmga, nodonlikni – zehni o’tkirlikka, shafqatsizlik, takabburlikni adolatga, nafratni – sevgi-muhabbatga qarama-qarshi illat sifatida ta’riflaydi. Ibn Sino yuksak axloqiy xislatlarga yana kishilarning bir-birlariga do’st bo’lib yashashi, hamkorlik qilishini ham kiritadi. CHunki har bir kishi jamiyatda, odamlar bilan birga yashar ekan, ular bilan do’stona yashashga intiladi. |