"Amir Temur"
Amir Temur (1336-1405). To’liq ismi – Amir Temur Ko’ragon ibn Amir Tarag’ay. Amir Temur yoshligida xat-savod chiqarib, o’z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakkiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o’rgangan. U dastlabki savodini oilada chiqaradi va 7 yoshidan madrasada o’qiy boshlagan hamda yoshligida madrasadagi tengqurlaridan o’zib ketgan. Ustoz-pirlari: Shayx Shamsiddin Kulol, Sayyid Amir Kulol, Shayx Zayniddin Toybodiy (Sayyid Baraka), Shayx Bobu Sungu. Asarlari: «Temur tuzuklari», «Malfuzoti Temuriy» («Temurning aytganlari»), «Voqioti Temuriy» («Temurning boshidan kechirganlari»). Bulardan tashqari Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida tarixchi va yozuvchilar yaratgan mashhur asarlari ham mavjud («Zafarnoma», «Temurnoma» kabilar). Amir Temur farzandlari va nabiralariga aytgan pand-nasihatlarida adolatlilik, o’zaro hurmat, insonparvarlik, saxovatlilik kabi axloqiy fazilatlarni ustun qo’yadi. Temur o’gitlarini mohiyat va mazmuniga qarab quyiga guruhlarga ajratish mumkin: a) din va shariat, b) davlat va uni idora etish, v) kengash o’tkazish, g) podsho va vazirlar. Uning odob-axloqqa oid o’gitlarini quyidagicha guruhlashtirish mumkin: adolat va adolatsizlik; do’st va dushmanlik; muomala va shirinsuhanlik; so’z va ishning birligi; botirlik va qo’rqoqlik. Sohibqiron inson tarbiyasi – odob-axloqiga, uni adolatni sevishga, vatanparvarlik va insonparvarlikka o’rgatishga katta ahamiyat bilan qaragan. U yoshlarning ilmli bo’lishini istardi. Shu boisdan, har bir shaharda masjidu madrasalar qurish, ulamo-yu domlalarni moddiy rag’batlantirish siyosatini amalga oshirdi. Amir Temur farzandlari, nabiralari va umuman, xalq farzandlarining ilmli, bilimli, tarbiyali bo’lishiga katta e’tibor berganlar, ularga shart-sharoitlar yaratib berganlar, har bir shaharda yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug’ullunuvchi muallim va mudarrislar tayinlab, ularga nafaqa tayinlaganlar. Amir Temurning o’gitlari odob-axloq borasida dastur bo’la oladi. Bugungi kunda talabalarda axloqiy fazilatlarni rivojlantirishda «Temur tuzuklari»dagi axloqiy tarbiyaga oid qarashlaridan unumli foydalanish lozim. |