"Mirzo Ulug’bek"

Mirzo Ulug’bek (1394-1449). To’liq ismi – Muhammad Tarag’ay Ulug’bek. Uning bolalik va yoshlik yillari bobosi Amir Temurning harbiy yurishlari paytiga to’g’ri kelgan. U yoshligidan ilmga, ayniqsa matematika va falakkiyot ilmiga juda qiziqqan. Ulug’bek saroy maktabida tahsil olgan. Ko’p vaqtini Mavlono Badriddin bilan o’tkazgan, kechalari yulduzlarning o’rni va harakatini kuzatgan. Ustozlari: Hamza ibn Ali Tusiy, Mavlono Badriddin, Qozizoda Rumiy, Said Sharif Jurjoniy, Mavlono Ahmad. Shogirdlari: Ali Qushchi «Farzandi arjumand» deb atagan. Asarlari: «Ziji jadidi Ko’ragoniy», «Bir daraja sinusni aniqlash haqida risola» (riyoziyotga doir), «Risolai Ulug’bek» (yulduzlarga bag’ishlangan), «Tarixi arba’ ulus» («To’rt ulus tarixi»). Ulug’bekning axloqiy tarbiyaga oid fikrlari katta ahamiyatga ega. U har bir kishining axloqiy kamol topishida uning boshqalar bilan o’zaro munosabatlari, hamkorligi va do’stligi yetakchi o’rin egallaydi, deb ta’kidlaydi. Hayotda haqiqiy do’stlikni ulug’laydi. Ulug’bek yana mehnat tarbiyasiga alohida ahamiyat beradi. Tarbiya jarayonida olim ijodidan foydalanish natijasida yoshlarda mehnatsevarlik, do’stlik, insonparvarlik kabi bir qancha axloqiy fazilatlar yuksaltiriladi. Ulug’bek ko’p qirrali iste’dod sohibi edi. U ayniqsa adabiyot, tarix, matematika, astronomiya sohalariga qiziqqan. Ulug’bek ilmga qiziqqanligi va mamlakatning ravnaqini ko’zlaganligi tufayli yangi usuldagi bilim yurti – maktab va madrasalar barpo qilishga qaror qilib, deyarli bir vaqtning o’zida, Samarqand, Buxoro, G’ijduvonda uchta madrasa barpo etadi. Samarqanddagi madrasaga mudarris va olimlar to’play boshlaydi va shu tariqa Ulug’bekning Samarqanddagi astronomik maktabi shakllanadi. Ulug’bek barpo etgan Samarqand madrasasi va ilmiy maktabi Sharq madaniyati va fani tarixida ulkan ahamiyat kasb etdi. Mamlakat ravnaqiga, shuningdek, ko’p xalqlarning madaniy rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Bu yerda ko’plab buyuk siymolar shakllandi. Mirzo Ulug’bek 1429 yilda eng buyuk ilmiy maskan bo’lmish rasadxona qurdiradi. Rasadxona bilan madrasaning birgalikdagi faoliyati Ulug’bek ilmiy maktabida astronomiya va matematika fanlarini O’rta asrlar davrida eng yuqori pog’onaga ko’tarish imkonini berdi. Ulug’bekning eng buyuk ishlaridan biri ham Samarqand shahrida o’ziga xos Akademiya tashkil etganidir. Bu ilmiy maktabda Ulug’bek rahbarligida 200 dan ortiq olim fanning turli sohalari bo’yicha izlanishlar olib borgan. Xususan, ma’naviy-axloqiy tarbiya borasida jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan mustahkam asos yaratilgan.