"Uvaysiy"

Uvaysiy (XVIII asrning 80-yillarida tug'ilib, 65 yoshida vafot etgan). To'liq ismi: Jahon Otin Uvaysiy. U Maarg'ilon shahar Childuxtaron mahallasida tug'iladi, yoshligidan she'riyatga havas qo'yadi va otasi unga adabiyotdan dars beradi. Tez orada shoira bo'lib, yetishadi, o'zbek fors-tojik shoirlarining asarlarini qunt bilan o'qib, o'rganadi. Shoira Nodirabegim bilan ijodiy aloqada bo'ldi. U onasi otinlik qilgan xususiy qizlar maktabida dastlab xalifalik qildi, so'ngra mustaqil ravishda otinlik qildi. Uvaysiy muallimlik faoliyati bilan birgalikda qalami o'tkir shoira edi. U g'azallari, chistonlari bilan Umarxon saroyida degan shoirlar bilan baxslashar edi. Uvaysiy o'zining maktabdorlik va ijodiy faoliyati bilan yoshlar ta'limida yuksak o'ringa ega. Uning ma'rifiy faoliyatida ayollarning savodxonligini oshirish, aqliy tarbiya, musiqa san'ati, qobiliyatli qizlar bilan ish usullari alohida o'ringa ega. U o'z davrining yosh tolibalariga hayotga muhabbat tuyg'ularini singdirib borgan, tez fikrlash, chiroyli so'zlash va boshqa tarbiya vositalari bilan bog'liq bo'lgan chiston-topishmoq usullarini yaratishni o'rgatgan. Shuning uchun Uvaysiy ijodiy merosini o'rganish va uni hozirgi davr maktablar ta'lim-tarbiya tizimi mazmuniga kiritish katta ahamiyatga ega.