"Ahmad Yugnakiy"
Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asrlar). Adib onadan ko’zi ojiz holda dunyoga kelgan.Asarlari: «Hibatul haqoyiq» («Haqiqatlar sovg’asi») asari ta’limiy-axloqiy yo’nalishda yozilgan bo’lib, bilimlilik, adolat, saxovat, muruvvat kabi xislatlar ulug’lanadi, yetuk insonni tarbiyalash g’oyasi ilgari suriladi. Ahmad Yugnakiy o’zining insonni kamolga yetkazish haqidagi qarashlari bilan pedagogik fikr taraqqiyotida o’z o’rniga ega. U inson kamoloti uchun muhim bo’lgan aqliy va axloqiy qoida va talablarni o’zida mujassamlashtirgan «Hibatul-haqoyiq» asarida komil insonni shakllantirishning o’ziga xos tizimini yaratdi. Bunda u insonni kamolga yetkazishning eng muhim va asosiy mezonlaridan biri – insonning bilimga ega bo’lishi, ya’ni unga aqliy tarbiya berish, deb bildi. So’ng ma’naviy-axloqiy kamolga yetkazuvchi so’z odobi, insondagi halollik, rostgo’ylik, saxiylik, kamtarlik, samimiylik, qanoat, chinakam do’st bo’lishni eng muhim insoniy xislatlar sifatida ta’riflaydi va bularga qarama-qarshi bo’lgan jaholat, baxillik, ochko’zlik, yolg’onchilik, takabburlik, zolimlik, shoshqaloqlik kabi illatlarni qoralab, ularning yomon oqibatlarini ko’rsatadi. «Hibatul-haqoyiq» asari xalqni, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy kamolotga yo’llaydi, ijtimoiy hayotdagi kishilar o’rtasidagi ziddiyatlarni ahillik, saxovat, yaxshilik bilan hal etib, ochko’zlik, baxillik, jaholatni ilm-ma’rifat bilan bartaraf etishni da’vat etadi. «Hibatul-haqoyiq» asaridagi ma’rifiy-tarbiyaviy masalalar yuksak badiiy mahorat bilan ifodalanganligi uchun ham necha asrlardan buyon o’z ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda. |