"Yusuf Xos Hojib"

Yusuf Xos Hojib. U Bolasog’un shahrida (Yettisuv o’lkasida) tug’ilgan. Shoirning hayoti haqida yetarlicha ma’lumot yo’q. Asarlari: «Qutadg’u bilig» («Saodatga yo’llovchi bilim») (1069-1070 yillarda yozilgan). Ushbu asar ta’lim va tarbiya, ma’naviy kamolot, axloq va odobga doir asardir. Shoir inson kamolotga erishishi uchun aqliy, axloqiy va jismoniy jihatdan sog’lom bo’lishi zarurligini ta’kidlaydi. Asarda ijtimoiy-axloqiy munosabatlar to’g’risida fikr yuritiladi. Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarida inson kamoloti masalasi markaziy masala bo’lib hisoblanadi. Mazkur asarda insonning jamiyat va hayotda tutgan o’rni, burch va vazifalari haqidagi muammolar o’ziga xos bir tarzda bayon etiladi. Mutafakkir kitobning an’anaviy boshlanmasidan keyinroq insonning haqiqiy baxti bilimda ekanini bayon etadi. Yana ilm-zakovatning ahamiyati haqida qator boblarda ham fikr yuritish bilan birga unga alohida boblar ham bag’ishlangan. Lekin olim faqat ilm-ma’rifatning ahamiyatini ko’rsatibgina qolmaydi, u bilim va zakovatning amaliyotdagi o’rnini ham yoritadi. Yusuf Xos Hojib bilimni buyuk, o’quvni ulug’ deb ta’riflaydi. Chunki zakovatli inson ulug’ bo’ladi, bilimli kishi buyuk bo’ladi, deb ilmli kishilarni asl toifadagi kishilarga qo’shadi. Olim ezgu ishlarning barchasi ilm tufayli amalga oshirilishi mumkinligini aytadi. O’sha davrdayoq olim «Bilim hatto osmon sari yo’l ochur», deb bashorat qiladi. Yusuf Xos Hojib insonni kamolga yetkazishning yana bir va eng muhim tomoni uni axloqiy kamol toptirish, deb qaraydi. Mutafakkir o’zining axloqiy qarashlarini, ya’ni ijtimoiy munosabatlar, jamiyatning barcha tabaqalari o’rtasidagi axloqiy munosabatlarni amaliyotga tayangan holda yoritadi. Olim insonning haqiqiy kamolga yetishida aqliy va axloqiy tomondangina emas, balki jismoniy tomondan ham sog’lom bo’lishi kerakligiga katta e’tibor beradi. Yusuf Xos Hojib insonning kamolga yetishining yo’l-yo’riqlari, usullari, chora-tadbirlarini yuksak badiiy mahorat bilan yoritib beradi. Shuning uchun ham bu asar o’zining ilmiy, ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatini shu paytgacha saqlab kelmoqda. Ta’lim jarayonida ushbu asarlardan foydalanish natijasida talabalar o’rtasida o’zaro axloqiy munosabatlar tarkib toptirishga imkon yaratiladi.