2-mavzu: Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati

I. REJA:

1. Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati.

2. Ma’naviy qadriyatlar — ta’lim-tarbiyaning omili.

3. Shaxs ma’naviy yuksalishida qadriyatlarning ahamiyati.

II. Mavzularni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar.

III. Mavzularni oʻrganishda foydalanish mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati.

 

 Tayanch ibora va atamalar: axloq, shaxs ma’naviyati, ma’naviy sifatlar, ma’naviy-axloqiy tarbiya, ma’naviy-axloqiy madaniyat, ma’naviy-axloqiy kamolot, ma’naviy-axloqiy ong, ma’naviy-axloqiy madaniyatni shakllantirish, oʻquvchilarning ma’naviy tarbiyasi, ma’naviy tarbiyada e’tiqodning oʻrni, moddiy boyliklar, fan, adabiyot, san’at, maorif, din, axloq, odob, xulq, fazilat, xislat, sifat, xatti-harakat, ijobiy xislatlar, salbiy xislatlar, iymon, e’tiqod, insoniylik, poklik, halollik, rostgoʻylik, toʻgʻrilik.

 

1. Milliy tarbiyaning mazmuni va mohiyati

“Milliy tarbiya” tushunchasi koʻp qirrali boʻlib, uning milliy qadriyatlar asosida olib boriluvchi maqsadga yoʻnaltirilgan tarbiyaviy faoliyati, umuminsoniy tarbiyaning har bir xalqqa xos va mos betakror shakli, xalq va uning madaniyatini saqlab qolish, tiklash va rivojlantirishdan iborat.

Ma’naviy qadriyatlar va milliy oʻzlikni anglashning tiklanishi, biror-bir jamiyat imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay  turib, oʻz istiqbolini tasavvur eta olmaydi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan koʻp asrlar mobaynida yaratilib kelingan gʻoyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan nihoyatda muhim vazifa boʻlib qoldi. Biz ma’naviy qadriyatlarning tiklanishini, milliy oʻzlikni anglashni xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlari bilan uzviy bogʻliq, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz. Jamiyatimizning, xalqimizning ming yillik ma’naviy-axloqiy yuksalish tajribasini oʻzida jamlagan Islom madaniyatini tiklash oʻz taqdirini oʻzi belgilash, tarixiy xotiraga, madaniy-tarixiy birlikka yega boʻlish yoʻlidagi gʻoyat muhim qadam boʻldi. Ma’naviy qadriyatlarning yana bir qudratli manbayi an’anaviy oila va qarindoshlik munosabatlari odobidan iboratdir. Kattalarni hurmat qilish, oʻzaro yordamlashish, kelajak avlod haqida gʻamxoʻrlik qilish hamisha uning asosiy qoidalari boʻlib kelgan.

Axloqiy tarbiya — shaxs dunyoqarashini shakllantirishning muhim omili. Shaxs dunyoqarashining shakllanishida ma’naviyaxloqiy tarbiya muhim oʻringa ega boʻlib, uni samarali tashkil etish oʻquvchida ma’naviy-axloqiy ongni shakllantirishga yordam beradi. Axloqiy tarbiya muayyan jamiyat tomonidan tan olingan va rioya qilinishi zarur boʻlgan xulq-atvor qoidalari, mezonlarini oʻquvchilar ongiga singdirish, ularda axloqiy ong, axloqiy faoliyat koʻnikmalari hamda axloqiy madaniyatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan pedagogik jarayon boʻlib, ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismlaridan biri sanaladi. Axloqiy tarbiyaning asosi axloq va axloqiy me’yorlardir.

Axloq (lotincha „moralis“ — xulq-atvor ma’nosini bildiradi) ijtimoiy munosabatlar hamda shaxs xatti-harakatini tartibga soluvchi, muayyan jamiyat tomonidan tan olingan va rioya qilinishi zarur boʻlgan xulq-atvor qoidalari, mezonlari yigʻindisi. Axloqiy me’yorlar toʻgʻrisidagi bilimlar oʻquvchilar ongiga ta’lim va tarbiya jarayonida singdirilib boriladi. Axloqiy tarbiyaning natijasi oʻquvchilarda axloqiy ong, axloqiy faoliyat koʻnikmalari va axloqiy madaniyatning shakllanishida koʻrinadi.

„Axloq“, „xulq“ va „atvor“ soʻzlari arabcha soʻz boʻlib, ular oʻzbek tilida ham oʻz ma’nosida qoʻllaniladi. Ayrim odamlar „Axloq — kishilarning har bir jamiyatga xos xulq me’yorlari majmuyi“ deyishsa, boshqalar yesa „Axloq — ijtimoiy ong shakllaridan biri boʻlib, hamma sohalarda kishilarning xatti-harakatlarini tartibga solish funksiyasini bajaradi“, deyishadi. Axloq me’yorlari xulq-atvorning regulyatori sifatida odat me’yorlariga zid xatti-harakat axloqsizlik harakati deb qaraladi. Shunisi ham borki, huquq majburiy boʻlsa, axloq ixtiyoriydir. Axloqiy tarbiya odamlarni nomusli vijdonli, adolatli, vatanparvar, mehnatsevar boʻlishga oʻrgatadi. Axloqiy tarbiyada yaxshi xulqni takomillashtirish uchun kurashiladi. Xalq ta’limi tizimida oʻqitish tarbiyalanuvchilarning axloqiy mukammallashishi bilan bogʻliq boʻladi. Ularda ong bilan xulq birligi tarbiyalanadi. Shaxsning jamoat va vatanga, mehnatga, kishilarga, oʻz xulqiga munosabatlari quyidagilarda oʻz aksini topgan:

a) jamiyatga, vatanga muhabbat va sadoqatni tarbiyalash;

b) mehnatga axloqiy munosabatni tarbiyalash;

d) atrofdagi kishilarga axloqiy munosabat, yuqori muomala madaniyatiga ega boʻlgan shaxsni shakllantirish;

e) shaxsning oʻziga, oʻz xulqiga axloqiy munosabatni tarbiyalash.

Dars va darsdan tashqari tarbiyaviy ishlar jarayonini Alpomish, Toʻmaris, Shiroq kabi xalq qahramonlari, Amir Temur, Ulugʻbek, Bobur singari davlat arboblari va sarkardalarimiz, Ibn Sino, Beruniy kabi olim-u fuzalolarimiz qarashlariga tez-tez murojaat qilishimiz, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishining asosini tashkil qiladi. Shu bilan birgalikda tarbiya borasidagi jahon standartlariga ham ye’tiborni qaratmoq lozim. Yosh avlodni jamiyatga, mehnatga, oʻziga munosabatni ochib beruvchi ma’naviy fazilatlarga muvoffiq ravishda tarbiyalash — tarbiyalanuvchi shaxs axloqiy tarbiyaning pedagogik va psixologik asoslarini chuqur bilishini talab qiladigan murakkab jarayondir. Axloqiy his-tuygʻular oʻquvchilarga atrofdagi kishilarning xatti-harakatidagi qaysi jihatlar yaxshi-yu, qaysilari yomon yekanligini anglab olishga yordam beradi. Axloqiy tushunchalarning turli yosh davrlarida shakllanish darajasi turlichadir. Jumladan, axloqiy onglilik, axloqiy qadriyatlar, axloqiy his-tuygʻular.

 

2. Ma’naviy qadriyatlar — ta’lim-tarbiyaning omili

Mamlakatimiz istiqlolining dastlabki kunlaridanoq, buyuk ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizni, xalqimizning yaratgan boy madaniy merosini avaylab-asrash va keyingi avlodga yetkazish oldimizda turgan  muhim masalalardan biridir. Ma’lumki, har qanday jamiyatning kelajagi yosh avlodni qanday ta’lim olishiga va qay tarzda tarbiyalanishiga bogʻliq.

Qadriyatlar — inson uchun ahamiyatli boʻlgan millat manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan yerkinlik, ijtimoiy adolat, tenglik, haqiqat, ma’rifat, goʻzallik, yaxshilik, halollik, burchga sodiqlik singari fazilatlarni oʻzida mujassamlashtiradi. Qadriyatlar oʻzining mazmun-mohiyatiga koʻra bir necha turlarga boʻlinadi, ya’ni:

— tabiiy qadriyatlar (yashash uchun zarur bulgan tabiiy shart-sharoitlar);

— iqtisodiy qadriyatlar (ishlab chiqarish kuchlari va vositalari);

— ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar (yerkinlik, tenglik, adolat, tinchlik, hamkorlik);

— ilmiy qadriyatlar (bilimlar, tajribalar, yutuqlar);

—falsafiy qadriyatlar (gʻoyalar, mafkuralar, konsepsiyalar);

— badiiy qadriyatlar (san’at, adabiyot, madaniyat);

— diniy qadriyatlar (iymon, ye’tiqod, vijdon, savob).

Shu bilan birga, fanda qadriyatlarning milliy va umuminsoniy turlarga ajratilishi an’ana tusiga kirgan. Milliy qadriyatlar ma’lum bir millat, xalq va yelatlarning oʻz tarixiy taraqqiyotida yaratadigan barcha moddiy va madaniy (ma’naviy) boyliklari yigʻindisidan iboratdir.

Qadriyatlar turli-tuman boʻlib, bular ichida „eng oliy qadriyat — inson“ hisoblanib, qolgan barcha qadriyatlar unga xizmat qiladi. Inson qadriyatining ma’naviy, tarixiy hamda ta’limiy jihatlari oʻziga xos yangicha fikrlash va yondoshishlarga asoslanadi. Jamiyatda milliy qadriyatlarni oʻz qalbida mustahkam saqlash, atrof-muhit, tabiat va hayotni goʻzal, farovon qilish, demokratiya asoslari hamda jamiyatda amal qilayotgan progressiv gʻoyalar buyuk qadriyat hisoblanadi. Inson qadriyati uning dastavval oʻz-oʻziga va shu jamiyatga boʻlgan hurmati hamda munosabati, xulq-atvori bilan chambarchas bogʻliq boʻladi. Bu insonga oʻz xulq-atvorini tartibga solishi, oʻziga nisbatan talabchanlik va nazoratni kuchaytirishga imkon beradi. Insonning shaxsiy qadrqimmati milliy qadriyatlardan kelib chiqadigan ijtimoiy xususiyatlardan boʻlib, uni yuksaklikka olib boruvchi oliyjanob bir kuchdir. Shu jihatdan qadriyatlar insonning ijtimoiy erkinligini va ma’naviy pokligini ta’minlovchi bir buyuk manbadir. Bir soʻz bilan aytganda, mutafakkir olimlar yuksak ma’naviy qadriyatlarni umuminsoniy qadriyatlar doirasida talqin yetdilar va targʻib qildilar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ma’naviy omillarni yuksak baholadilar. Shu ma’noda oʻsib kelayotgan yosh avlodda yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarkib toptirish zaruriyati yuzaga keldi. Axloq kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyoti davomida vujudga kelib, tarkib topgan, takomillashib kelgan me’yor va qoidalardan iborat boʻlib, ular kishilarning jamiyatga boʻlgan munosabatlarini tartibga soladi. Bu me’yor va tartibqoidalar kishilardan jamiyat uchun zarur boʻlgan axloqqa ega boʻlishlikni talab qiladi. Axloq insonning dunyoqarashi, xulqini belgilovchi insoniy fazilatdir. Shu bois dunyoqarash oʻzgarmaguncha inson ham oʻzgarmaydi.

Oʻzbek milliy pedagogi Abdulla Avloniy axloqqa quyidagicha ta’rif beradi: „Axloq insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va isbotlar ila bayon qiladigan kitob axloq deyilur“.

Axloq — inson hayotida oʻz-oʻzini idora qilish me’yorlarini, boshqalar bilan munosabatda boʻlish madaniyatini, halol ishlab, toʻgʻri hayot kechirish mezonlarini oʻrgatadi. Axloq — tarixiy hodisa. Axloqiy qonun-qoidalar barcha zamonlar uchun bir xil, oʻzgarmas boʻlishi mumkin yemas. Muayyan jamiyat uchun ayrim axloqiy qoidalar toʻgʻri boʻlsa, boshqa davrga kelib notoʻgʻri boʻlib qolishi mumkin. Oʻzbekona, milliy axloqda ota-bobolarimizning tarixiy tajribalari, davrlar sinovidan oʻtgan saboqlari va bizga doimo madad boʻlib turgan ruhiy quvvatlari jamuljamdir. Mustaqil mamlakatimizning kelajagi uchun ma’naviyati yuksak, barkamol insonlar zarur. Barkamol insonni axloqiy tarbiyalash, voyaga yetkazish haqida mutafakkirlarimiz bir qator asarlar yaratishgan. Chunonchi, Kaykovusning „Qobusnoma“, Sa’diyning „Guliston“, „Boʻston“, Amir Temurning „Temur tuzuklari“, Abdurahmon Jomiyning „Bahoriston“, Alisher Navoiyning „Mahbub ul-qulub“, Husayn Voiz Koshifiyning „Axloqi muhsiniy“ va boshqalarni koʻrsatishimiz mumkin. Oʻzbekiston mustaqillikka yerishgandan soʻng ta’limtarbiya sohasida jiddiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Ta’lim-tarbiyada milliy qadriyatlarni shakllantirish va rivojlantirish asosiy oʻrinni egalladi. Tariximiz, madaniyatimiz, milliy urf-odatlarga e’tibor kuchaydi. Bugungi kun yoshlari mustaqilligimizni mustahkamlashda oʻz e’tiqodi, gʻayrat-shijoati, madaniyati, bilimi va ularni tatbiq etish mahorati bilan ajralib turadilar. Ular jamiyatda, jamoada xalqlar va millatlar oʻrtasida doʻstlik, sogʻlom turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan muhitni vujudga keltirishga intiladilar.

Komil insonni shakllantirishda maktabda, oilada sogʻlom ma’naviy muhit barqaror boʻlishiga erishish muhim ahamiyatga ega. Chunki sogʻlom muhit natijasidagina axloqiy fazilatlar tarkib topadi. Kishi oʻz hayotida axloqiy kamolotga qanchalik koʻp intilsa, shunchalik oʻz xato-kamchiliklarini anglab boradi. Turon zaminimiz xalqlari axloqiy tarbiya sohasida boy an’analarga ega.

Axloq-odob insonning jamiyatga boʻlgan munosabatining negizini tashkil etadi. Shuning uchun ham oʻquvchida jamiyatga boʻlgan hurmatni yuksaltirish mustaqilligimizni mustahkamlashga, axloqiy madaniyat yegasi boʻlishga, oʻzini-oʻzi anglab etishga, yaxshi insonlarga boʻlgan e’tiqodni rivojlantirishga olib keladi. Maktab oʻquvchilari dars va darsdan tashqari jarayonlarda doʻstlik, hamjihatlik, hamkorlik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, birovning dardiga darmon boʻlish kabi fazilatlar xalqimiz va millatimiz kuch-qudratining asosi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotning negizi yekanligini oʻz oʻquvchilariga tushuntirishlari darkor. Ma’naviy-axloqiy tarbiya —ma’naviy ongni bir maqsadni koʻzlab tarkib toptirish, axloqiy tuygʻularni rivojlantirish hamda xulq-atvor koʻnikmalari va odatlarini hosil qilishdan iborat. Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning maqsadi: jamiyat talablariga bogʻliq boʻlib, bu talablar, oʻz navbatida, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi va jamiyatda yoshlarni oʻqitish va tarbiyalash ishlarining hammasi yosh avlodda ma’naviy axloq va e’tiqodni shakllantirishga, ularni Vatanga cheksiz sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi lozim. Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash tuzimini takomillashtirishda boshlangʻich maktab muhim oʻrin egallaydi. Insonning jamiyatga boʻlgan munosabatini shakllantirish, salbiy illatlarga qarshi nafrat uygʻotish, ongli intizomni tarbiyalash, komil insonni voyaga yetkazish kabilar axloqiy tarbiyaning vazifalaridir. Axloqiy tarbiya vazifalaridan yana biri insonning jamiyatga boʻlgan munosabatini yuqori pogʻonaga koʻtarishdir. Iymon va insof, soʻz va ish birligi, insonparvarlik yangi qurilayotgan jamiyatning asosiy xususiyatlari boʻlib qoladi. Shunday ekan, jamiyat va xalq manfaati, uning baxt-saodati uchun kurashish mas’uliyatini har bir fuqaro teran his etishi va unga amal qilishi lozim.

Yoshlarni tarbiyalashda sharqona va milliy axloq-odob normalari asosida ish yuritish bilan birga jamiyatga hurmat, mustaqillikni mustahkamlash, insonlarga insoniy munosabatda boʻlish kabi fazilatlarni singdirish taqozo etiladi. Oʻquvchining jamiyatga boʻlgan munosabatida milliy birlik, birdamlik va hamkorlik tuygʻulari, turli xalqlarga boʻlgan hurmat kabilar yaqqol namoyon boʻlishi zarur. Oʻzbekiston mustaqilligi, yurtimiz ravnaqi yoshlarni oʻqish, izlanish va mehnatdan qochmaydigan, har qanday qiyinchiliklardan hayiqmaydigan, salbiy illatlarga nafrat bilan qarash ruhida tarbiyalashni talab qiladi. Shunga koʻra bugungi jamiyatimizda yashayotgan har bir yosh kelgusida shu oʻlkaning haqiqiy egasi boʻlib yetishishi, uning gullab-yashnashi haqida qaygʻurishi, erishgan yutuqlarini mustahkamlashi lozim.

Diyorimizda mustakqillik tantanasi tufayli ta’lim-tarbiya tizimida tub oʻzgarishlar vujudga keldi. Milliy qadriyatlarni tiklash, milliy ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa, sharqona odob-axloq an’analariga ye’tiborni kuchaytirish shular jumlasidandir. Oʻlkamizda buyuk rejalar, bunyodkorlik ishlari aql-idrok, sabr-qanoat bilan, tarixiy an’analarimiz, tajribalarimizni hisobga olgan holda qadam-baqadam amalga oshirilmoqda.

An’ana — bu oʻziga xos ijtimoiy hodisa boʻlib, kishilarning ongida, hayotida oʻz oʻrnini topgan, avloddan-avlodga oʻtadigan, takrorlanadigan, hayotning barcha sohalarida (umum yoki ma’lum guruh tomonidan) qabul qilingan tartib va qoidalardir.

Odat („urf-odat“) — kishilarning turmushiga singib ketgan, ma’lum muddatda takrorlanib turuvchi xatti-harakat, koʻpchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari. Masalan:

— kichiklarning kattalarga salom berishi;

— yerta turib uy-hovlini tartibga keltirib qoʻyish;

— mehmonlarga alohida hurmatda boʻlish;

—bayram arafasida kasal, ojiz, qiynalganlardan habar olish;

— yordam lozim boʻlganlarnikiga hasharga borish kabilar oʻzbek xalqining yaxshi odatlari hisoblangan.

Agar an’ana ijtimoiy hayot, mehnat, madaniyatning hamma sohalariga xos boʻlib, hodisalarning juda keng doirasini qamrasa, odat ijtimoiy hayotning ma’lum sohalarida, ya’ni:

— kishilar turmushi;

— mehnati;

— xulq-atvori;

— muloqoti;

— oilaviy munosabatlarda koʻproq mavjud boʻladi.

Marosim — an’ana va urf-odatning tarkibiy qismi boʻlib, inson hayotidagi muhim voqyealarni nishonlashga qaratilgan rasmiy va ruhiy koʻtarinkilik, tantanavor vaziyatda oʻtadigan oʻzining umumiy qabul qilingan ramziy harakatlariga ega boʻlgan hayotiy tadbir. Masalan:

— ism qoʻyish marosimi;

— nikohdan oʻtish marosimi;

— xotirlash marosimi;

— urugʻ qadash marosimi;

— oʻrimga kirish marosimi va boshqalar.

Odat kundalik hayotning turli vaqtida uchrashi mumkin boʻlsa, marosim yesa inson hayotidagi muhim hodisalar sodir boʻlganda vujudga keladi.

 

3. Shaxs ma’naviy yuksalishida qadriyatlarning ahamiyati

Boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi oʻz oʻquvchilarining har tomonlama rivojlanishiga zamin yaratishi, ya’ni ularni oʻqishga, ta’lim olishga qiziqtirishi va ishtiyoq uygʻotishi bilan birga ularning idrok yetish, fikrlash qobiliyatlarini, dunyoqarashini kengaytirish kabi sifatlarini oʻstirishga oʻz kasbiy faoliyatini toʻliq safarbar yetmogʻi lozim. Bunda ular oʻz oʻquvchilarining ruhiy holati va imkoniyatlari, layoqati, yetukligi (yoshi nuqtayi nazaridan), ma’naviy yehtiyoji, yashash muhiti (oiladagi turmush tarzi va ular yashaydigan jamoa — mahalladagi muhit umumsogʻligi) kabi omillarni ye’tiborga ola bilish qobiliyatiga yega boʻlmogʻi lozim.

Boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi oʻz kasbiy sohalarida quyidagi xislatlarga yega boʻlishi lozim boʻladi: oʻz oʻquvchilarini sevish va ular bilan ishlashga qiziqish; pedagogik faoliyatni sevish va bu faoliyatni oʻzining hayotiy yehtiyojiga aylantirish; ruhiy va pedagogik jihatdan ham ziyrak, kuzatuvchan, sinchkov boʻlish; pedagogik taktik va tasavvurga hamda tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlish; adolatlilik, dilkashlik, talabchanlik va qat’iyatlilikni uygʻun holda olib bora olishlik; maqsadga intilishda toʻgʻri yoʻlni tanlay olishlik; vazminlik, dilkashlik, oʻzini idora qilishlik, shuningdek, kasbiy faoliyatga layoqatning yuksakligi va shu kabilar.

Shuning bilan birga boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi yoshlardagi burchga mas’uliyat (javobgarlik hissi)ni tarbiyalash sir-asrorlarini mukammal yegallamogʻi lozim. Ushbu sohada olib borgan izlanishlarimiz natijalarining koʻrsatishicha, boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchisining ma’naviy qiyofasi shakllanishida, asosan, quyidagilarga e’tibor berish kerak ekan:

— oila, mahalla va maktabni muqaddas deb bilish;

— bola xatti-harakatini tahlil qila bilish va rejalashtirilgan ta’lim-tarbiya, bola ongi va tasavvuriga mos qilib, halol va harom, toʻgʻrilik va yegrilik, yaxshi va yomon, mardlik va nomardlik, ma’naviyatlilik va vaxshiylik kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatini singdira olish qobiliyatiga yega boʻlish;

— bolaning yerkin, mustaqil va toʻgʻri, keng koʻlamli fikrlashini shakllantirishning shakl, usul va vositalarining optimal variantlarini tanlay olish;

— oʻtmish boy milliy-ma’naviy merosimizga hurmat uygʻota bilish uslubiyatini yarata bilish;

— milliy gʻururni uygʻotish, davlat ramzlariga hurmat va unga mos gʻururni shakllantirish, fidoyilikni shakllantirishning sir-asrorlarini oʻrgata bilish;

— oʻz oʻquvchilarini goʻzal, ziyrak, aqlli, ongli, milliy gʻururli, sezgir, sinchkov, farosatli, madaniyatli, ma’naviyatli va shu kabi xislatlarni shakllantirishga innovasion yondashuvlar qila olishga erishish;

— oʻz oʻquvchilarini vatanparvar, baynalminalchi, fuqarolik burchini chuqur his qiluvchi va shuningdek, milliy istiqlol gʻoyalariga sodiq ma’naviyatli kishilar darajasida tarbiyalashga yangicha munosabatlarni shakllantirish va shu kabilar.

Umuminsoniy qadriyatlar oʻzining mazmuni, mohiyati, keng miqyosda amal qilinishi, dunyodagi koʻplab xalqlar (elatlar, millatlar)ning oʻtmishdagi, hozirdagi hamda istiqboldagi (kecha > bugun > ertaga tizimi boʻyicha) taraqqiyoti bilan uzviy aloqadorlikda ekanligi, oʻzida jahon sivilizasiyasining yaxlit va bir butunligini ifodalaganligi bilan mintaqaviy va milliy qadriyatlardan tubdan farq qiladi.

Umuminsoniy qadriyatlar alohida xalqlarning va millatlarninggina emas, balki bashariyat (insoniyat)ning mulkidir. Demak, umuminsoniy qadriyatlar eng oliy qadriyat boʻlmish odamning oʻzidan boshlab, uning turmush tarzi, hayot mazmuni, oilasi, jamoasidagi oʻrni bilan bogʻliq boʻlgan butun insoniyat va jamiyatga tegishli boʻlgan jihatlar ekan. Umuminsoniy qadriyat jamiki insoniyatga xos boʻlgan, ularning insoniy fazilatlari, xislatlarini ifodalaydigan an’analar, urf-odatlar, rasm-rusumlar, fikrlar, gʻoyalar, qarashlar, ta’limotlar va shu asosda yuritiladigan faoliyat boʻlib, undan ta’lim-tarbiya sohasida samarali foydalanish koʻplab istiqbolli muammolarni hal qilishga imkoniyat yaratadi. Shuning bilan birga umuminsoniy qadriyatlardan samarali foydalanish boʻlgʻusi boshlangʻich sinf oʻqituvchisining dunyoqarashini kengaytirishga va hattoki jahon sivilizasiyasi taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir qiladi.

   

 Esda saqlab qolish uchun zarur boʻlgan tushunchalar:

Metod (yunoncha – aynan nrmagadir yoʻl) – maqsadga erishish yoʻlini bildiradi. Yunoncha soʻz boʻlib, yoʻl, axloq ma’nolarini bildiradi.

Ma’naviy axloqiy tarbiya metodlari – ma’naviy-axloqiy tarbiya jarayonini amalga oshirishda qoʻllaniladigan usul va vositalar majmui.

Intizom – ijtimoiy-axloqiy va huquqiy me’yorlariga nisbatan ongli yondashuv, ularga toʻla amal qilish demakdir.

Ongli intizom – shaxs faoliyatining ijtimoiy-axloqiy hamda huquqiy me’yorlar talablari asosida aqliy quvvatga tayangan holda tashkil etish koʻrsatkichidir.

Axloq normasi – kishilarning xulq, fe’l-atvorlarini tartibga soluvchi axloqiy talablar mezoni demakdir.

Odob - har bir insonning oʻzi bir inson yoki jamoa bilan boʻlgan muloqotida hamda yurish turishida oʻzini tuga bilishidir.

Xulq - odobning ichki tuyiq koʻnikmaga aylangan koʻrinishi.

Axloq - jamiyatda qabul qilingan, jamoatchilik fikri bilan ma’qullangan xulq-odob normalari majmui.

Madaniyat - jamiyatning va unda yashovchi fuqarolarning faoliyati jarayonida foydalangan barcha ijobiy yutuqlar majmuasi.

Ma’naviyat - inson ongini aks ettiruqchi barcha ijobiy, ruhiy, intellektual fazilatlar majmuasi.

Fazilat - alohida shaxs, el, elat, xalq, ulusga taalluqli boʻlgan ijobiy-axloqiy sifatlar majmui.

Axloqiy tarbiya - Oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilgan nazariy ma’naviy-axloqiy bilimlar negizida ijtimoiy faoliyatni tashkil etish borasida koʻnikma va malakalarni hosil qilish, axloqiy sifatlarni qaror toptirishga yoʻnaltirilgan murakkab dinamik jarayon.

English:

Method – exactly what the Greek way is for the way to achieve the goal. The Greek word means “morals”.

Moral ethical methods – a set of methods and tools used in the process of spiritual enlightenment.

Discipline – a conscious approach to social ethics and legal norms, and a full commitment to them.

Intelligent discipline – the indicator of the organization of personal activity on the basis of intellectual power on the basis of students’ social ethics and legal norms.

Morality – is a criterion for the moral requirements that regulate behavioral attitudes of individuals.

Behavior – the inner look of the inner self.

Tact – a set of norms of behavior that is approved by public opinion adopted by society.

Culture – a whole complex of positive achievements in the life of society and citizens living there.

Spirituality – a complex of all positive, spiritual, intellectual, qualities that reflect the human mind.

Attribute – a set of positive ethical attributes that relate to individuals, nations.

Moral education – a complex  dynamic process aimed at establishing ethical qualities that builds on skills and competencies in organizing social activities on the basis of theoretical moral ethics learned by learners.

 

 Mavzularni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar:

1. Ma’naviy-axloqiy metodlarni aytib bering va ularning vazifasini tushuntiring.

2. Ma’naviy-axloqiy mavzudagi suhbatlarning mazmun-mohiyati nimadan iborat?

3. Ma’naviy-axloqiy tarbiyada namuna koʻrsatish metodining mazmunini nima tashkil etadi?

4. Bahs-munozara uyushtirish deganda nimani tushunasiz?

5. Ma’naviy-axloqiy xulqning mazmuni nimadan iborat?

6. Ma’naviy-axloqiy xulqni hosil qilishda koʻmaklashuvchi metodlarni tushuntirib bering.

9. Axloqiy tarbiya berish yoʻllari deganda nimani tushunasiz?

10. Axloqiy tarbiyaning vazifalarini tushuntirib bering.

11. Odob soʻzi nimani anglatadi?

12. Umuminsoniy axloq tushunchasi nimani anglatadi?

13. Maktabning axloqiy tarbiya sohasidagi asosiy vazifalari nimalardan iborat?

14. Milliy axloq tushunchasi nimani anglatadi?

15. Xulq nima?

 

 Mavzularni oʻrganishda foydalanish mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati:

1.           Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. – Toshkent: “Oʻzbekiston” NMIU, 2017. – 592 b.

2.           Karimov I.A. Yuksak manaviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. – 174 b.

3.           Joʻrayev R.X. Jaholatga qarshi ma’rifat J. Xalq ta’limi.– T.: 2004.- ¹3. – B. 9-13.

4.           Ibragimova G., Toʻraqulov X.A., Hoshimxonov M., Usmonov N., Gʻoziyev S. Nur sharqdandur.-T.:Yangi asr avlodi, 2003.–252 b.

5.           Ibragimova G.,Toʻraqulov X.A., Alibekova R. "Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar" fani boʻyicha yordamchi uslubiy qoʻllanma. - T.: Choʻlpon, 2003. - 128 b.

6.           Ibrohimov A., Sultonov X., Joʻrayev N. Vatan tuygʻusi. –T.: Oʻzbekiston, 1996. – 17-18 betlar.

7.           Ma’nvaiyat yulduzlari: (Markaziy Osiyolik mashhur siymolar, allomalar, adiblar) Toʻplovchi va mas’ul muharrir: M. M. Xayrullayev. - Toʻldirilgan qayta nashr. - T. "A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashri", 2001. - 408 b.

8.    Hasanboyev J. va boshq. Pedagogika: Oliy oʻquv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: Fan, 2009. - 480 b.