3-mavzu: Tarbiya usullari va shakllari
I. REJA:
1. Tarbiya
metodlari haqida tushuncha.
2. Tarbiya metodlarining maqsadi va mazmuni.
3. Tarbiya metodlarining
tasnifi.
4. Tarbiyada ibrat-numana
koʻrsatishning tutgan oʻrni.
5. Tarbiyada
ragʻbatlantirish va jazolash metodlari.
II. Mavzularni mustahkamlash uchun savol va
topshiriqlar.
III. Mavzularni oʻrganishda
foydalanish mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati.
Tayanch ibora va atamalar: tarbiya, tarbiya metodlari,
tarbiya metodlarining turlari, ijtimoiy ongni shakllantirishga xizmat qiluvchi
metodlar, odatlantirish va faoliyatda mashqlantirish metodlari, tarbiyada ragʻbatlantirish
va jazolash metodlari.
1. Tarbiya metodlari haqida tushuncha.
Maqsad, mazmun, shakl kategoriyalari tarbiya
jarayonining mohiyati (u nimaga qaratilgan, nimani to‘ldiradi, nimaga
yo‘naltirilgan, qanday shaklda tugallanadi)ni ochib beradi. Biroq, tarbiya
mohiyatini yoritishda qanday qilib tarbiyalash savoli bilan aloqador yana bir
muhim kategoriya ham mavjud. Bu tarbiya
metodi tushunchasidir.
Tarbiya metodi
(yunoncha «metodos» – yo‘l) tarbiya maqsadiga erishishning yo‘li. Maktab
amaliyotiga tatbiq etilganda, metodlar – bu tarbiyalanuvchilarning ongi,
irodasi, tuyg‘ulari va xulqiga ta’sir etish usullaridir.
Tarbiyaning mutlaqo yangi metodlarini yaratishga
bironta tarbiyachining kuchi etmaydi. Metodlarni takomillashtirish muammosi
doimo mavjud, har bir tarbiyachi o‘zining imkoniyatiga ko‘ra uni hal qiladi,
tarbiya jarayonining aniq shart-sharoitlariga mos ravishda o‘zining xususiy
qarashlarini ifoda etish asosida umumiy metodikani boyitadi. Tarbiya
metodlarini bunday xususiy takomillashtirish tarbiya usullari deb ataladi. Tarbiya usullari – umumiy metodning
bir qismi, alohida harakati, yanada aniqlashuvi. Obrazli aytganda, usullar – bu
qo‘yilgan maqsadga tezroq erishish uchun tarbiyachi o‘zining
tarbiyalanuvchilari bilan yo‘l ochadigan o‘rganilmagan so‘qmoq. Agar uni boshqa
tarbiyachilar ham foydalana boshlasa, u holda asta-sekin usullar keng ustunli
yo‘llar – metodlarga aylanishi mumkin. Tarbiya metod va usullarini bilish,
ularni to‘g‘ri qo‘llay olishni egallash – bu pedagogik mahorat darajasini
belgilovchi muhim tavsiflardan biri. Tarbiya metod va usullarining aloqadorligi
ana shunda.
Amaliyotda tarbiya vositalari tushunchasi ham
ajratiladi. Usullar deganda ta’sir ko‘rsatishlar birligi, vosita deganda,
usullar yig‘indisi tushuniladi. Vosita – bu usul ham emas, metod ham emas.
Masalan, mehnat – tarbiya vositasi, biroq uni ko‘rsatib berish, mehnatni
baholash, ishdagi xatoni ko‘rsatish – bu usullar. So‘z (keng ma’noda) – tarbiya
vositasi, biroq replika taqkoslash – usullar. Bu bilan bog‘liqlikda ba’zan
tarbiya metodlari qo‘yilgan maqsadni muvafaqqiyatli amalga oshirish uchun
foydalaniladigan usul va vositalar tizimi sifatida aniqlanadi. Xuddi
shuningdek metodning tuzilishida usullar va vosita albatta mavjud bo‘ladi.
2. Tarbiya
metodlarining maqsadi va mazmuni
Metodning ijobiy va salbiysi bo‘lmaydi, tarbiya
jarayonida ma’lum yo‘lni yuqori darajadagi samarali va samarasiz deya baholash
mumkin emas. Metodning samaradorligini u qo‘llanilayotgan sharoit nuqtai
nazaridan baholash mumkin.
Tarbiya metodlarini maqsadga muvofiq tanlash bir
qator omillarga bog‘liq.
1. Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Maqsad
nafaqat metodlarni oqlaydi, balki ularni aniqlab beradi. Maqsad qanday bo‘lsa,
unga erishish metodlari unga muvofiq bo‘lishi zarur.
2. Tarbiya mazmuni.
Unutmaslik kerakki, aynan bitta vazifa turli xil fikrlar bilan to‘ldirilgan bo‘lishi
mumkin. SHuning uchun metodlarni umuman mazmun bilan emas, balki aniq fikr
bilan bog‘lash g‘oyat muhimdir.
3. Tarbiyalanuvchilarning yosh
xususiyatlarini hisobga olish. U yoki shunga o‘xshash vazifalar tarbiyalanuvchilarning
yoshi bilan bog‘liqlikda hal qilinadi. Yosh bu oddiygina qancha yashaganligi
son ko‘rsatkichi emas. Unda egallangan ijtimoiy tajriba, psixologik va ahloqiy
sifatlarning rivojlanganlik darajasi o‘z aksini topadi. Aytaylik, mas’uliyat
tuyg‘usini boshlang‘ich ta’lim, o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar
ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarda ham shakllantirish
mumkin. Biroq har bir bosqichda mazkur sifatni shakllantirish borasida turli
metodlar qo‘llaniladi.
4. Jamoaning
shakllanganlik darajasi. O‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shaklining
rivojlanishi bilan bog‘liqlikda pedagogik ta’sir ko‘rsatish metodlari ham
o‘zgarmasdan qolmaydi. Bizga ma’lumki boshqaruvning moslashuvchanligi
tarbiyachining tarbiyalanuvchilar bilan muvafaqqiyatli hamkorligining zaruriy
sharti.
5. Tarbiyalanuvchilarning individual
o‘ziga xosliklari. Umumiy metodlar, umumiy dasturlarning
o‘zi tarbiyaviy o‘zaro ta’sir etishning asosi bo‘la olmaydi. Ularni indivudual
va shaxsiy tuzatish zarur. Insonparvar pedagog har bir shaxs o‘ziga xosligini
rivojlanishiga, o‘ziga xosligini saqlashga, o‘zining «Men»ini amalga
oshirishiga imkon beradigan metodlarni qo‘llashga harakat qiladi.
6. Tarbiyaviy shart-sharoitlar. Unga
moddiy, psixofiziologik, sanitar-gigienikdan tashqari sinfda yuzaga keladigan
munosabatlar: jamoadagi iqlim, pedagogik rahbarlik usuli va boshqalar
tegishlidir.Ma’lumki, mavhum shart-sharoitlar bo‘lmaydi, ular hamisha aniq.
Ularni birlashuvi aniq holatlarda ko‘rinadi. Tarbiya amalag oshadigan sharoit
pedagogik vaziyatlar nomini oldi.
7. Tarbiya vositalari. Tarbiya
metodlari tarbiya jarayonining tarkibiy qismlari sifatida yuzaga
chiqadigan tarbiya vositalaridan tashkil
topadi. Metodlar ular bilan mustahkam bog‘langan va birgalikda qullaniladigan
boshqa tarbiya vositalari ham mavjud. Masalan, metodlarni samarali
qo‘llanilishi uchun zaruriy yordam beruvchi ko‘rgazmali qo‘llanmalar, tasviriy
san’at asarlari va musiqa san’ati, ommaviy axborot vositalari.
8. Pedagogik malakani egallaganlik
darajasi. Tarbiyachi odatda faqat o‘zi biladigan va qo‘llashni
egallagan metodlarni tanlab oladi. Ko‘plab metodlar murakkab bo‘lganligi bois,
o‘kituvchida ko‘p kuch ishlatishni talab etadi. Bunday mas’uliyatdan bo‘yin
tovlaydigan pedagoglar ularsiz faoliyatni tashkil etishga harakat qiladi. Natijada
turli obrazli, xilma-xil maqsad, vazifa, sharoitlardan kelib chiqib metodlardan
foydalanishga qaraganda samarasi past bo‘ladi.
9. Tarbiya vaqti. Qachonki,
vaqt kam , maqsad esa katta bo‘lsa, «kuchli harakatlantiruvchi» metodlar
qo‘llaniladi, qulay sharoitlarda esa, tarbiyaning «ayaydigan» metodlaridan
foydalaniladi. Tarbiyani «kuchli harakatlantiruvchi» va «ayaydigan» metodlarga
bo‘linishi shartli: birinchisi tanbeh berish va majbur qilish bilan, ikkinchisi
nasihat qilish va doimiy o‘rgatish bilan bog‘liq.
10. Kutiladigan natija. Metodni
tanlayotganda, tarbiyachida muvafaqqiyatga erishishiga ishonch bo‘lishi kerak.
Buning uchun qo‘llanilayotgan metod qanday natijaga olib kelishini oldindan
ko‘ra bilish kerak.
3. Tarbiya
metodlarining
tasnifi
Zamonaviy pedagogikada ba’zilari amaliy vazifalarni
hal etishga, ba’zilari faqat nazariy vazifalarni o‘zida aks ettiradigan o‘nlab
tarbiya tasniflari mavjud.
Metodlar o‘ziga xos xarakteriga ko‘ra ishontirish,
mashq, rag‘batlantirish va tanbeh berishga bo‘linadi. Mazkur holatda metodning
umumiy xarakterli belgisi uo‘zida yo‘nalganlikni, o‘ziga xoslikni, qo‘llanishga
yaroqlilikni aks ettiradi. Bu tasnifga metodlarning ko‘proq umumlashganligi
bilan ajralib turuvchi tarbiyaning umumiy metodlari mustahkam tutashib ketadi.
U o‘zida ishontirsh, faoliyatni tashkil etish, o‘quvchilarning xulq-atvorini
rag‘batlantirish metodlarini qamrab oladi. I.S. Marenkoning tasnifida tarbiya
metodlari guruhlar quyidagicha nomlanadi: tushuntirshli-reproduktiv, muammoli
vaziyatli, o‘rgatish va mashq metodlari, rag‘batlantirish, to‘sqinlik qiluvchi,
boshqarish, o‘zini-o‘zi tarbiyalash.
Tarbiyalanuvchilarga ta’sir etishi natijalariga
ko‘ra metodlarni ikki guruhga bo‘lish mumkin:
1. Axloqiy me’yorlar, motivlarni hosil qilishga,
tasavvur, tushuncha, g‘oyalarni shakllantirishga ta’sir etuvchi.
2. Xulq-atvorning u yoki bu turini aniqlaydigan
odatlarni hosil qilishga ta’sir etuvchi.
Metodlar tarbiyaning maqsad va mazmuniga bogʻliq
boʻladi. Tarbiya metodlari barkamol shaxs fazilatlarini tarkib toptirishga
qaratilgan boʻladi. Shuning uchun tarbiyalanuvchilarning rivojlanganlik
darajasini hisobga olish tarbiya metodlaridan samarali foydalanishning muhim
shartlari hisoblanadi.
Oʻquvchilar u yoki bu tarbiyaviy ta’sirga
turlicha munosabatda boʻladi. Bu ularning alohida xususiyatlariga,
tarbiyalanganlik darajasiga, tarbiya metodlarining qay darajada oʻrinli va
samarali tanlanganligiga hamda mohirona qoʻllanganiga bogʻliq.
Tarbiya metodlarini toʻgʻri tanlash tarbiya vazifalarini ijobiy hal
qilishda oʻquvchilarning oʻz-oʻzini tarbiyalash faolligini
oshirishga yordam beradi. Masalan, oʻqituvchi birinchi sinf oʻquvchilari
bilan ishlash jarayonida oʻquvchilarni ular uchun yangi boʻlgan
mehnat faoliyatini oʻrgatishda oʻquvchilarning xulq-atvor
qoidalarini, ularda kun tartibi aniq boʻlishi muhimligini, ularga oʻquvchilarning
qat’iy tartibga amal qilishi zarurligini tushuntirish metodidan foydalanadi.
Tushuntirish bilan bir qatorda sinfga toʻgʻri kirib kelishga, ularni
oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan salomlashishga, tartib-intizomni
saqlashga mashq qildirib boradi. Shuning bilan birgalikda birinchi sinf oʻquvchilarini
yuqoridagi jarayonlarga dars vaqtida odatlantirib boradi. Bu jarayonda ularning
amalga oshirgan ijobiy ishlari, oʻquv ishi natijalari ragʻbatlantirib
borishni taqozo etadi. Koʻrinib turibdiki, oʻqituvchi oʻquvchilar
bilan tarbiya jarayonini olib borganda turli xil usul va metodlarni qoʻllaydi.
Tarbiya metodlarining xilma-xilligi ularni turlarga ajratish, tasnif qilish
zarurligini koʻrsatadi. Shuning uchun ularning alohida xususiyatlarini
hisobga olib guruhlarga ajratish mumkin. Tarbiyaviy natijalarga erishishni
istagan har bir oʻqituvchi (tarbiyachi) tarbiya metodlari va ularning
mohiyatini puxta oʻzlashtirib olish maqsadga muvofiqdir.
1-shakl.
Birinchi guruh metodlarining vazifasi oʻquvchining
ijtimoiy ongiga hayot, axloq, mehnat qilish munosabatlari qoida va me’yorlari
haqida tushuncha hosil qilish va bilim berishdan iborat. Tarbiya jarayonida
ushbu qoida va me’yorlar shaxsning e’tiqodi, ishonchi va hayotiy qarashlariga
aylanadi. Ushbu guruhga ma’naviy, axloqiy, estetik, mafkuraviy, huquqiy,
jismoniy, ekologik, iqtisodiy va h.k. mazmundagi suhbatlar hamda namuna koʻrsatish
metodlarini kiritish mumkin.
Ikkinchi guruh metodlari yordamida oʻquvchida
ma’naviy mazmunga oid odatlar hosil qiladi. Oʻquvchi xulqida ijtimoiy
tarbiyaning mazmuniga muvofiq ma’naviy odatlar asosida, faoliyat zaminida
tarkib topadi.
Faoliyat oʻquvchilarning ijtimoiy munosabat
va ijtimoiy xulq-atvor tajribasi bilan boyituvchi muhim manba boʻlib
hisoblanadi. Ikkinchi guruh metodlari orasida pedagogik talab metodi
ahamiyatlidir. Pedagogik talab turli vazifalarni bajarilishi, ya’ni ijtimoiy
xulq-atvor me’yorini ifodalash, u yoki bu faoliyatda qatnashib bajarilishi
zarur boʻlgan aniq bir vazifani amalga oshirish, u yoki bu harakatni olib
borishga undovchi boʻlishi mumkin.
Talablar bevosita yoki bilvosita qoʻyilishi
mumkin. Bevosita talablar qat’iy buyruq yoki koʻrsatma, ishchanlik, yoʻl-yoʻriq
beruvchi tavsifdagi koʻrinishda boʻladi. Bilvosita talablar kechinma,
intilish tuygʻusini uygʻotishi koʻzda tutilgan holda maslahat,
iltimos, ta’na qilish, faoliyatiga nisbatan qiziqish uygʻotish tarzida
namoyon boʻladi. Talablar oʻquvchida u yoki bu darajaja ong, asos,
maqsad hamda e’tiqod mavjudligini nazarda tutadi. Ayni vaqtda oʻqituvchi oʻquvchilarga
nisbatan qoʻyiladigan talablarning me’yorida boʻlishiga qat’iy ahamiyat
berishi lozim.
Foydali faoliyat va maxsus tashkil qilinadigan
vazifalar jarayonida ijobiy xulq-atvor va xarakterlarga oʻrgatib boriladi.
Oʻrgatish – bu ijtimoiy xulq-atvorni odatiy
shakliga aylantirish maqsadida oʻquvchilar tomonidan rejali va tizimli
tarzda tashkil etiladigan turli harakatlar, tashkil etiladigan amaliy ishlarga
undovchi faoliyatdir.
Oʻrgatish oʻquvchilarni tarbiyalash va
rivojlantirishning barcha bosqichlarida samarali vosita sanaladi. Faoliyatda
mashqlar mehnat, ijtimoiy faoliyat, jamoa faoliyati hamda oʻzaro munosabat
odatlarini tarbiyalashga qaratilganligidir. Mashq qilish oʻrgatish bilan
yaqin aloqada boʻladi. Agar oʻrgatib borish negizida bolaning
faoliyat jarayonini egallashi yotsa, u holda mashq qilish faoliyati shaxs uchun
alohida ahamiyat kasb etadi. Mashqlantirish oʻrgatib borishga suyangan
holda koʻp bora takrorlashni, mustahkamlashni va takomillashtirib borishni
nazorat qiladi, bular esa bora-bora ijtimoiy xulq-atvorning asosi boʻlib
qoladi.
Tarbiyaviy amaliyotda koʻpincha maxsus
pedagogik vaziyatlarni yuzaga keltirish zaruriyati tugʻiladi, bunda
mustaqil tanlash uchun imkon boʻladi. Pedagogik vaziyatlarda oʻquvchilar
oʻz fikri va xulq-atvorini qayta oʻzgartirishi lozim boʻlgan
sharoit yaratiladi.
Ikkinchi guruh metodlari orasida musobaqa oʻquvchilar
amaliy faoliyatlarini tashkil qilish metodlari samaradorligini oshirishning
zarur va muhim sifati hisoblanadi. Musobaqa faoliyatining barcha sohalarida oʻquvchilarning
faolligi va ijodkorligini rivojlantirishga, oʻquvchilar jamoasi
faoliyatini muayyan maqsadga yoʻnaltirishga koʻmaklashadi. Musobaqa
toʻgʻri tashkil qilinganda jamoa hissi muvaffaqiyatli shakllanadi,
intizom va oʻquvchilarning uyushqoqligi mustahkamlanadi.
Musobaqaning alohida turi boʻyicha, shuningdek,
tizimli tarzda ham uyushtiriladi: chunonchi, eng yaxshi sinf, eng yaxshi guruh,
eng yaxshi jamoa, eng yaxshi maktab va h.k.
Tarbiya jarayonida oʻquvchilarning oʻzlari
tashabbus va gʻayrat koʻrsatishi asosida musobaqani tashkil
etishlariga, uning sharti va koʻrsatkichlarini ishlab chiqishlariga
erishish muhimdir. Shuningdek, jamoaning umumiy muvaffaqiyati, qabul qilingan
majburiyatning bajarilishi, musobaqa natijalarini stendlarda aks etishini
ta’minlash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish zarur. Musobaqani rasmiy axborotlar uchun tashkil etish
maqsadga muvofiq emas. Jamoatchilik fikri musobaqa faoliyatining muhim asosi boʻlib
qoladi.
Birinchi va ikkinchi guruh metodlarini oʻzaro
bogʻliq holda qoʻllanishi orqali ong va xulq birligi yuzaga keladi,
ammo bu oʻz-oʻzidan vujudga kelmaydi, balki oʻqituvchining
tashkilotchilik mahorati hamda uning oʻquvchi ongi, xulqiga ta’sir
etadigan vositalar xususiyatlari, ahamiyatini koʻra olishiga bogʻliq.
Bir soʻz bilan aytganda bugungi oʻquvchi tarbiya natijasida ertagni
komil inson, ya’ni jamiyatning barkamol a’zosiga aylanadi. Buning uchun uning
ongi va tafakkuri rivojlanib, ijobiy fazilatlarni oʻzida shakllantirib
borishi lozim.
Xoʻsh, inson ongi va u borliqni,
atrof-muhitni anglashi uchun qanday faoliyat darajasiga yetishi kerak?
Inson ongi –
uning idroki, aql orqali hayotiy va dunyoviy haqiqatni fahmlash asosida
ma’naviy istiqbolli faoliyat darajasidir.
Aql kishining oʻz idroki, qalbi va fikri
asosida dunyoviy, hayotiy haqiqatlarni anglash va ularga oʻz faoliyatida
ma’naviy-insoniy nuqtai nazardan amal qilishdir.
Uchinchi guruh metodlariga shunday metodlar
kiradiki, bularda tarbiyalanuvchilardagi ijobiy xulq-atvorni ragʻbatlantirish,
salbiy xislatlarni tuzatish yoki oldini olish, ularning his-tuygʻulari va
maqsadlariga bevosita ta’sir koʻrsatishda foydalaniladi. Ushbu guruhga ragʻbatlantirish
va jazo berish kabi metodlar kiradi.
4. Tarbiyada ibrat-numana koʻrsatishning
tutgan oʻrni
Farzandlarimizning kelajakda komil inson boʻlib
yetishishlarida oila va jamiyatda yaxshi tarbiya olishning oʻrni
beqiyosdir. Ota-ona, ustoz-murabbiylar, rahbar va yoshi kattalar qancha
madaniyatli, odobli boʻlsa, shu jamiyat va muhitda oʻsayotgan
shaxslar ham shunchalik odobli boʻlib yetishadi. Bunday sermas’uliyat
ijtimoiy ishni amalga oshirish, ya’ni yoshlarimizning odobli, xushxulqli,
vijdoni pok kishilar boʻlib yetishishlari uchun oʻz xulq-atvorimiz
bilan ularga yaxshi ibrat va namuna boʻlishimiz bugungi kunning dolzarb
masalasi hisoblanadi. Ilgarigi zamonda shunday maqol bor edi: «Domlaning
aytganini qil-u, qilganini qilma». Hozir bu maqol eskirdi: oʻsmir va oʻspirinlar
koʻpincha ustozlari va kattalarning tashqi yashash tarzidan oʻrnak
oladilar, ya’ni ular «domlaning qilganini... qilishadi». Bu oʻrinda
ularning quyidagi haqli e’tirozlarini inobatga olish zarur.: «Nima uchun
chekmagin, ichmagin deyishadi-yu, oʻzlari chekishadi, ichishadi?», «Nima
uchun rost gapirgin deydilar-u, oʻzlari yolgʻon soʻzlaydilar?»,
«Nima uchun toʻgʻri, halol boʻlish kerak deydilar-u, oʻzlari
pora oladilar?». Agar oʻqituvchi va boshqa ana shunday soʻzda toʻgʻri-yu,
amalda notoʻgʻri ish tutishsa, shogirdlari qanday qilib uni
hurmatlaydi? Undan nimani oʻrnak qilib oladilar? Shu ma’noda tarbiyachi
har vaqt oʻz soʻziga amal qilishi va soʻzining ustidan chiqishi
kerak. Ibratning aynan ana shu jihati komil inson tarbiyasida katta ahamiyatga
ega.
Ibrat tarbiyasi insonni qadimdan qiziqtirib kelgan.
Bu ayniqsa, Yunonistonnning
mashhur mutafakkirlari – Aflotun va
Arastuning nomi bilan bogʻliq pandnomalaridan keng oʻrin olgan. Jumladan, Sharq mamlakatlarida Aflotunning Arastuga, Arastuning Iskandarga nasihati va vasiyatnomalari
yaxlit asar sifatida tarqalgan. Arastuning aytishicha, tarbiyachining oʻzi tarbiya koʻrgan, insoniy fazilatlarni egallagan boʻlishi darkor. «Shuni bilginki,
- deydi Arastu, - ta’lim-tarbiya bilan shugʻullanuvchi odam oʻzi tarbiya koʻrmagan boʻlsa, boshqalarni tarbiya qilolmaydi. Xulqi yaxshi kishi boshqalarni
yaramas, va
iflos ishlarga boshlay olmaydi. Agar sen oʻz
oʻquvchingni tarbiyalamoqchi
boʻlsang, avval oʻz ruhingni yaxshilashdan boshla. Mabodo oʻzgalar aybini bartaraf etmoqni ixtiyor etsang, bundan oldin oʻz nafsingni nuqson va illatlardan
tozalashing zarur. Ammo koʻzi ojiz
boʻlgan kishi qanday qilib koʻrga
yoʻl koʻrsata oladi? Xor va tuban kishi boshqalarga obroʻ
va qadr-qimmat ato qila oladimi?».
Bulardan tashqari Sharq mamlakatlarida axloq va
ta’lim-tarbiyaga oid «Rushnoinoma»,
«Qobusnoma» Farididdin
Attorning «Pandnoma»si, Oʻbayd
Zakoniyning «Sad pand» kabi asarlari
keng tarqalgan. Ilk oʻrta asrlarda Arastu va uning izdoshlarining
risolalari arab tiliga tarjima qilindi va ularning ta’limotlari Al-Kindiy,
Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Nasriddin Tusiy, Jomiy, Navoiy va
boshqa Sharq faylasuflari tomonidan oʻrganildi va boyitildi.
Demak, bugungi yoshlarimizning kamoloti va unga mos
dunyoqarashi muntazam ravishda takomillashib, rivojlanib borishida
ibrat-namunaning oʻrni beqiyosdir. Bu oʻz navbatida Ozod va
Obod Vatan, erkin va farovon hayot yaratuvchilarining ongli a’zolarini
tayyorlashni kafolotlaydi.
5. Tarbiyada ragʻbatlantirish
va jazolash metodlari
Ragʻbatlantirish
metodlari – oʻquvchilarning harakatlarini ijobiy
baholashni koʻzda tutadi. Ragʻbatlantirish quvonch, qoniqish,
qanoatlanish kechinmalarini paydo qiladi, tetiklik va gʻayrat bagʻishlaydi,
oʻz kuchiga ishonchni mustahkamlaydi, ijobiy xatti-harakatlarni ragʻbatlantiradi,
oʻz faoliyati va xulqiga mas’uliyatini oshiradi. Ragʻbatlantirish
metodlari xilma-xil boʻlib, ular tarkibiga ma’qullash, koʻngil koʻtarish,
dalda berish, ishonch bildirish, qayd qilish, ogʻzaki va yozma tashakkur
bildirish, mukofatlash va boshqalar kiradi.
Ragʻbatlantirish pedagogik talablarni
hisobga olgan holda qoʻllanilishi lozim. Har qanday ragʻbatlantirish
oʻquvchining jamoa oldidagi chinakkam xizmatlariga muvofiq boʻlishi
lozim. Ragʻbatlantirish vaqtida oʻquvchining alohida xususiyatlarini,
jamoada tutgan oʻrnini hisobga olish va u ketma-ket boʻlmasligi
kerak. Haddan oshirib maqtash jamoaga nisbatan taqqoslash talabchanlikni boʻshashtirib
yuborish, bular oʻquvchida man-manlik, xudbinlik sifatlarining yuzaga
kelishiga sabab boʻladi. Ragʻbatni tashkil etishda oʻquvchining
muvaffaqiyati bilan birga uning jamoadagi oʻrni, axloqiy qiyofasi,
shuningdek, mehnatga, jamoa topshiriqlariga, jamoaning oʻziga munosabati
borasidagi jamoa fikrini inobatga olish ham talab etiladi.
Jazo
berish metodlari – bu oʻquvchilarning
xatti-harakati va faoliyatiga salbiy baho berishdir. Jazo berish axloq
me’yorlariga qarama-qarshi faoliyat va xatti-harakatlarni muhokama etishni ifodalaydi.
Jazo berish noma’qul xatti-harakatlarning oldini olish, axloqni tuzatishi,
jamoa oldida uyalishi, oʻzini gunohkor deb bilish hissini uygʻotishi
mumkin. Jamoa tomonidan yoki uni qoʻllab-quvvatlashi asosida jazo berish
metodlari ham hilma-xil boʻlib, ular jumlasiga tanbeh berish, koyish,
uyaltirish, qizartirish xatti-harakatlarni jamoa oʻrtasida muhokama
qilish, muayyan faoliyatidan chetlatish va boshqalar kiradi.
Jazo berish ham pedagogik talablarga amal qilish
zarur. Berilayotgan jazo maqsadga muvofiq boʻlib, oʻquvchilarning
aybiga, salbiy xatti-harakatiga qarab berilishi lozim. Jazo berish chogʻida
salbiy xatti-harakatning sabablari uning jamoaga yetkazadigan zarari, oʻquvchining
shaxsiy xususiyatlarini inobatga olish lozim.
Jazo berish oʻquvchining manfaatlaridan
kelib chiqmasligi yoki uning uchun xizmat qilmasligi lozim. Jazo jamoa
tomonidan ham berilishi mumkin. Barcha hollarda ham oʻquvchini jismoniy va
ruhiy azobga solmasligi, uni tahqirlanmasligi, sha’nini yerga urmasligi,
huquqini paymol etmasligi kerak.
Tarbiya metodlari sharoitni, vaqtni, shuningdek,
oʻzaro bir-biriga ta’sirini hisobga olgan holda qoʻllash maqsadga
muvofiq tarbiya metodlari, tarbiya vositalari bilan juda yaqin aloqada hatto,
bir-biriga singib ketgan boʻlsada, ular bir-biridan farq qiladi. Tarbiya vositalariga tarbiyaning maqsadga
muvofiq tashkil qilingan faoliyat turiga kiradi.
Oʻyin, oʻquv mehnati, sport va boshqa
faoliyat turlari shunday vositalar hisoblanadi. Bundan tashqari tarbiya
jarayonida turli predmetlar, moddiy va ma’naviy madaniyat namunalari, axborot
hamda texnik vositalardan ham tarbiya vositasi sifatida foydalaniladi.
Chunonchi, koʻrgazmali, oʻquv qurollari badiiy-ilmiy adabiyotlar,
san’at asarlari, radio, televideniye, kompyuter, magnitofon, slaydo, shuningdek,
kishilar ham tarbiya vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Tarbiya vositalaridan foydalanish doimo unga
muvofiq keluvchi tarbiya metodlaridan foydalanishni taqozo etadi, chunki ular
yordamida ong, his-tuygʻu, xulq-atvor tarkib toptiriladi. Oʻquvchining
turli koʻrinishdagi faoliyati uyushtiriladi.
Bugungi kunda tarbiya jarayonida axborot va
texnika vositalaridan foydalanishga alohida diqqat-e’tibor qaratilmoqda.
Ulardan maqsadga muvofiq va samarali foydalanish oʻquvchilarning ma’naviy
kamol topishiga olib keladi.
Yuqorida bildirilgan mulohazalarga tayangan
holda mavzu yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.
1. Tarbiya jarayonining asosini, ijtimoiy
hayotining obyektiv talablarini, shaxsning ijtimoiy mohiyatini hamda tabiatini
aks ettiruvchi qonuniyatlar tashkil etgani bois tarbiya jarayonini ilmiy
asoslangan tarzda olib borish uning qonuniyatlarni chuqur oʻrganishni
talab etadi.
2. Tarbiya jarayonining muvaffaqiyati uni
tashkil etishda qanday tamoyillarga koʻra ish koʻrilayotganligiga ham
bogʻliq. Tarbiya tamoyillari yosh avlodni tarbiyalash maqsadidan kelib
chiqqan va komil insonni tarbiyalashning mazmuni, metodlari va yoʻnalishiga
qoʻyiladigan eng muhim talablarni belgilab beruvchi asosiy gʻoya va
qoidalar yigʻindisidir.
3. Tarbiya jarayonini tashkil etishda oʻqituvchi
tomonidan qoʻllaniladigan metodlar ham muhim ahamiyatga ega boʻlib,
ular ijtimoiy jamiyat tomonidan ta’lim muassasalari oldiga qoʻyilgan yosh
avlodni har tomonlama barkamol, erkin, ijodkor, mustaqil fikr egasi etib
tarbiyalash vazifalari bilan belgilanadi. Tarbiya metodlari oʻzaro oʻhshash
jihatlariga koʻra uch guruhga boʻlinadi. Tarbiya jarayonida qoʻllaniladigan
tarbiya vositalari metodlari ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Esda saqlab qolish uchun zarur boʻlgan
tushunchalar:
Metod
– lotincha metodos so’zidan olingan bo’lib, tadqiqot yo’li, nazariya, ta’limot tushunchalarini
anglatadi. O’qitish va tarbiyalashning real jarayonlariga xos bo’lgan ichki
yo’llari, uslublari, vositalari majmui tushuniladi.
Tarbiya
metodlari – metod lotincha metodos – yo’l so’zidan olingan.
Metod tadqiqot yo’li, nazariya, ta’limot deb tarjima qilinadi. Ilmiy tushuncha
sifatida «metod» so’zi keng ma’noda muayn maqsadga erishish yo’li tushuniladi.
Rag’batlantirish
– talabaning namunali xulqi uchun boshqalarga ibrat qilib ko’rsatish, faxriy
yorliqlar bilan taqdirlash, devoriy gazetada talaba to’g’risida kichik
ma’lumotnoma berish, uning suratini maxsus doskaga qo’yish, ota-onasining
nomiga tashakkurnoma yuborish.
Mashq - bolalar faoliyatini oqilona, maqsadga muvofiq ravishda va har
tomonlama tashkil qilish, ularni axloq mezonlari va xulq atvor qoidalarini
bajarishga oatlantirish
Jazolash
– tarbiyalanuvchining xatti-harakati va faoliyatiga salbiy baho berish.
English:
Method
– It is derived from the Latin word methods, which
means research, theory and teaching. It is understood that a set of tads of the
inner paths that are specific to the real processes of instruction and
upbringing as a scientific concept, the term “method” is broadly understood as
a means of achieving a specific goal.
Teaching
methods – the way to achieve the educational goal.
When applying to school practice, the methods are influenced on the
consciousness, will, emotions and behavior of these pupils.
Incentive
– give exemplary behavior to student’s behavior, award
certificate with honorary diploma, give a briefcase on
the poster to send a photo to a special board on behalf of his parents.
Exercise
– balanced and comprehensive organization of
children’s activities, their adaptation to compliance with ethical standards
and conduct rules.
Punish
– negative attitudes towards behavior and behavior of
the pupil.
Mavzularni mustahkamlash uchun savol va
topshiriqlar:
1. Tarbiya metodlari deganda nimani
tushunasiz?
2. Tarbiyaning qanday metodlari bor?
3. Rag’batlantirish metodi nima va uning
turlari mavjud?
4. Jazolash metodi va uning
turlarini tushuntirib bering.
5. Tarbiya jarayonida nima uchun metodlar
qo’llaniladi?
6. Shaxsga ta’sir etish orqali
tarbiyalash metodlari va usullariga qaysilar
kiradi?
7. Tarbiya usullari nima?
9. Tarbiya vositalariga nimalar kiradi?
10. Xalq pedagogikasida
qo’llaniladigan tarbiyaning umumiy metodlari qaysilar?
11. Ijtimoiy ongni
shakllantiruvchi metodlar qaysilar?
12. Mashq va o’rgatish metodlari qanday?
13. Jazolash metodlariga nimalar kiradi?
Mavzularni oʻrganishda foydalanish mumkin boʻlgan
adabiyotlar roʻyxati:
1.
Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot
yo’limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko’taramiz. –
Toshkent: “O’zbekiston” NMIU, 2017. – 592 b.
2.
Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. Toshkent: Sharq,
1997.
3.
Karimov I.A. Yuksak manaviyat –
yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. – 174 b.
4.
Abdurahmonov A. Saodatga eltuvchi
bilim. «Ma’rifat gulshani» gazetasi, 6 (11) – 2007 yil.
5. To’raqulov X.A. Kamolot sari. Jizzax, 2007, 181-182 betlar.
6. To’raqulov X.A. Pedagogik
tadqiqotlarda axborot tizimlari va texnologiyalari.
Toshkent: Fan, 2006, 250 bet.
7.
O’zbekiston Milliy ensiklopediyasi.
8-jild, 270 bet.
8. Quronov M. Otalar kitobi.
9.
Hasanboyev
J. va boshq.
Pedagogika. Toshkent: Fan,
2006, 284 bet.
10. Hasanboyev
J. va boshq. Pedagogika: Oliy o’quv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: Fan,
2009. - 480 b.