TALABALARNING
VATANGA BO‘LGAN MUNOSABATI
oʻZBEKISTON VATANIM MANIM! |
O‘zbekiston Respublikasi Davlat
Bayrog‘i
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi
«Aziz talaba, Siz o‘z Ona Vataningizni naqadar buyuk va muqaddas ekanligini his etishingizga ishonchimiz komil. Ammo biz taklif etayotgan elektron oʻquv qoʻllanma bilan muloqotga kirishganingizdan so‘ng Ona Vatanga bo‘lgan muhabbatingiz yanada yuksaladi degan umiddamiz».
Vatan – Ona so‘zi naqadar laziz,
Sensan har narsadan mo‘tabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir o‘g‘il-qiz,
Muqaddas, mo‘tabar, ulug‘
Vatanim,
O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan.
(Hamid Olimjon).
«Vatan –
muqaddas diyor. Chunki, bu diyorda
buyuk ajdodlarimiz umrguzaronlik qilgan, bugun biz ushbu o‘lkada yashab faoliyat
yuritayapmiz, ertangi kunda kelajak avlod shu muqaddas yurtda o‘sib-ulg‘ayadi,
hayot kechiradi. Shunday ekan, biz bugun ushbu muqaddas maskanni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz, uning gullab-yashnashi
uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solishimiz lozim. Zero, muhtaram birinchi
prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek: «Farzandlarimiz, kelajak
avlodlar bizdan shu o‘lkani, shu muqaddas zaminni yana ham boy, kuchli va
qudratli holatda qabul qilib olishlari uchun biz buyuk ajdodlarimizga nisbatan
qanday minnatdorchilik tuyg‘ularini his etayotgan bo‘lsak, o‘g‘il-qizlarimiz,
kelajak avlodlar ham bizga nisbatan shunday minnatdorchilik tuyg‘ularini his
etishlari uchun lozim bo‘lgan hamma ishni qilish bizning fuqarolik burchimizdir».
Vaholangki, uzoq va yaqin o‘tmishga bir nazar
tashlasak, Vatanimiz tarixida Vatan ravnaqi, xalq ozodligi yo‘lida o‘lkan
jasoratlar ko‘rsatgan xalq qahramonlari, davlat arboblari, buyuk siymolarni
ko‘rishimiz mumkin. Jumladan xalq qahramonlari bo‘lgan To‘maris, Shiroq, Spitamen,
Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud, Temur Maliklar, davlat
arboblari bo‘lgan Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek va
boshqa buyuk siymolarimiz xalqning hayoti, yurtning sha’ni uchun ko‘rsatgan
olamshumul jasoratlari, albatta, o‘z Vatanini muqaddas deb bilganligidadir.
Misol uchun bulardan birgina Shiroqning o‘z Vatanini dushmanlar zulmidan asrab
qolish uchun hayotini havf ostiga qo‘yib ko‘rsatgan
jasoratini esga oling.
Bugungi kunda Sizdan Vatan uchun
Shiroq kabi quloq-burunni kesish yoki Spitamen, Muqannalarning ko‘rsatgan jasoratlarini takrorlash talab etilmaydi. Sizdan
birgina narsa – har tomonlama etuk mutaxassis bo‘lib, o‘z kasbiy faoliyatingiz
bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish, yosh avlodga ilm-fan sirlarini o‘rgatish
va ularning murg‘ak qalbiga muqaddas Vatan tuyg‘usini singdirish talab etiladi.
Bu bilan Siz Vatan oldidagi olijanob burchingizni ado etib, Vatanga munosib
farzand ekanligingizni isbotlaysiz! Aziz talaba, ajdodlarga munosib avlod
bo‘lishga doimo intilaylik!».
Vatanlar shodasi ichra durdona,
O‘zingsan dunyoda tanho, yagona,
Qoshingda bir umr bo‘lib
parvona –
Vatanim, koringga yarasam
deyman.
Qismat tashlamasin sendan yiroqqa,
Yurak dosh berolmas bunday firoqqa,
Go‘dakdek talpinib ona quchoqqa
Yo‘g‘ing-u boringga yarasam deyman.
Begona mehriga zor bo‘lmagaysan,
Do‘st, g‘anim qoshida xor bo‘lmagaysan,
Biron farzandingga tor bo‘lmagaysan,
G‘urur-u oringga yarasam
deyman.
Senga fido bo‘lsin ming
bitta jonim,
Senniki – nimaga etsa imkonim.
Bino bo‘lsang, buyuk
O‘zbekistonim –
G‘ishtdek devoringga yarasam
deyman.
(Ahmad Xo‘ja)
«Aziz talaba, Sizning Vatan mustaqilligini
mustahkamlashga, davlatimiz ravnaqini yuksaltirishga xizmat qiluvchi farzand
bo‘lib etishishingizga ishonchimiz komil!».
Vatanga bo‘lgan
munosabatning quyidagi turlari mavjud:
1. Tug‘ilib-o‘sgan yurtiga bo‘lgan
munosabati.
2. Ona zamin tabiatiga munosabati.
3. Xalqiga bo‘lgan
munosabati.
4. Ona tiliga bo‘lgan
munosabati.
5. Qadriyatlarga bo‘lgan
munosabati.
1. TALABALARNING
TUG‘ILIB-O‘SGAN YURTIGA BO‘LGAN MUNOSABATI
Har bir inson oʻzi oʻsib-ulgʻaygan
(zaminni) mamlakatni eng yaxshi va goʻzal mamlakat deb tushunmogʻi
kerak. «AVESTO» dan |
MEN NECHUN
SEVAMAN O‘ZBEKISTONNI?
Men nechen sevaman O‘zbekistonni,
Tuprog‘in ko‘zimga aylab
to‘tiyo,
Nechun Vatan deya er-u osmonni,
Muqaddas atayman, atayman
tanho?
Aslida dunyoda tanho nima bor,
Paxta o‘smaydimi o‘zga elda
yo?
Yoki quyoshmidi sevgimga
sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Men nechun sevaman
O‘zbekistonni?
Bog‘larin jannat deb ko‘z-ko‘z
etaman,
Nechun ardoqlarkan tuprog‘in men,
O‘paman: «Tuprog‘ing bebaho, Vatan…»
Aslida tuproqni odil tabiat
Taqsim aylagan-ku er yuziga
teng.
Nechun bu tuproq deb yig‘laydi Furqat,
O, Qashg‘ar tuprog‘i qashshoqmiding sen?!
Xo‘sh, nechun sevaman O‘zbekistonni?
Sababini aytgin desalar menga,
Shoirona go‘zal so‘zlardan oldin
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding,
Mehrim bermasmidim o‘sha
muzlarga?
Vatanlar,
Vatanlar,
Mayli, gullasin,
Bog‘ unsin
mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo‘lsa
kechirma aslo!
(Abdulla Oripov)
Vatan – insonning
kindik qoni to‘kilgan tuproq, uni kamol toptiradigan tabarruk maskan, u o‘sib-ulg‘ayadigan,
ota-bobolarning xoki poklari jo bo‘lgan muqaddas
zamindir. Xalqimiz ta’kidlaganlaridek:
«Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir». Shu muqaddas zaminni ko‘z qorachig‘idek
asrash, uni turli havf-xatarlardan doimo mardonavor himoya qilish har bir
iymoni butun, qalbida tug‘ilib-o‘sgan yurtiga muhabbati bo‘lgan fuqaroning
Vatan oldidagi asosiy burchidir. Shu o‘rinda ushbu rivoyatga
e’tibor qiling.
Rivoyat
qilishlaricha, o‘tmishda yurtimizga dahshatli yov bitmas-tuganmas kuch-qudrati
bilan bostirib kirish havfi tug‘iladi. Shoh
sarkardalarni yig‘ib maslahat qiladi:
- Xo‘sh, nima qilamiz? Dushman kuchli, ochiq
jangda uni engishimiz dushvor!
- Agar ruxsat bersangiz uni bir o‘zim engaman, - debdi
sarkardalar anjumaniga kirib kelgan oddiy bir cho‘pon Shiroq. - Quloq va burunlarimni kesib tashlanglar-da, u yog‘ini menga qo‘yib
beringlar.
Uning aytganini bajo
keltirishdi. Quloq-burunlari kesilgan Shiroq dushman podshohi
huzuriga etib borib debdi:
- Ey, qudratli shoh! Yurtimiz shohi johil, bag‘ri tosh. Mana mening ahvolimni ko‘r.
Men undan ko‘p jabr ko‘rganman. Agar rozi bo‘lsang
seni qo‘shinlaring bilan eng yaqin va ular kutmayotgan yo‘ldan boshlab boraman.
Bosqinchi Shiroqqa ishonibdi.
Bir haftalik oziq-ovqat va suv olib yo‘lga tushibdi.
Biroq jazirama sahroda roppa-rosa etti kun yurishibdi.
Shoh Shiroqdan:
- Ey, noshud! Yetti kunlik yo‘l
deb eding. Bir tomchi ham suv, bir ushoq ham
eguligimiz qolmadi. Ammo manzildan darak yo‘q. Ayt, qachon bu jazirama
sahro azobidan xalos bo‘lamiz? – deb
so‘rabdi.
- Hech qachon! – debdi
Shiroq dangal. – Endi to‘rt tomoning ham yetti kunlik yo‘l. Xohlagan tarafingga
qarab yuraver. Baribir hamma askarlaring bilan qirilib o‘lasan.
Ha, men bir o‘zim hammangni engdim! Bilib qo‘y, bizning yurtimizga kimki urush
ochsa, uning boshiga albatta sening kuning tushadi!
Darg‘azab bo‘lgan shoh
Shiroqning boshini tanasidan judo qilibdi. Lekin o‘zi ham barcha askarlari
bilan jazirama sahroda ochlik va tashnalikdan nobud
bo‘libdi.
Shiroqning bu jasorati asrlardan asrlarga o‘tib
hamon tillarda doston bo‘lib kelmoqda.
Aziz talaba,
hech qachon o‘zligingizni unutmang, qalbingizda milliy g‘urur, milliy
iftixoringiz jo‘sh urib tursin! Yurtingizga
xizmatingiz zarur bo‘lganda Shiroq kabi mard va jasur
bo‘ling! Sizning baxtingizga Vatanimiz tinch va
osoyishta. Yoshlarning bilim olib, yaratuvchanlik faoliyati
bilan shug‘ullanishlariga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Lekin dunyoda
tinchlikni, o‘zgalar baxt-saodatini ko‘rolmaydigan, o‘z g‘arazli maqsadlarini
amalga oshirishda hech narsadan tap tortmaydigan yovuz kishilar, vahshiy
kuchlar ham bor. Eng ayanchlisi ular asosan yoshlarimizning soda,
ishonuvchanligidan foydalanib, ularni o‘zlariga og‘dirib oladilar va manfur
maqsadlari yo‘lida xizmat qildiradilar. Bunday ayanchli
holatga tushmaslik, tug‘ilib-o‘sgan yurtingizning tinchligiga rahna soluvchi
bunday ishlarga qarshi kurashish siz kabi yoshlarning qo‘lingizda.
Tinchlikka hech qachon osonlik bilan erishib bo‘lmaydi.
Tinchlikka erishish, uni asrab-avaylash uchun tinimsiz mehnat qilish,
kurashish, doimo hushyor va ogoh bo‘lish talab
etiladi. Ozgina loqaydlik va beparvolikka yo‘l
qo‘yilgan joyda tinchlikka putur etadi. Agar Siz chin ma’noda o‘z Vataningizni
sevsangiz, ona yurtning tinchligini asrab-avaylasangiz hamda tengdoshlaringizni
ham bu ishga da’vat etsangiz yurtimiz yoshlari bir tan-u bir jon
bo‘lib, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida harakat qilsa,
tinchligimizga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi.
Bugungi kunda respublikamizda yoshlarning bilim
olishlari, o‘zlari qiziqqan kasb bilan shug‘ullanishlari, jahon miqyosida
raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib etishishlari uchun
imkoniyatlar etarlidir. Yoshlarimiz ichidan eng
iqtidorlilarini tanlab jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribasini o‘rganish
uchun dunyo miqyosidagi nufuzli universitetlarda ta’lim olishlari tashkil
etilgan. Ammo ba’zi yoshlarimiz bunday imkoniyatlarni suiiste’mol qilib,
yurtimizga qaytib Vatan uchun xizmat qilishdan ko‘ra
chet o‘lkalarda qolib ketishni afzal ko‘rmoqdalar. Nahotki, ulardan Vatanni
sevish, Vatanni sog‘inish, Vatanga talpinish,
tug‘ilib-o‘sgan yurtini qadrlash kabi his-tuyg‘ular bo‘lmasa?! Vaholangki,
o‘zga yurtda qancha obro‘-martabaga erishgan shoh Bobur ham o‘z yurtiga
talpinib, Vatanini sog‘inib qanchalar qonlar
yutgan-ku! Zero, shoh va shoir Bobur Mirzo aytganidek: «O‘zga yurtda shoh
bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l!». Yoki buyuk mutafakkir bobomiz
Alisher Navoiy ona yurtdan yiroqda baxt yo‘qligini nazarda tutib, «Vatan
tarkini bir nafas aylama, Yana ranji g‘urbat havas aylama» deya nasihat
qilganlar. Ya’ni shoir Vatandan tashqarida quvonch ham, tole ham yo‘q,
inson faqat o‘z yurtida murodga etadi, demoqda. Shunday ekan, ana o‘sha chet
elda yurib, boylik va martabaga erishaman, deb o‘ylagan o‘zbek yoshlari o‘z
bilim va mahoratlarini o‘z ona yurtlarining ravnaqi uchun sarf etsalar Ona
Vatanida ko‘proq obro‘-martaba hamda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishlarini bir
bor o‘ylab ko‘rsalar edi, Vatanimiz ravnaqiga salmoqli hissalarini qo‘shgan
bo‘lardilar.
2. TALABALARNING
ONA ZAMIN TABIATIGA BO‘LGAN MUNOSABATI
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona
munosabatda boʻlishga majburdirlar. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,
50-modda |
Asosiy qomusimiz bo‘lmish
Konstitutsiyada ham fuqarolarning burchlari qatorida atrof-muhitni
asrab-avaylash har bir fuqaroning muhim burchi ekanligi alohida belgilab
qo‘yilgan. Shunday ekan, aziz talaba, Siz jamiyatning faol a’zosi sifatida
atrof-muhitga, Ona zamin tabiatiga qanday munosabatda bo‘lmoqdasiz?
Avvalo, Siz Ona zamin tabiatining nechog‘lik boy va
go‘zal ekanligidan faxrlanishingiz, uning purviqor tog‘lari-yu, turli-tuman
mevali daraxtlarga boy bog‘lari, gulzoru chamanzorlari-yu, go‘zal
archazorlarini sevib ardoqlashingiz, asrab-avaylashingiz lozim.
Rivoyat.
Yaxshidan bogʻ qoladi. Koʻklam kunlarining birida Sulton Husayn saroyda
yolgʻiz oʻtiraverib, zerikib ketibdi. Ancha vaqtdan beri Mir
Alisherdan darak boʻlmadi, borib holidan bir habar olib kelay deb, doʻsti
yashaydigan mahallaga yoʻl olibdi.
Borib
qarasa, Mir Alisher yeng shimarib bogʻida ishlayotgan ekan. Buni koʻrgan
Sulton Husayn otidan tushib, doʻsti bilan soʻrashgach:
-
Hormang, doʻstim! Nega shoirlar majlisida koʻrinmay qoldingiz desam,
bogʻbonlikni pesh qilibsiz-da! – debdi.
Mir
Alisher ham belbogʻi bilan peshanasidagi terini artar ekan:
- Koʻklam
kelsa koʻchat ek, degan ekan mashoyixlar. Shu bogʻdagi quridan
olmalarning oʻrniga uch-toʻrt tup yongʻoq ekayapman, - deb javob
beribdi.
- Ey
doʻstim-ey, qarigan chogʻingizda bogʻ qilishning sizga nima
keragi bor, axir? Siz bilan men yoshimizni yashab, oshimizni oshagan boʻlsak,
bu yongʻoqlaringiz qachon hosilga kiradi-yu, siz qachon mevasidan yeysiz?
Oxir umringizga mana shu bogʻdagi mevalarning boriga qanoat qilib,
soya-salqinda tinchgina gʻazal bitib oʻtiravermaysizmi?
- Doʻstim,
yaxshidan bogʻ qoladi, degan naqlni eshitganmisiz? Men bu koʻchatlarni
oʻzim uchun emas, mana shu mahallamiz koʻchalarini changitib yurgan
bolakaylar, balkim ularning ham bolalari uchun ekyapman. Bir kun kelib, shu koʻchatlarning
har biri azim daraxt boʻladi. Hosil bera boshlaydi. Shunda odamlar uning
mevasidan totib: “Bu bogʻ Mir Alisherdan qolgan!” – deyishadi. Shuning oʻzi
menga har qanday ne’matdan lazzatliroqdur, - deb javob beribdi.
Bu
gaplarni eshitgan Sulton Husayn Mir Alisherning saxovatiga qoyil qolib, unga
hamyon toʻla tilla chiqarib beribdi. Mir Alisher tillaga qarab turib:
- Ana
koʻrdingizmi, doʻstim! Ekayotgan koʻchatlarim hozirdanoq hosil
bera boshladi, - deya kulib qoʻyibdi.
Sulton
Husayn Mir Alisherning hozirjavobligiga yana bir bor qoyil qolgan ekan.
Serquyosh o‘lka
Do‘stlar mening yurtimni
O‘zbekiston deydilar,
Dong‘i tutgan dunyoni
Bog‘-u bo‘ston deydilar.
Osmoni keng, beg‘ubor,
Shifobaxshdir havosi,
Dimog‘larni chog‘ etar
Uning shodon navosi.
Chaman erur bog‘lari,
Tog‘liklari ulug‘dir,
Qir, adir, o‘tloqlari
Gul-lolaga to‘liqdir…
Bog‘larida mevalar
Sharbat bo‘lib pishadi,
Uzum, olma, behilar
Yo‘lingizga tushadi…
Shunga ko‘ra deydilar:
Serquyosh O‘zbekiston,
Baxtiyor bu zamonda
Yashnagan bog‘-u bo‘ston.
(Zafar Diyor).
3. TALABALARNING XALQIGA BO‘LGAN MUNOSABATI
Aziz talaba, tarixdan sizga ma’lumki, o‘zbek
xalqining kelib chiqishi va shakllanishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho
Ona xalqim,
o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan eng so‘nggi nonin
O‘zi emay o‘g‘liga tutgan.
Sen o‘zingsan farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim
jon-tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim
manim.
(Abdulla Oripov).
Xalq dengizdir, xalq
to‘lqindir, xalq kuchdir.
Xalq isyondir, xalq olovdir,
xalq o‘chdir.
Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirki, to‘xtatsin,
Quvvat yo‘qkim xalq istagin yo‘q
etsin.
(Cho‘lpon).
«Abu Hanifa (r.al) Hasan SHa’biydan rivoyat qiladi.
Sha’biy aytdi: No‘‘mondan eshitdim, u Rasulullohning (sav) «Mo‘minlar
bir birlarini sevishda o‘zaro bir vujud kabidir. Agar bosh
og‘risa jasadning hammasi unga qo‘shilib uyqusi qochadi va harorati oshadi»
deganlarini eshitganini aytdi» (Imom A’zam Abu Hanifa. Musnad. T. 2004, 207-bet).
Ya’ni kishilar o‘zaro bir-birlariga nisbatan
mehr-muhabbatli bo‘lishlari lozim, ular doimo
bir-birlarini asrab-avaylashlari kerak. Chunki bir kishiga
etkazilgan ozor jamoaning, xalqning boshqa a’zolariga ham ta’sir etadi.
O‘zbek xalqida o‘zaro hurmat, mehr-muhabbat, bir-biriga nisbatan yordam qo‘lini
cho‘zish, muruvvatli bo‘lish kabi fazilatlar yuksak
o‘rinda turadi. Shu o‘rinda bir rivoyatni keltirib
o‘tmoqchiiz.
Rivoyat.
Rivoyat qilishlaricha, bir
yurtga ocharchilik ofati kelgan vaqtda shu yurtning bir saxiy boyi zahirasida
urug‘likka olib qo‘ygan donni etim-esir, beva-bechoralarga ulashib beribdi. Natijada o‘zi ham boshqalar kabi och-nochor qolibdi. Shunda
atrofdagilar unga dashnom berib, shunday deyishibdi:
- O‘zing ham och qolishingni bila turib, nima
uchun barcha donlarni o‘zgalarga ulashib
berding, qaxatchilik tugaguncha donlarni o‘zing eb tursang bo‘lmasmidi?
Ushbu kimsalarga nisbatan dono va
saxiy boy shunday javob qaytaribdi:
- Qo‘shnim och
o‘tirganda qanday qilib men to‘yib non eyishim mumkin? Men ham shu xalqning bir
zarrasiman, xalqimning boshiga tushgan qaro kunda ham xalqning dardiga sherik bo‘lish mening xalq oldidagi insoniylik burchimdir.
Qissadan hissa shuki, xalqimizda bu
kabi yuksak insoniylik fazilatlari kishilarning qon-qoniga singib ketgan. Aziz
talaba, siz ham xalqning munosib farzandi bo‘lib, uning quvonchli va
tashvishli kunlarida doimo birga bo‘lib, o‘z manfaatingizni xalq manfaati bilan
uyg‘un holda ko‘rib, qo‘ldan kelgancha xalqqa nafingiz tegadigan inson bo‘lib,
xalqning duosini olishga intiling. Zero, ko‘pning
duosi ko‘l bo‘lur. Elning duosini olgan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi, xor bo‘lmaydi, o‘nib-o‘sadi, kamolga etadi.
Rivoyat.
Qadim
zamonda bir qishloqda qurgʻoqchilik boʻlib, ekinlar qurib qolibdi
daraxtlardagi mevalar ham pishib yetilmay qurib yerga toʻkilmay tomom
boʻlibdi. Xalq juda qiynalib ochlik azobini topibdi.
Bu
oʻlkadagi ahvolni eshitga qoʻshni mamlakatdagi zolim podshoh shu
oʻlkaga urush e’lon qilibdi va son-sanoqsiz askarlari bilan bostirib kela
boshlabdi. Xalq sarosimaga tushubdi. Jon saqlab qolish uchun toʻrt tarafga
qocha boshlabdi. Shunda bir kulbada yashaydigan momo ularni toʻxtatibdi:
- Bolalarim, azizlarim, - debdi momo baland avozda. –
Yurtni tashlab ketish – katta gunoh. Xalq boshiga tashvish tushib turgan paytda
bunday qilish er kishining ishi emas. Irodangizni mustahkam tuting ochlik deb
shunday qilayotgan boʻlsangiz menda bir ne’mat bor shuni boʻlib
yediray, kuchingizga kuch, quvvatingizga quvvat qoʻshiladi, - deb bir
xalta koʻtarib chiqibdi. Odamlar qarab turishgan ekan xalta boʻm-boʻsh
emish. Oralarida sabrsiz odamlar ham bor ekan:
- Voy
momo-ey, axir xaltada hech vaqo yoʻqku! – debdi ular. Shunda momo:
- Shoshma
bolam, shoshish shoytonning ishi, - dedida xaltaning bir burchagidan bir
mayizni olib ularga koʻrsatibdi.
- Mana, men
aytgan ne’mat. Bu oxirgisi sizlarga nasib etgan ekan, - deb toshning ustiga
mayizni qoʻyib boʻla boshlabdi. Shunda sabrsiz odamlardan biri:
- Bu kampir, bizni yoʻldan qoldirib, yovga
qurbon qilmoqchimi, - debdi.
- Yoʻq
bolam, sabr tagi sariq oltin noumid boʻlmanglar, mana, mayizni qirqqa
boʻldim, olib ogʻizlaringga solinglar, oʻzingizni qanday his
etishingizni tezda bilasizlar debdi.
Odamlar
mayizni tamshanib yebdilar. Shunda moʻjiza yuz beribdi. Hammalari
oʻzlarida kuch-quvvat sezibdilar va qochish haqidagi fikrlaridan qaytib
yov tomon birgalashib boribdilar. Uch kecha kunduz jangu jadaldan soʻng
bir mayizni qirqqa boʻlib yegan yigitlar toʻgʻri momo oldiga
kelib ta’zim qilibdilar. Chunki ular gʻolib chiqib Vatanlarini himoya
qilgan ekanlar.
4. TALABALARNING O‘Z ONA TILIGA BO‘LGAN
MUNOSABATI
1989 yil 21 oktyabr O‘zbekiston tarixining
yorqin sahifalaridan joy olgan. Ya’ni ushbu kunda xalqimizning ezgu orzu-istaklaridan
biri bo‘lgan ona tilimiz – o‘zbek tiliga «Davlat tili» maqomi berildi. Unga qadar ahvol shu darajaga borib etgandiki, majlislar, ish
qog‘ozlari rus tilida yuritilishidan tashqari oddiy xalq ham o‘z ona tilini
unutib qo‘yishiga oz qoldi. Bu ayniqsa, yoshlarning
o‘zaro so‘zlashuvida, oddiy muloqotda ham o‘z ta’sirini ko‘rsata borgan edi.
Natijada hattoki, o‘zbekona urf-odatlar, an’analar, milliy qadriyatlar eskilik
salqiti sifatida past nazar bilan qaraladigan bo‘lib,
o‘zbekona marosimlardan ham bebahra bo‘la bordik. Zero shoir Muhammad Yusuf
aytganidek:
Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo‘lak
ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona
tilim.
Sen bo‘lmasang nima
bizga silliq she’rlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda dil yo‘q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘nmas gulim,
Ota tilim, kechir meni, ona
tilim.
Vaholangki, bundan olti asr
muqaddam so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ham o‘z ona tilini yuksaklarga
ko‘tarib, uning naqadar boy va go‘zal til ekanligini asoslab bergan. Turkiy tilda ham chiroyli, mazmunli, buyuk asarlar yaratish
mumkinligini isbot qilib beradi. Oybekning «Navoiy» romanida shoir
tilidan turkiy tilning buyukligi haqida shunday fikr keltiriladi: «… To go‘daklikdan boshlab fors tilida ham qalam surmoqdamiz.
Ammo tilimizning afzalligi biz uchun ulug‘ haqiqatdir.
Biz go‘daklikda bu haqiqatning ishqini ko‘nglimizga joy qilganmiz,
o‘lganimizgacha bu ishqni saqlaymiz! Shaharlarni, qishloqlarni, sahro va tog‘larni to‘ldirgan el-ulusimiz, urug‘-aymog‘imiz bor,
uning o‘z zavqi, fahmi-idroki bor. Biz elimizning zavqini, tabiatini nazarda
tutib, uning o‘z tilida qalam suraylikki, uning ko‘ngli fikr gullari bilan
to‘lsin. Turkona soz bilan tarannum etaylikki, elning yuragi mavjga kelsin…» («Navoiy» romani 136-bet).
Ma’lumki, shoh Husayn Bayqaro shoirning
bolalikdan qadrdon do‘sti, eng yaqin kishisi bo‘lgan.
Shoh va shoir ko‘p ishlarda maslahatdosh, hamfikr
bo‘lishgan, buning natijasida Husayn Bayqaro maxsus farmon bilan turkiy tilga
davlat tili moqomini beradi. Xurosonda XIV-XV asrlargacha
asosan fors tilida ishlar olib borilar edi. Alisher Navoiy va Husayn Bayqaro tashabusi bilan turkiy til o‘z maqomini
mustahkamladi. Ushbu tarixiy ahamiyatga molik ish besh asrdan keyin I.A.Karimov
tashabbusi bilan yana o‘zbek tiliga davlat tili maqomi
berilib qayta tiklandi. Xalqimiz bemalol o‘z ona tilida so‘zlashib, majlislar va idoralardagi ish qog‘ozlari ham sof o‘zbek tilida olib
borilishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada asta-sekinlik bilan
mustaqillik sharofatida milliy udumlarimiz, qadriyatlarimizga ham e’tibor
qaratila boshlandi.
Bir qarasam har shevangda ming
jilolar,
Har novdangda, har mevangda ming
jilolar.
Qodiriylar, Cho‘lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug‘ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas ota
tilim.
Aziz talaba, Siz
ham o‘z ona tilingizning qadriga eting! Birinchi navbatda siz bo‘lg‘usi pedagogsiz, murabbiysiz, ustozsiz. Shunday ekan,
pedagoglarga xos bo‘lgan nutq madaniyatiga e’tibor
qiling, zamonaviy bo‘laman, deb turli tillarning mazmunini tushunib-tushunmay
ba’zi so‘zlarini ishlatib o‘z nutqingiz sofligini buzmang. Hozirgi zamondachet
tilini bilish juda yaxshi, albatta, lekin hamma narsaning o‘z o‘rni va joyi
bor. Agar Biron chet tilida ham so‘zlasha olsangiz nur ustiga, ammo sof o‘zbek
tilida so‘zlashishga ham odatlaning. Zero, shoir Abdulla Oripov aytganidek:
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuni shubhasiz
Men ham to‘ti bo‘lib
qolaman.
IFTIXOR
«Bir gall ancha olis safarga chiqishga to‘g‘ri
keldi. Avval Germaniyaga uchdik. Undan Amerikaga. So‘ng Shveysariyaga. Keyin Angliyaga…
Nihoyat Londondan Toshkentga uchadigan bo‘ldik. Havo kemasiga chiqishimiz bilan osoyishta va yoqimli ovoz yangradi: «Assalomu alaykum, xonimlar va
janoblar! Sizlarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi nomidan
muborakbod etamiz!» Rostini aytsam, ko‘zimdan
yosh chiqib ketdi. Bu so‘zlar mening tilimda ona tilimda jarangladi! Vatanimdan
minglab chaqirim narida, tag‘in yuzlab xorijiy yo‘lovchilar o‘tirgan kemada!...
Aqalli mana shu holatning o‘zi uchun Istiqlolga
ming yuora ta’zim qilishga tayyorman!» (O‘.Xoshimov. Daftar hoshiyasidagi
bitiklar. T. 2006. 39-40 b).
5. TALABALARNING QADRIYATLARGA BOʻLGAN MUNOSABATI
Qadriyat – voqyelikdagi muayyan
hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy axloqiy, ma’daniy-ma’naviy ahamiyatini koʻrsatish
uchun qoʻllaniladigan tushuncha. Qadriyatlar
ishlab chiqarish sohasidagi faoliyat, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar
uchun foyda keltiradigan narsalar majmuasi sifatida yuzaga kelib, ayrim
kishilar ijtimoiy guruhlar harakatini tartibga soladigan ma’naviy hodisaga
aylanadi. Muayyan bir elat, milat, xalqning hayoti, turmush tarzi, tili madaniyati,
an’analari oʻtmishi va kelajagi bilan bogʻliq qadriyatlar milliy
qadriyatlar hisoblanadi.
Milliy
qadriyatlar murakkab
ijtimoiy - ruhiy hodisa boʻlib, u millatning tili, madaniyati, tarixi,
urf-odatlari, an’analarini, jamiki moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy,
ijtimoiy- siyosiy hayotining barcha tomonlarini qamrab oladi.
Bu sohada olib borilgan koʻp yillik ilmiy
izlanishlarimiz milliy qadriyatlar oʻzbek xalqining ma’naviy sifatlari,
moddiy boyliklarini hamda ijtimoiy- siyosiy an’analarini qamrab oladi deb
xulosa chiqarishimizga imkon berdi .
Milliy
qadriyatlar – muayyan bir millat, elat va xalq hayoti,
turmush tarzi, ularning oʻtmishi, kelajagi va yashayotgan ijtimoiy muhiti
bilan bogʻliqdir deb falsafa boʻyicha qomusiy lugʻatda ta’rif berib
oʻtilgan.
Bu chiqarilgan xulosa milliy qadriyatlarni oʻrganishda
talabalarda milliy gʻoya, milliy ong, milliy gʻurur tushunchalari
ketma-ketligini shakllantirish lozimligini koʻrsatdi. Chunki milliy gʻururi
boʻlmagan inson hyech qachon Vatan boyliklari qadriga yetmaydi, uni
asrashni xayoliga ham keltirmaydi, ya’ni vatanparvar, fidoyi inson boʻlib
yetisha olmaydi.
Rivoyat.
Toʻmaris. Oks sohilida qoʻr
tashlaganforslar hukmdori Kurush dala chodirida massagetlar huzuridan qaytgan elchining
hikoyasini tinglar edi.
-
Massagetlar gʻalati xalq ekan, shahanshohim. Kiyimlari juda oddiy. Ammo
ularda oltin-kumush serob ekan.
Elchi
shunday deganida sarkardalar oʻrtasida jonlanish boshlandi.
Axir
ular shu oltin-kumush deya uzoq oʻlkalardan bu yerga kelishmaganmi?
-
Oltin-kumush massagetlarda oddiy bir bezak, roʻzgʻor buyumi qatorida
koʻrilar ekan. Men koʻrgan hamma massagetning kiyimi-yu qurolida
oltin bor.
-
Oltin!
Lashkarboshi-yu
mulozimlar koʻzlarida yongan qiziqishdan ruhlangan elchi hikoyasini maroq
ila davom ettirdi:
- Ammo
bu sodda xalq sharob va may nimaligini bilishmas ekan. Ularda yigitlar qatori
qizlar ham uzoq chopisharkan. Qizlar chavandozlik va qilichbozlikda ulardan
sira qolishmas ekan.
-
Muddaomiz ne boʻldi? – sergak tortib soʻradi Kurush.
-
Massagetlar malikasi taklifimizni juda ustalik bilan rad etdi.
Shahanshohingizga men emas, yurtim kerak deb, endi hyech qachon turmush
qurmasligini aytdi. Sababi – oʻgʻli katta boʻlib qolganmish.
-
Necha yoshda ekan?
- Oʻn
sakkizda, shahanshohim. Uni koʻrdim, juda kelishgan va bahodir yigit. Ismi
Sparangiz.
Kurush
atrofida oʻtirgan sarkardalar va mulozimlarga koʻz yugurtirdi. Nigohi
chekkada oʻtirgan mulozimga qadaldi.
- Sen
nima maslahat berasan, Krez?
-
Menga qolsa, bu xalq bilan yaxshi aloqa oʻrnatib, orqaga qaytaylik,
shahanshohim! Massagetlar jangovar xalq ekanini bildik, ularning yigitlaridan
yaxshi qoʻshin yollasa boʻladi. Agar ular bilan doʻst boʻlsak...
Kurush
Krezning gaplariga tan bersa-da, boshqa maslahatchilar fikrini ham bilishni
istadi.
- Sen
ne deysan, Artabaz?
Sarkarda
Artabaz bosiqlik ila javob qildi
- Yana
bir elchi yuborib koʻrsak. Taklifimiz yerda qolsa, urush boʻlishini
tushuntirsak, shahanshohim!
Kurush
bu taklifni maqulladi.
Massagetlar
malikasi Toʻmaris forslar yuborgan elchining soʻzlarini tinglab boʻlgach,
unga oʻz javobini aytdi.
- Biz
urushdan qoʻrqmaymiz va oʻz ona yerimizni himoya qilamiz. Shohingga
ayt.
Bu
kabi rivoyatlar talabalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalab, ularni
Vatanimiz tarixi bilan yanada yaqindan tanishtirib, bugungi mustaqillik uchun
ajdodlarimizning olib borgan jasoratlari haqida ma’lumot beradi. Bunday
rivoyatlarda milliy qadriyatlarimiz oʻz ifodasini topadi.
1 Joʻrayev N. Agar ogoh sen … – Ò.: «Sharq»,
1998. 212-213-betlar.