TALABALARNING OʻZ
OILASIGA MUNOSABATI
OILA –
JAMIYaTNING ASOSI, DAVLAT QUDRATINING MANBAI |
Aziz talaba, shuni bilingki, Sharq
xalqlarida azaldan oila muqaddas sanalgan, uni muqaddas Vatan deb
hisoblaganlar. Oila
muqaddasligining darz ketishiga yoʻl qoʻymaganlar. Bundan 30
asr muqaddam ikki daryo oraligʻida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan
ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy ma’naviy merosi boʻlmish «Avesto»da ham oila muqaddasligiga
alohida e’tibor qaratilib, naslning pokligiga, tozaligiga katta ahamiyat
berilgan. Undagi oila mustahkamligi, kishilar oʻrtasidagi
(oila a’zorlari oʻrtasidagi) munosabatlar qat’iy axloqiy-huquqiy
tamoyillar bilan mustahkamlangan. Jumladan, mazkur ta’limot boʻyicha oila
a’zolari oʻrtasidagi belgilangan kelishuvning buzilishini qasamni buzish
bilan tenglashtirilgan. Bu muqaddas kitobning guvohlik berishicha,
zardushtiylar qonun-qoidasida er-xotin oʻrtasidagi shartnoma buzilishi –
50 karrali, kuyov-qaynona oʻrtasidagi shartnoma buzilishi – 80 karrali,
aka-uka oʻrtasidagi shartnoma buzilishi – 90 karrali, ota-bola oʻrtasidagi
shartnoma buzilishi – 100 karrali jinoyat hisoblangan. Bulardan tashqari ulugʻ
yoshdagi kishilarga soʻz qaytarish tanbeh (ogohlantirish)ga loyiq jinoyat
hisoblangan yoki farzandning otaga qoʻl koʻtarishi ogʻir jinoyat
hisoblanib, unga tan jazosi belgilangan [Hasanboyev J.H., Toʻraqulov X.A.
va boshq. Milliy pedagogikamiz tarixiy ildizlari va barkamol avlod tarbiyasi.
Jizzax, 2007, 17-bet]. Bu esa «Avesto» ta’limotida oila mustahkamligi va
muqaddasligiga qaratilgan e’tibor hamda axloqiy-huquqiy tarbiyaning yorqin koʻrinishidir.
Islom asosi boʻlgan Qur’oni karim va Hadisi shariflarda ham oilaning
muqaddasligi, oilada tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat boʻlishligiga
alohida urgʻu berilgan. Jumladan, Hadisi
sharifda keltirilishicha, ota-onalar bolani dunyoga keltirishga sabab boʻlganliklari
uchun emas, balki uni odobli, hayoli, axloqli qilib voyaga yetkazganliklari
uchun olqishga sazovordirlar. Demak, ota-onalar farzandlarini tarbiyalab voyaga
yetkazar ekanlar, oʻz navbatida farzand ham shunga munosib ota-onaning
hurmatini joyiga qoʻyishi lozim. Sharq pedagogikasining qomusi boʻlmish,
XI asrda yaratilgan Kaykovusning
«Qobusnoma» asarida ham oila mustahkamligi, unda ota-ona va farzandning oʻrni,
oʻzaro munosabatlarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, «Ey farzand,
garchi mol aziz boʻlsa ham, xotin va farzandingdan darigʻ tutmagʻil.
Ammo xotinni pokdil, farzandni farmonbardor va mehribon tutgʻil, bu ish
sening koʻnglingdadur» (Qobusnoma, 103-bet). Bu oʻrinda Kaykovus oila
boshligʻi boʻlgan otaga oʻz jufti haloliga nisbatan samimiy,
farzandlariga nisbatan bir soʻzli va mehrli boʻlishligini uqtirgan.
Buyuk alodatli davlat barpo etgan bobokalonimiz Amir Temur ham naslning davomchilari boʻlmish kelin tanlashni
muhim davlat ahamiyatiga molik ish deb qaraganlar. Kelin boʻlmishning
nasl-nasabini surishtirib, sogʻlom va aql-farosatli ekanligiga ishonch
hosil qilganlaridagina farzandlari yoki nabiralarini uylantirganlar. Bugungi
kunda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, oilaga boʻlgan
e’tibor yanada oshdi. Buni biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan
islohotlarda yaqqol koʻrishimiz mumkin. Birgina misol qilib, mustaqillik
qoʻlga kiritilgandan soʻng ijobiy an’anaga aylangan har bir yilga
alohida nom berish va shunga munosib ishlarni amalga oshirish jarayonini koʻrishimiz
mumkin. Masalan, 1997 yil – «Inson manfaatlari yili», 1998 yil – «Oila yili»,
1999 yil – «Ayollar yili», 2000 yil – «Sogʻlom avlod yili», 2001 yil –
«Onalar va bolalar yili», 2002 yil – «Qariyalarni qadrlash yili», 2003 yil –
«Obod mahalla yili», 2004 yil – «Mehr va muruvvat yili», 2005 yil –
«Sihat-salomatlik yili», 2006 yil – «Homiylar va shifokorlar yili», 2007 yil –
«Ijtimoiy himoya yili», 2008 yil – «Yoshlar yili», 2010 yil – «Barkamol avlod
yili», 2012 yil – «Mustahkam oila yili», 2013 yil – «Obod turmush yili», 2014
yil – «Sogʻlom bola yili», 2015 yil – «Keksalarni e’zozlash yili», 2016
yil – «Sogʻlom ona va bola yili», 2017 yil – «Xalq bilan muloqot va inson
manfaatlari yili» deb e’lon qilindi. Bularning barchasi, albatta jamiyatning
asosini, davlatning qudratini tashkil etuvchi oilaning farovonligi, mustahkamligi, tinch-totuvligi va sogʻlomligiga
qaratilgandir. Chunki oila farovon boʻlsagina jamiyatda barqarorlik
vujudga keladi. Shunday ekan Siz yoshlar
ham oilani muqaddas biling, oilada
ota-ona, aka-uka, opa-singil, er-xotin va farzandga boʻlgan oʻzaro
hurmat va mehr-oqibatni mahkam tuting!»
Shu oʻrinda oiladagi munosabatlar har xil
koʻrinishda amalga oshiriladi. Ular:
1. Ota-onaga boʻlgan munosabat.
2. Aka-uka va
opa-singilga boʻlgan munosabat.
3. Farzandga munosabat.
4. Boshqa qarindoshlarga munosabat.
5. Oilaviy urf-odat, an’ana va qadriyatlarga
munosabat.
OTA-ONAGA BOʻLGAN
MUNOSABAT
BOShNI
FIDO AYLA ATO QOShIG’A, JISMNI
QIL SADQA ANO BOShIG’A. IKKI
JAHONINGGA TILARSÅN FAZO, HOSIL
ET UShBU IKKISIDAN RIZO. TUN-KUNIGGA
AYLAGALI NURFOSh, BIRISIN OY AYLA, BIRISIN QUYoSh. |
Ota-onangizga
hamisha mehribon boʻling!
Hadisdan.
Rivoyat. Bir yigit
baqlajonni juda xush koʻrar ekan. Undan taom pishirib, endi yeyman deb
tursa, safarga ketgan onasi kelib
qolibdi. U juda ochiqqan ekan. Boshqa tayyor taomi yoʻqligi uchun,
farzandi uning oldiga baqlajondan
tayyorlangan taomni qoʻyibdi. Ona nihoyatda och boʻlgani uchun bu kamtarona taomni
yeb turib, beixtiyor:
- baqlajon ham juda xushxur taom boʻlar ekan, -
deb yuboribdi.
Bu soʻzni eshitib qolgan oʻgʻli
darhol baqlajonni maqtay ketibdi. Biroq onaning qorni bir oz toʻygach,
me’dasiga tegibdi: «Shu ham ovqat boʻldimi,
hali toʻymasingdan me’dangga tegadi», degan ekan, oʻgʻli oʻsha zahotiyoq
baqlajonni yomonlay boshlabdi. Buni eshitgan onasi:
- hoy oʻgʻlim, hozirgina baqlajonni
maqtayotgan eding, endi esa uni yomonlay
boshlading, bu qanaqasi? – debdi.
Shunda oʻgʻli:
- Ey onajonim, men baqlajonni emas, sizning oʻgʻlingizman.
Shuning uchun sizga xush yoqadigan narsalarni gapirishim kerak, - deb javob beribdi.
Sen ham, ey farzandim, onasiga sodiq shu oʻgʻil
kabi ona xalqingga sodiq boʻl, uning rayiga qarab harakat qil.
Qadriyatlarimizni, an’analarimizni doimo ulugʻla. Agar bordi-yu, shoir yozuvchi boʻlsang, uning madhini
kuyla, xohish-irodasini tarannum et. Negaki sen shu ona xalqning farzandisan.
Farzand esa hech qachon onasining xohish-irodasiga qarshi ish qilmaydi.
Qissadan hissa shuki, bu rivoyat zamirida onaga boʻlgan mehr-muhabbat,
ishonch-hurmat yotibdi. Shuning uchun ham
farzandning onaga boʻlgan sodiqligi, vatanga boʻlgan
sodiqligini yanada shakllantirish va
singdirish, onaning xohish irodasi bir amr sifatida bajarishni koʻrib bundan
ibrat-namunasini shakllantirishi mumkin.
Qur’oni Karimda
takidlanishicha, ota-ona bilan muloqotda boʻladigan farzand besh narsani
bilishi kerak. Muloqot chogʻida u:
- ota-onalari
qattiq-qurum gapirib yuborganlarida ham ularga malol kelib «uff» demasliklari;
- ota-onani xafa
qiladigan soʻz soʻzlamasliklari;
- ota-onalarga doimo
ehtirom bilan yaxshi soʻzlarni soʻzlashlari;
- ota-onalarga doimo
rahm-shafqat koʻrsatib, oʻzini ularning oldida kamtar tutishlari;
- Allohdan ota-onalariga rahmat tilab duo
qilishlari lozim ekanligi uqtiriladi.
Ota-ona farzandlariga avvalo yaxshi ism qoʻyishlari,
yaxshi muallimga berib savodli qilishlari, ilmli, hunarli qilishlari va vaqti yetganda uyli-joyli qilishlari lozim.
Onangni hurmat qil, aziz bil shundoq,
U loyiq ardoqqa har choq.
Dunyoda onadek suyuk zot yoʻqdir,
Uningdek buyuk ham yoʻq
erur mutloq.
Otangni e’zozla, boshingga koʻtar,
Asrab avaylayu, sha’nin ulugʻ
tut.
Hayyo huyt, deguncha yoshliging oʻtar,
Otangga qilganing oʻz oʻgʻlingdan
kut.
«Ey
farzand, bilgʻilkim, aql yuzasidin farzandgʻa ota-onani izzat va
hurmat qilish vojibdur, nedinkim, uning asli ota va onadir. Ota va onani nima uchun hurmat qilurman, deb koʻnglinggʻa
kelturmagʻil, bilgʻilki, ular sening uchun oʻlimgʻa ham
tayyor turadurlar.
Har farzandki, oqil va
dono boʻlsa, hech vaqt ota-onaning mehr haqqini ado qilmoqdin holi boʻlmagʻusidur.
Ota-ona farmonbardordur. Bu farmonbardorlikda ham ish
boʻlgʻay va ham farmon boʻlgʻay.
Ota-onaning ishi sening ishi seni parvarish qilmoqdur va
farmoni senga yaxshilik oʻrgatmoqdur. Ey farzand, shul
vajdan ota-onangni sagʻal ham ranjitmagʻil.
Ota-ona seni jon va dil
bila parvarish qilmishlar. Agar ul haqida kamchiliklar
qilsang, taqsir koʻrguzsang, sen hech yaxshilikka sazovor emasdursan,
nedinkim, har kishi aslini yaxshiligʻin bilmasa, oʻzganing ham
yaxshiligʻin bilmagʻusidur. Oʻz
farzanding sening haqingda qanday boʻlishin tilasang, sen ham ota-onang
haqida shunday boʻlgʻil, nedinkim, sen ota-onangga nima ish qilsang,
farzanding ham sening haqingda shundoq ish qilur, chunki odam mevaga, ota-ona
daraxtga oʻxshaydur. Daraxtni har qancha yaxshi tarbiyat qilsang,
mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq bulur. Ota-onangga izzat va hurmatni qancha koʻp qilsang, ularning
duosi shuncha tezroq mustajob boʻlur».
«Qobusnoma»dan, (36-bet) .
Aziz
talaba, mana koʻrdingizmi salkam oʻn asr muqaddam ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy
merosimiz boʻlmish mazkur ta’limiy-axloqiy asarda ham farzandlarning
ota-onalarni hurmat va izzat qilishlari uqtirilgan. Demak,
azal-azaldan xalqimiz ota-onani ulugʻ bilib, farzandlarni doimo ularning
xizmatida sobit turushliklariga, izzat-hurmatlarini oʻz oʻrniga qoʻyishga
alohida e’tibor qaratgan ekanlar. Shunday ekan aziz talaba Siz ham ota-onangizning duosini olish uchun
quyidagilarga e’tibor bering:
- doimo ota-onangizning
hurmatini joyiga qoʻying;
- ota-onangizning soʻzini
ikki qilmang, xizmatini ado eting;
- ularning koʻngliga ogʻir botadigan ish
tutmang;
- har qanday vaziyatda ham ota-onangizning
roziligini oling;
- doimo ota-onangiz sizning ortingizdan rahmat eshitishiga
harakat qiling shundagina siz ham ularning duosiga loyiq boʻlasiz. Ota-ona
duosini olgan farzand el orasida azizu mukarram boʻlishi tayin.
AKA-UKAGA BOʻLGAN
MUNOSABAT
Rivoyat: Aytishlaricha,
podshoh bir ayolning eri, oʻgʻli va akasini zindonga solibdi. Ayol
bechora bu musibatga chiday olmay podshoh huzuriga borib, ularni ozod qilishini soʻrabdi.
Podshoh unga:
- Mayli, shuncha olis masofadan najot izlab
kelibsan, noumid boʻlma. Uchovidan bittasini ozod etaman. Qay biri ekanini
oʻzining tanla, - debdi.
Ayol akasini tanlabdi. Shunda podshoh:
- Ey ayol, sen nega oʻgʻlingni ham emas,
erinnig ham emas, akangni ozod qilishimni tanlading, - deb soʻrabdi;
- Buning sababi shundaki, - debdi ayol, - yurtda
erkak koʻp, nasib etsa birortasiga turmushga chiqarman. Keyin xudo bersa,
farzandlik ham boʻlarman. Biroq mening onam yoʻq. Shunday ekan, endi
menga hech kim aka tugʻib bera olmaydi!
Ayolning bu javobi podshohni lol qoldiribdi. Uning
mehri tovlanib, ayolning eri va oʻgʻlini ham ozod etibdi.
Rivoyat: Bir podshoxning
oʻgʻli urushda vafot etibdi. Podshoh juda qaygʻuribdi. Koʻp
oʻtmay ikkinchi oʻgʻli ham vafot etibdi. Podshohning yana boshi
egilibdi. Ammo podshohning kulfati shu bilan tugamabdi. Uning uchinchi oʻgʻli
ham vafot etibdi. Lekin podshoh bosh egib, qaygʻursa-da, toqat qilibdi,
chidabdi.
Ammo choparlar unga ukasining ham vafot etganligi
haqidagi habarni keltirishganida oʻzini tuta olmay, beixtiyor oh tortibdi.
Dod deb faryod chekib koʻz yosh toʻkibdi. Shunda uning a’yonlari:
-Ey muhtaram
olampanoh! Bosh oʻgʻlingiz oʻldi, yigʻlamadingiz, oʻrtancha
oʻgʻlingiz oʻldi yigʻlamadingiz, uchinchi oʻgʻlingiz
oʻldi faryod chekmadingiz, lekin ukangiz oʻlsa shunchalik faryod
chekib yigʻladingizki, bizning ham yurak – bagʻrimiz qon boʻldi.
Bunga sabab nimada?
- Ex,
a’yonlarim, - depdi podshoh, - oʻgʻillarim oʻlgan boʻlsa,
xotin yana tugʻib beraveradi. Ammo ukam oʻldi. Endi menga uka tugʻib
beradigan onam yoʻq!
FARZANDGA BOʻLGAN
MUNOSABAT
Bu omillar
oilada bolani axloqiy tarbiyalashning mazmunini tashkil etadi va ular bir qator pedagogik xususiyatlarni oʻz ichiga
oladi. Bular
quyidagilardan iborat:
1. Ayrim oilalarda bolalarning tarbiyasi
faqat onalar zimmasida, ota esa bu ishdan oʻzlarini chetga oladilar. Goʻyo
farzandlarini bogʻcha, maktab tarbiyalab berishlari shart. Tarixiy tajriba
shundan dalolat beradiki, qadimdan oʻgʻil bolalar tarbiyasi bilan
otalar, qiz bola tarbiyasi bilan onalar shugʻullanganlar, ammo ular asosan
erkaklar nazoratida boʻlgan.
2. Ota-onalar bolalarga birdek
munosabatda boʻlishlari, bir xil mehribon va gʻamxoʻr, talabchan
va qattiqqoʻl boʻlsalar bolalar hayoti butun va mukammal boʻladi.
Biri talab qilganda, ikkinchisi yonini olsa tarbiya buziladi. Bolalariga haddan
tashqarii mehribonchilik qilayotgan ota-onalar ularni hurmat qilishdan oldin, oʻzlari
ham hurmat qilishni oʻrgatishlari zarur.
3. Koʻpgina
ota-onalar bolalarini tarbiyalash borasida oʻz vazifalari va burchlarini toʻla his qilmaydilar. Boshqacharoq
aytganda, ularda pedagogik tayyorgarlik yetishmaydi. Zotan, oilaviy tarbiya,
avvalo, ota-onalarning oʻzlarini-oʻzlari tarbiyalash demakdir. Chunki
bola ayni paytda ta’sir obyekti va subyektidir. Biroq
ota-ona bola ana shunday obyekt ekanligini sezmasligi uchun harakat qilishi
kerak. Ammo barcha
ota-onalar ham buni tushunib yeta olmaydilar.
4. Oila hayotini toʻgʻri
tashkil qilish, oilada sogʻlom axloqiy muhitni yaratish lozim. Bu
ishda hech qanday mayda-chuydalar boʻlmasligi kerak. Har bir narsa bolaga
ta’sir qiladi. Ana shu narsa ta’sir natijasida salbiy yoki ijobiy odatlar,
turlicha xulq-atvorlar paydo boʻladi. Ota-onalarning har bir
hatti-harakatini bolalar kuzatib turadi. Shuning uchun bolaga u yoki bu ishni
qil yoki qilma deb nasihat qabilidagi oʻrgatish yoʻli bilan tarbiyalayman,
deb oʻylamaslik kerak.
5. Har
bir ota-ona bolasini barkamol inson boʻlishini istaydi. Farzandini ana
shunday inson boʻlishidan nafaqat ularning oʻzi, balki jamiyat ham
manfaatdor. Ota-onaning fuqarolik burchi ham shuni taqozo etadi. Shunga koʻra
har bir ota-ona, eng avvalo, mamlakat uchun boʻlajak fuqaroni
tarbiyalayotganini unutmasligi lozim.
6. Ota-ona
shaxsining oʻzi bola tarbiyasida muhim rol oʻynaydi. Ularning oqilona
oʻgitlari, pand-nasihatlarining hech biri, ularning shaxsiy namunasi oʻrnini
bosa olmaydi. Bolalarning axloqiy fazilatlarini tarkib topishida, oiladagi oʻzaro
ahillik, halollik va rostgoʻylik, oʻzaro
ishonchning mavjudligi, umuman sogʻlom axloqiy muhit muhim ahamiyatga ega.
7. Oilada
bolani sevish, ularning shaxsiyatini himoya qilish va
hech qachon ularni izzat-nafsiga tegmaslik zarur. Bunday jazolash usuli bola
nafratini kuchaytiradi. Har qanday gʻamxoʻrlik talabchanlik bilan
olib borilgani maqsadga muvofiqdir.
8. Har
bir oilaning oʻziga xos boʻlgan an’analari mavjud bu an’analar bola
ongiga, uning xulq-atvoriga juda kuchli ta’sir qiladi. Masalan: oila
a’zolarining tugʻilgan kunlarini oʻtkazish, qarindosh-urugʻlar
holidan xabar olish va hokazalar.
9. Bola
tarbiyasida ota-onaning ishxonasidagi, mahalla va qoʻni-qoʻshnisi
oldidagi obroʻyi ham katta rol oʻynaydi va bolalarida ularga nisbatan
faxrlanish hissini uygʻotadi. Ular shu ruhda tarbiyalanadilar.
Shunday qilib, oilaviy tarbiyaning oʻziga xos xususiyatlari va ta’sir qilish omillari mavjud. Bularni
hisobga olmasdan turib, bola tarbiyasini oilada yaxshi yoʻlga qoʻyish
mumkin emas. Buning uchun, avvalo, ota-onalarning oʻzlari
tarbiyalangan boʻlishlari lozim. Ota-onalarning
butun hayoti, ularning fuqarolik qiyofasi, ma’naviy dunyosi bola tarbiyasining
negizini tashkil etadi. Zotan, ota – ona bolalari uchun aziz va muqaddas kishilardir. Shu asababli
ularga taqlid qiladilar, ularga oʻxshashga intiladilar. Oiladagi
tarbiyani yuqoridagi xususiyatlarini hisobga olish, bolani axloqiy jihatdan
tarbiyalashda, milliy axloqiy qadriyatlardan foydalanishning mohiyatiga, uning
oʻziga xosligi va ahamiyatini tahlil qilishga
yordam beradi. Milliy mustaqillik sharoitida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy,
iqtisodiy va ma’naviy hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar
tabiiy ravishda va qonuniy tarzda xalqning ravnaqiga yoʻl ochdi,
mustaqillikni mustahkamlashga samarali ta’sir koʻrsatdi. Natijada, bu tarixiy jarayonlar oilada bola tarbiyasida ham oʻz
aksini topa boshladi. Buning uchun ota-onalarning oʻzida
milliy qadriyatlarga nisbatan munosabat oʻzgarmogʻi lozim.
Ular bolalarni ota-bobolarining pand-nasihatlari, oʻgitlari, tajribalari
asosida eng yaxshi va oliyjanob an’analar ruhida
tarbiyalab kelganlar.
“Ey farzand,
agar farzanding boʻlsa, anga yaxshi ot qoʻygʻil, nedinkim,
otadin farzand haqlaridan biri unga yaxshi ot qoʻymoqdur. Yana biri
uldurkim, farzandni oqil va mehribon doyalargʻa topshirgʻaysan.
Sunnat qilur vaqtida sunnat qilgʻaysan, qudratinga loyiq toʻy va
tomosha qilgʻaysan hamda oʻqishni oʻrgatgʻaysan. Ulugʻroq
boʻlgʻondin soʻng, agar raiyat (tobe xalq) boʻlsang, unga
hunar va kasb oʻrgatgʻaysan, agar sipoq ahlidin (harbiy kishilar) boʻsang,
sipoh ilmin oʻrgatgʻaysan. Bularni bilgʻondin soʻng
shinovarlik, ya’ni suvda yuzmakni oʻrgatgʻil. Bas, kerakdurkim, har
turli fazl va hunarni farzandingga oʻrgatgʻaysan, to otaliq shafqati
shartin bajo keltirmush boʻlgʻaysan. Kishi boshiga na ish tusharin
bilmagʻusidur, fazl na hunar ishga yaratgʻusidur.
Demak, farzandingga hunar va fazl oʻrgatmakda
taqsir qilmagʻil va har ilmni oʻrgatuvchi muallimlar ta’lim uchun
ursalar, sen shafqat koʻrguzgil, mayli ursinlar, nedikim, yosh oʻgʻlon
ilm va adabni tayoq bila oʻrganur va oʻz ixtiyori bila oʻrganmas.
Ammo farzand beadab boʻlsa va sening ul sababdin qahring kelsa, oʻz
qoʻling bila urmagʻil, muallimlarning tayogʻi bila qoʻrqutgʻil.
Bolalarga muallimlar adab bersinlar, toki sendin oʻgʻlingning koʻnglida
gina qolmasin.
Farzandga adab, hunar oʻrgatmakni meros deb
bilgʻil. Agar sen xoh unga adab oʻrgatgʻil, xoh oʻrgatmagʻil
turmush mashaqqatlarining oʻzi unga oʻrgatur. Undoqkim debdurlar,
ota-ona tarbiyalamasa, kecha va kunduz uni tarbiyalaydur”.
«Qobusnoma»dan, (104-105-bet) .
OILAVIY URF-ODAT,
AN’ANA VA QADRIYATLARGA BOʻLGAN MUNOSABAT
Har
bir xalqning ijtimoiy-madaniy hayotida azaliy an’ana, urf-odat, marosim,
bayramlar alohida oʻrin tutadi. Ular kishilar turmush tarzining oʻziga xos hodisasi sifatida
namoyon boʻladi. «An’ana», «odat», «marosim»
bevosita «bayram» tushunchasi bilan bogʻliq.
«An’ana» -
tarixiy taraqqiyot jarayonida va ijtimoiy ehtiyojlar
orasida vujudga keladigan, avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtadigan,
kishilar ma’naviy hayotiga ta’sir koʻrsatadigan madaniy hodisadir. Xalq
an’analari – uzoq taraqqiyot jarayonida insonlarning ijtimoiy-ma’naviy
ehtiyojlari asosida vujudga kelib, ularning aqliy-ijodiy faoliyati asosida,
atrof-muhit, tabiat, mehnat jarayonida bogʻliq holda avloddan-avlodga oʻtib,
taraqqiy etgan va asrlararo ajdodlar fikri, orzu-oʻylari,
tajribalari, yutuqlari va boshqa qadriyatlarini mujassamlashtirgan bebaho
ijtimoiy-madaniy merosga aylangan.
Urf-odat
kishilarning turmushiga singib ketgan, ma’lum muddatda takrorlanib turuvchi
xatti-harakat, koʻpchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari koʻnikmasidir.
Masalan: kichiklarning kattalarga salom berishi, uy-hovlini tartibga keltirish,
mehmonlarga alohida xizmat koʻrsatish, bayram arafasida keksa qariyalar,
kasal, ojiz, qiynalgan kishilar holidan xabar olish, qoʻni-qoʻshnilarni
biror ishiga yordam berish, hasharga borish kabilar oʻzbek xalqiga xos
yaxshi odatlar hisoblanadi.
An’ana
ijtimoiy hayot, mehnat, madaniyatning barcha sohalariga xos hodisa sifatida
juda keng doirani qamrab oladi. Urf-odat esa muayyan bir
kishining turmush tarzi xatti-harakati, xulq-atvori, muloqoti va oilaviy munosabatlarida namoyon boʻladi.
Marosim –
inson hayotidagi muhim voqyealarni nishonlashga qaratilgan, rasmiy va ruhiy koʻtarinkilik vaziyatida oʻtadigan,
tartib-qoidalarga amal qilinadigan tadbir sanaladi. Masalan: ism qoʻyish,
nikohdan oʻtish, dafn qilish, xotiralash, urugʻ qadash marosimlari.
An’ana,
urf-odat, marosim bir-biri bilan bevosita bogʻliq hodisa sanaladi. Shu bois an’analarning tarkibiy qismi urf-odat, urf-odatning
tarkibiy qismi esa marosim ham boʻlishi mumkin.
Oilaviy marosimlar oila paydo
boʻlishi bilan vujudga kelgan. Shu
bilan birga oʻzgargan rivoj topgan. Taraqqiyot, zamon talabiga javob
bermagan odat marosimlar unitilgan. Ularning oʻrnini esa oila
ehtiyojlarini qoniqtiradigan yangi marosimlar egallagan. Milliy
an’analar ma’naviy sogʻlom oilani barpo etadi.
Oʻzbek xonadonlarida asrlar mobaynida hukm
surib kelayotgan ertalabki kelin salom, kelinlarning barvaqt turib hovli va
darvoza oldilarini supurib-sidirib qoʻyishlari va keksa
qaynona-qaynotalarga nonushta tayyorlab, tavoze bilan choy uzatishlari milliy
ma’naviy qatriyatlarimizga yorqin misol boʻladi. Ajoyib milliy
urf-odatlarimiz odamlarni hamjihatlikka, birodarlikka va samimiyatga chorlaydi.
Oilaviy
bayramlarimiz nishonlash, yoshlar tarbiyasida alla, ertak, xalq moqol va
matallaridan, qoʻshiqlardan samarali foydalanish, birgalikda madaniy
hordiq, chiqarishini, milliy sport oʻyinlari va musobaqalarini, tarixiy
obidalar va qadamjolarga sayohatlarni uyushtirish, boshqa millat ma’naviyatiga
hurmat bilan munosabatida boʻlish, oila kitobxonligini tashkil etish,
oilada til, muloqat va kiyinish madaniyatiga alohida e’tibor berish,
farzandlarga kasb-hunar oʻrgatish, oilada boʻsh vaqtni ijtimoiy
foydali mehnat vositasida samarali tashkil etish oila ma’naviyatini
shakllantirishni muhim sharti hisoblanadi.
Milliy urf-odatlarimiz,
ota-bola, qaynona-kelin, qarindosh-urugʻchilik va hokazo ma’naviy
ziynatlarimizni oʻylasak, koʻz oldimizga birinchi galda Abdulla
Qodiiyning «Oʻtgan kunlar» romani keladi. Nazarimda, oʻzbek xalqining
milliy fazilatlarini ulugʻlovchi, uni dunyodagi eng noziktab xalqlar
qatoriga olib chiqib, koʻz-koʻz qilgan bu romanga teng keladigan asar
hamon yaratilgani yoʻq.
Hozirgi
paytda jamiyatimiz oldida shaxs, oila turmush tarzini yaxshilash va u bilan bogʻliq
oilaviy an’analar, urf-odatlar, marosimlarga e’tibor qaratish muhim muammo boʻlib
turibdi. Oilaviy maromislar xalq ma’naviyatining tarkibiy qismi, muhim axloqiy
qadriyati, ta’sirchan tarbiya vositasi sanaladi. Oilaviy marosimlar jarayonida
namoyon boʻladigan axloq- odob, mehr-oqibat kabi xislatlar yoshlar
ma’naviyati shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Xalq an’analari qadrlanadigan
oilalarda tarbiya topgan yoshlar ibratli axloqi bilan boshqalardan ajralib
turadi. Bunday oilalardan jinoyatchi, bezori kishilar chiqmaydi. Shu bois xalq
an’analari va oilaviy urf-odatlar yordamida yoshlarni tarbiyalash muhim
ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki,
jamiyat asosini oila va uning a’zolari tashkil qiladi. Jamiyatning taraqqiyoti
oila, shaxs rivojlanishi bilan belgilanadi. Marosim va bayramlar inson
hayotining uzviy qismi hisoblanadi. Har bir kishining shaxsiy hayotida bunday
muhim voqyealar, bosqichlar mavjudki, ular alohida e’tiborni, xursandchilik
taqozo etadi. Bu hodisalar oʻziga xos tantana va bayram tarzida
nishonlanadi. Farzandning tugʻilgan kuni, unga ism qoʻyish, bolaning
ilk qadam qoʻyish, oʻgʻil-qizning birinchi bor maktabga borishi,
maktabni bitirishi, nikoh toʻyi, kumush, oltin va olmos toʻylari
nafaqaga kuzatish kabilarni tantanali tarzda nishonlash inson hayotida ijtimoiy
xarakterga ega boʻlgan koʻpgina hayajonli hodisalar ham yuz
beradigan, ular ham bayramona yoki tantanali kayfiyat yaratadi. Oliy va oʻrta
maxsus oʻquv yurtiga kirib, talaba boʻlish, uni tugatish, ishga
kirish, 40, 50, 60, 70, 80 yoshnini nishonlash marosimlari kishi hayotida
shunday voqyealar sirasiga kiradi.
Oilada yosh
avlodni ota-ona namunasi oila an’analari, shajarasi, kasb-kori,
axloqiy-ma’naviy qadriyatlari asosida tarbiyalash, ular ongida oilaga sadoqat,
oʻzaro mehr-muhabbat, hurmat hissini shakllantirish vositasida ularni oilaviy
hayotga tayyorlash kutilgan natija beradi.