TALABALARNING
O‘QUV MASKANIGA BO‘LGAN MUNOSABATLARI
Pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalarida,
avvalo, o‘zlari tahsil olayotgan o‘quv maskaniga mehr qo‘yish, uni
astoydil hurmat qilish his-tuyg‘ularini yuksaltirish lozim. Buning uchun esa talabani o‘quv maskani faoliyati,
qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan to‘liq tanishtirish maqsadga muvofiqdir. Bu o‘rinda
shu o‘quv maskanini tamomlab, bugungi kunda nufuzli
joylarda faoliyat yuritayotgan sobiq talabalar faoliyati, ularning mazkur o‘quv maskani
to‘g‘risidagi fikrlari bilan talabalarni yaqindan tanishtirish
ham ijobiy samara beradi.
DARS SIFATIGA
MUNOSABAT
Dars-bevosita oʻqituvchi yetakchiligida
muayyan oʻquvchilar guruhi bilan oʻtkaziladigan
oʻquv mashgʻulotidir. Dars mashgʻuloti
qat’iy jadval asosida olib boriladi. Darsning asosiy
belgilaridan biri ilmiylikdir. Darsda oʻrganiladigan bilimlar hozirgi
zamon fani yutuqlarini oʻzida aks ettirishi, ta’lim jarayoni maqsadi hamda
bolalarning real bilish imkoniyatlariga mos boʻlishi zarur.
Dars-jamoa mehnati jarayoni. Darsni
ijodiy tashkil etish, vaqtdan unumli foydalanish, mashgʻulotlarni oʻz
vaqtida oʻtkazish bolalarda jamoa boʻlib ishlay olish koʻnikmalarini
shakllantirish, oʻzaro yordam va bolalar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish
yoʻllari bilan mashgʻulotlar jamoa mehnati jarayoniga aylantiriladi.
Darsga qoʻyiladigan
talablar
Didaktik yoki ilmiy talablar
sirasiga quyidagilar kiradi.
1. Har bir
darsning maqsadini aniq belgilash
2. Darslarning
optimal mazmunini, oʻrganiladigan bilimlar koʻlami, shakllantiriladigan
koʻnikma va malakalarni oldindan aniqlab qoʻyish.
3. Darsni tashkil
etishga oid ta’lim metodlarini, vositalarini tanlash, oʻquvchilar bilish
faolligini ragʻbatlantirish, oʻquv topshiriqlari, mustaqil ishlarni
ta’limga tatbiq etish.
4.Ta’lim qoidalarini
(ilmiylik, faollik, izchillik, fanlararo aloqa va h.k) ogʻishmay amalga
oshirish.
Darsga qoʻyiladigan tarbiyaviy
talablar qatoriga quyidagilar kiradi:
1.Darsda oʻrganiladigan
oʻquv materiallari boʻyicha tarbiyaviy xulosalar chiqarish.
2.Nazariy bilimlar
asosida ilmiy dunyoqarashni rivojlantirish.
3.Bolalarda oʻqishga
oid ijodiy motivlarni uygʻotish, bilish, oʻqish-oʻrganishga
havas ishtiyoq, qiziqishni shakllantirish.
4. Dars
jarayoniga, pedagogik takt qoidalariga rioya qilish.
Darsga qoʻyiladigan
tashkiliy talablar jumlasiga quyidagilar kiradi.
1.Dars uchun
puxta yoʻnalgan konspekt yoki reja tuzish.
2.Darsning
bosqichlariga (dars bosqichlarining oʻzaro bogʻliqligi, darsda amalga
oshiriladigan ishlar, oʻquv topshiriqlarining oʻzaro aloqadorligiga)
rioya qilish.
3.Dars tezligini
oʻquvchilarning tayyorgarligiga moslashtirish.
4.Dars uchun
ajratilgan vaqtdan toʻlaqonli foydalanish.
Yangi
oʻquv materialini oʻrganish va mustahkamlash darslari
Yangi oʻquv
materialini oʻrganish va mustahkamlash darslari ta’lim jarayonining eng koʻp
qismini ishgʻol qiladi. Bu dars turining asosiy vazifasi turli oʻquv
fanlariga oid qonuniyatlarni, gʻoyalarni, omillarni oʻrgatish va
ularni dastlabki mustahkamlashdir.
Bilimlarni oʻzlashtirish
keng tushunchadir. Oʻzlashtirishniig uch xil darajasi mavjud: bilimlarni
idrok etish, ma’nosiga tushunish, xotirada saqlash darajasida oʻzlashtirish;
bilimlarni oʻxshash sharoitlarga tatbiq yeta olish darajasida oʻzlashtirish.
Oʻquvchilar yangi oʻquv materialini oʻrganish va mustahkamlash
darslarida bilimlarni oʻz soʻzlari bilan aytib bera bilish, oʻrganilgan
bilimlarga doir omil keltira olish, bugun oʻrganilgan bilimlarni oldin
egallagan bilimlardan ajrata bilish darajasida oʻzlashtirmogʻi lozim.
Bu dars turida quyidagicha
vazifalar hal etiladi; oʻquv materialining asosiy gʻoyasi, maqsadni
anglash; shu bilimlarning inson faoliyatidagi ahamiyatini fahmlash; yangi oʻquv
materialiga oid bilimlarni idrok etish; ularning asosiy hususiyatlarini
tushunish; oʻrganilgan bilimni qayta esga olish yoʻlini, uni
amaliyotda qoʻllash yoʻllarini egallash.
Yangi
bilimlarni oʻrganishda deduksiya
va induksiya
Oʻquv
materiallari,asosan,ikki xil yoʻl bilan oʻrganiladi; deduktiv yoʻl,
induktiv yoʻl.
Yangi oʻquv
materiali deduktiv yoʻl bilan oʻrgatilganda bolaning aqliy faoliyati
ta’rif, qoida, xulosalar, umumlashmalardan amaliyotga qarab boradi. Avval asosida
materialning umumiy tomonlari izohlanadi, keyin materialning xususiy tomonlari
izohlanadi. Oʻquv fanlari (masalan, matematika)ga oid materiallarni
izohlashda deduksiyadan foydalangan ma’qul.
Yangi bilimlarni
oʻrgatishning ikkinchi yoʻli induksiyadir. Bundan oldin omillar
asosida oʻquv materialining hususiyatlari alohida tahlil yetiladi. Soʻngra
qoida, qonuniyat, ta’rif, aksioma shaklida xulosalar chiqariladi.
Yangi oʻquv
materialini oʻrganishda oʻquvchilarning oldin oʻrgangan
bilimlari, hosil qilingan malakalari, hayotiy
tajribalariga tayanish ta’limning samaradorligini oshiradi. Oʻrganilgan
bilimlarni, malakalarni, tajribalarni esga tushirish va undan bilimlarni ongli
oʻzlashtirish vositasi sifatida foydalanish turli yoʻllar bilan
amalga oshiriladi: yangi mavzuni oʻrganish uchun kerakli bilimlarni,
malakalarni oʻqituvchining oʻzi yeslatadi va yangi bilimlar oʻzlashtirilgan
mavzuning davomi sifatida tushuntiriladi: oldin oʻrganilgan materialni oʻquvchilardan
birontasi esga tushirib aytib beradi, oʻqituvchi oʻquvchi fikriga bogʻlab
oʻz tushuntirishlarini boshlaydi; oʻtilgan mavzu yuzasidan sinf
jamoasi bilan suhbat oʻtkazadilar, keyin yangi mavzuni tushuntirishga oʻtiladi;
oʻtilgan mavzuga oid mustaqil ish tashkil etiladi, bajarilgan mustaqil ish
ustida suhbat oʻtkaziladi, soʻngra mavzuni izohlashga kirishiladi.
Muammoli
darslar
Yangi oʻquv
materialini oʻrganish va mustahkamlash darsning yana bir turi muammoli
darslardir. Oʻquvchilarning mustaqil aqliy faoliyati bunday darslarning
psixologik zamini sanaladi. Bu darslarga ham an’anaviy darslarga oʻxshab
qator pedagogik talablar qoʻyiladi. Ilmiylik,sistemalilik, izchillik,
onglilik va didaktik talablar sanaladi. Shu bilan birga, muammoli darslarning oʻziga
xos hususiyatlari ham mavjud. Muammoli dars ta’limning boshqa turlari,
tizimlarini, metodlarini tamomila inkor etmaydi. Uning asosiy hususiyati ta’lim
jarayonining ma’lum boʻlimida yangi bilimlarni oʻrganish jarayonida
yangicha bilim, yangicha faoliyat koʻrsatish metodlarni ijodiy egallash
bilan harakterlanadi.
Muammoli darslar
quyidagicha tashkil etiladi:
- darsning boshlanishi, bu bosqichda
bolalarning oʻquv materialiga qiziqishlarini oshirishga oid ishlar
qilinadi, mavzuga doir muammo yoki
muammolar qoʻyiladi;
- qoʻyilgan muammo ustida oʻqituvchi
va oʻquvchilarning birgalikda ishlashi. Bu bosqichda oʻquvchilar
muammo, uni bajarish boʻyicha oʻz fikrlarini oʻrtaga tashlashib
fikrlashadi;
- muammoni yechish metodini tanlash. Bu
bosqichda bolalar aytgan metodlar(farazlardan) biri tanlanadi;
- tanlangan metod asosida koʻplab muammo bajariladi;
- muammo yuzasidan
xulosa chiqariladi, chiqarilgan xulosa yangi oʻquv sharoitiga tatbiq
etiladi.
Oʻtganlarni takrorlash va malaka hosil qilish
darslari
Oʻquv
fanlari boʻyicha oʻrganilgan bilimlarning puxtaligi koʻp
jihatdan takrorlash va malaka hosil qilish darslarini tashkil qilishga bogʻliq.
Bunday darslarda oldin oʻrganilgan bilimlarga, qoida va ta’riflarga
takroriy duch kelinadi. Oʻrganilgan oʻquv materialiga takroriy
qaytish va shu mavzuga oid omil toʻplash, tahlil etish, solishtirish
asosida olib boriladi, mavzu boʻyicha yetarli mashq qilinadi. Mashq
qilish, bilimlarni turli oʻquv sharoitlariga tatbiq etish yoʻli bilan
oʻrganilgan bilimlar takroriy tasavvur yetiladi. Ana shunga koʻra bu
dars turi oldin oʻrganilgan bilimlarni qayta esga tushirish va esga
tushirilgan bilimlarni turli oʻquv sharoitlariga tatbiq etish shakli
sanaladi.
TALABALARNING OʻQITUVCHI SHAXSIGA BOʻLGAN
MUNOSABATI
«Ustoz muallimsiz
qolsa gar zamon, Nodonlikdan
qora boʻlardi jahon». Abdurahmon
Jomiy |
Hayotda har qanday kasb egalari-yu, olimu
donishmandlar ham avvalo USTOZdan ta’lim oladilar. Ustozlar yoʻl-yoʻrigʻi
bilan insonlar hayotda oʻz oʻrnini topadilar, turli sohalarda
faoliyat olib boradilar. Ustozlik –
buyuk sharaf, oliy martabadir.
USTOZ
– muayyan fan, bilim, sohada betakror olim, pedagog, mutaxassis, oʻz yoʻnalishi
boʻyicha barcha yangiliklardan boxabar, hayotda oʻz oʻrnini
topgan; mavqyei, salohiyati va maktabiga ega, olim-fuzalo, oqil, komil, oʻrnak
boʻladigan, oʻzining ilgʻor tajribasiga ega va kelajakni ilmiy
tasavvur qiladigan; ilmli, bilimli, hamma tomondan tan olingan maslahatgoʻy
inson.
Sogʻlom, har tomonlama barkamol
avlodni etishtirish uzluksiz ta’lim tizimida mehnat qilayotgan pedagogning
saviyasiga, tayyorgarligiga va fidoyiligiga, yosh avlodni oʻqitish va tarbiyalash ishiga
boʻlgan munosabatiga bogʻliqdir. Oʻqituvchi jamiyatning ijtimoiy
topshirigʻini bajaradi. Shunday ekan, har tomonlama yetuk mutaxassislarni
tayyorlashda oʻqituvchi muayyan ijtimoiy-siyosiy, pedagogik talablarga
javob berishi lozim. Oʻqituvchi mustaqillik gʻoyasiga e’tiqodli, har
tomonlama rivojlangan, ilmiy tafakkuri, kasbiga tegishli ma’lumoti bor ya’ni oʻz
fanining chuqur bilimdoni, pedagogik muloqot ustasi, pedagogik-psixologik va
uslubiy bilim va malakalarni egallagan boʻlishi hamda turli pedagogik
vaziyatlarni tezda aniqlay bilishi, oʻrganishi va baholay olishi zarur.
Bugun pedagogning ma’naviyati,
mafkuraviy e’tiqodi va oʻquv
jarayonini yaxshi bilishi katta ahamiyatga ega. Birinchidan, pedagog
jamiyatning fuqarosi sifatida oʻz mavqyei
va faol oʻrnini oʻquvchilarga namoyish eta olishi lozim.
Xususan, uning jamiyat va oʻz
jamoasidagi oʻrni, tanlagan kasbi, oʻqitayotgan predmeti boʻyicha
chuqur bilimga ega boʻlishi, talab va qoidalarga amal qilishi, me’yor va
qonunlarni hurmat qilishi lozim.
Ikkinchidan, pedagogning e’tiqodi va bilimdonligi uning yangi bilimlar, oʻzi
tanlagan sohasidagi yangiliklarga nisbatan qiziqishida namoyon boʻladi.
Uchinchidan, e’tiqodli va bilimdon pedagog oʻziga xos fikrlash tarzi bilan
ajralib tura olishi shart. Chunki, yoshlar Shunday noyob, qaytarilmas,
andozasiz fikrlash sharoitidagina mustaqil fikrlashga oʻrganadilar va
fanni boshqa fanlardan ajrata oladilar.
Amaliyotda eng obroʻli,
bilimdon pedagoglar birinchi navbatda
insoniy bilimdonlik sohiblari boʻlishadi va shundaylarni oʻquvchilar
yaxshi qabul qilishadi. Chunki zamonaviy oʻquvchi koʻplab
ma’lumotlarga ega, uning psixologiyasi, talab-takliflarini aniq bilib til
topisha olgan shaxsgina pedagogik jarayonda katta yutuqlarga yerishadi.
Buyuk
mutafakkir shoir Alisher Navoiy aytganidek, «Muallimning maqsadi mansab uchun
kurash boʻlmasligi, bilmagan ilmlarini aytmasligi, oʻzini koʻrsatish
uchun dars bermasligi, ochkoʻzlik va johillik qilib, quruq gap
sotmasliklari, gʻavgʻo koʻtarmasliklari
lozim». U muallimlikni olijanob va faxrli kasb deb hisoblaydi. Shu sababdan boʻlsa
kerak:
Haq
yoʻlida kim senga bir harf oʻqitmish
ranj ila,
Aylamak
boʻlmas ado oning xaqqin ming ganj ila.