TALABALARNING BIR-BIRIGA BO‘LGAN MUNOSABATI

 

Aziz talaba, Siz o‘z faoliyatingiz davomida asosan doimiy ravishda o‘z safdoshlaringiz bo‘lgan o‘rtoqlaringiz, do‘stlaringiz bilan munosabatga kirishasiz. Shunday ekan, Siz muloqot jarayonida doimo samimiy bo‘lishga harakat qiling, zero Payg‘ambarimiz (sav) ham musulmonlarning bir-biriga samimiy bo‘lishligini buyurganlar. O‘rtoqlaringizdan qo‘lingizdan kelgan yordamingizni ayamang. Siz ta’lim oluvchisiz, avvalo, ta’lim oluvchi odobiga rioya etishingiz lozim.

Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Ta’lim oluvchi muhtoj bo‘lagan narsaning eng birinchisiolgan ilmi bilan foydalanishi va o‘zidan o‘rganayotgan kishiga foyda berishi uchun niyatini to‘g‘rilab olishidir. Agar niyatini to‘g‘rilamoqchi bo‘lsa, to‘rtta narsaga qasd qilishi lozim:

1. Ilm olish bilan johillikdan chiqishni niyat qilish. Chunki Alloh taolo: «Ayting: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!», deb aytgan.

Shuni unutmangki, Siz avvalo, yosh avlod qalbiga ziyo tarqatuvchimuallim bo‘lasiz. Shunday ekan, o‘zingiz har tomonlama tarbiya topgan, yomon illatlardan xoli, axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan etuk mutaxassis bo‘lishingiz shart!

2. Ilmi bilan xalqqa foyda keltirishni niyat qilish. Chunki Payg‘ambar (sav): «Insonlarning eng yaxshisi insonlarga ko‘proq foydasi tegadiganidir», deganlar.

Siz kelgusida xalqning farzandlarikelajak avlodga ta’lim-tarbiya berasiz, shunday ekan, o‘z kasbingiz bilan xalqqa Sidqidildan xizmat qilib, elning duosini olishga intiling, zero, ko‘pning duosini olgan kishi hech qachon xor bo‘lmaydi.

3. Ta’lim olish bilan ilmni tiriltirishni niyat qilish. Chunki insonlar ta’lim olishni tashlab qo‘ysa, Payg‘ambar (sav): «Ilm ko‘tarilishidan oldin ilmni o‘rganinglar», deb aytganlaridek, ilm ketib qoladi. Ilmning ko‘tarilishi ketib qolishidir.

Siz avvalo, ilmning posbonlarisiz, bugun ustozlaringizdan olgan bilimingizni kelgusida yosh avlodga etkazishingiz shart. Ilm-fanda doimo yangiliklar bo‘lib turishi taraqqiyot garovidir. Siz esa mana shu ilm-fan yutuqlarini doimiy ravishda kelajak avlodongiga etkazishga mas’ulsiz.

4. Ta’lim olish bilan birga ilmga amal qilishni niyat qilish, aksini emas. Chunki ilm amal uchun asbobdir va amalsiz asbobni talab qilish behuda ishdir, xuddi ilmsiz amal bekor bo‘lganidek.

Bugungi kunda olayotgan bilimingizni amaliyotga tadbiq etishingiz lozim. Nazariy bilimlarni yaxshi egallasangiz, Sizdan mohir pedagog, yosh avlodning etuk tarbiyachisi chiqadi. Olgan bilimingizga kelgusi kasbiy faoliyatingizda amal qilishingiz darkor.

 

 

TALABALARNING BIRGALIKDA DARS FAOLIYATIGA MUNOSABATI

 

Talabalar ta’lim olish jarayonida o‘zaro ta’limiy munosabatga kirishadilar. Ya’ni, birgalikda dars tayyorlaydilar, ma’lum masalalarni o‘zaro muhokama etadilar, o‘zaro fikr almashadilar. Talabalarda umuman o‘zaro baxillik illati bo‘lishi mumkin emas. undan kimdir kitobini yoki Biron masalani tushunishga yordam berishini so‘rasa yoki shunga o‘xshash holatlarda talaba baxillik qilmasdan, tengdoshlariga qo‘lidan kelgan yordamini ayamasligi lozim. Chunki, talaba ta’lim olish bilan kelajakda xalqqa foyda keltirishni niyat qilgan bo‘lishi kerak. Shuning uchun bu holatda u tengdoshlariga foydasi tegishiga harakat qiladi.

Ilmiga baxillik qilgan kishi uchta narsaning bittasi bilan balolanadi: ilmi behuda ketadi yoki podsho bilan musibatlanadi yoki yod olgan ilmini sedan chiqaradi.

Abdulloh ibn Muborak

 

 

TALABALARNING BIR-BIRIGA BO‘LGAN DOʻSTONA MUNOSABATI

 

Aziz talaba, Siz o‘zingi bilan birga tahsil olayotgan tengdoshlaringiz bilan, avvalo, do‘stsiz. Do‘stlaringizga har qanday vaziyatda ham hamroh va hamdard bo‘ling.

Kaykovusning «Qobusnoma» asarida do‘st tutmoq haqida shunday deyilgan: «Ey farzand, bilg‘ilki, to kishi tirikdur, do‘stsiz bo‘lmag‘usidur. Do‘stning ishi haqida o‘ylag‘il, ularga hadyalar bermoq, muruvvat qilmoq bila do‘stlik qoidasini mahkam qilg‘il. Nadinkim, har kishi do‘stlarni yod qilmasa do‘stlar ham yod qilmag‘usidur va ul kishi hamisha do‘stsiz qolg‘usidur».

Aziz talaba, kim bilan do‘st bo‘lsangiz do‘stlikka sodiq bo‘ling. Tengdoshlaringizning shodliklariga shodlaning, qayg‘ulariga qayg‘uring. O‘zingiz sevmagan narsani ularga ham ravo ko‘rmang. Do‘stlaringizning sizga go‘zal muomala qilishini istasangiz, avval o‘zingiz ularga go‘zal muomalada bo‘ling.

 

 

TALABALARNING BIR-BIRIGA BO‘LGAN SAMIMIY MUNOSABATI

 

Aziz talaba, Siz yon-atrofdagilaringizga, ayniqsa, safdosh, tengdoshlaringizga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lishga doimo harakat qiling.

NABIY (SAV) HARBIR MUSULMONNING MUSULMONGA SAMIMIY BOʻLISHINI BUYURDILAR

HADIS”dan

 

Aziz talaba, shuni bilingki, insonning hayvonlardan farqi uning aql-idrokida bo‘lib, bu esa kishilarning o‘zaro munosabat jarayonida o‘z ifodasini topadi. Shunday ekan, Siz ham o‘z tengdoshlaringiz bilan yaxshi muomalada bo‘ling. Muomala ham san’at, so‘zlaringizdan aql-idrok va odob-axloqingiz yuksak darajada ekanligi ko‘rinib tursin. Bir narsani yodda tutingki, muomalangiz suhbatdoshingizning ko‘nglini ko‘taradigan, vaqtini chogetadigan bo‘lsin!

Odob va ehtiyot bilan muomala etishdan hamma maqsadlar ro‘yobga chiqadi, yopiq eshiklar ochiladi. Samimiylik bilan aytilgan so‘zlar ko‘ngilga rohat baxsh etadi. Ochiq yuz va shirinso‘zlik do‘stlik va muhabbatga dalil bo‘ladi. Shuning uchun doimo do‘stlar bilan odob yuzasidan samimiy muomala qiling, ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘ling. Har ishda hur fikrli, to‘g‘ri so‘zli bo‘ling, tilingiz va dilingiz birdek bo‘lsin.

 

 

DO‘STLARIGA MEHR-OQIBAT KO‘RSATISH

 

Kaykovusning «Qobusnoma» asarida do‘st tutish odoblari, do‘stlarga mehr-oqibatli bo‘lish, do‘stlarning o‘zaro munosabatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Do‘st tutmoq zikrida” nomli yigirma sakkizinchi bobida quyidagi fikrlar keltirilgan.

 Ey farzand, bilg‘ilki, to kishi tirikdur, do‘stsiz bo‘lmag‘usidur. Kishining do‘stsiz bo‘lg‘onidin birodarsiz bo‘lg‘oni yaxshidur. Bir hakimdan so‘radilar: “Do‘st yaxshiroqdurmi yo birodar?”. Hakim aytdi: “Do‘st bo‘lsa yaxshidur”.

Demak, do‘stning ishi haqida o‘ylag‘il, ularga hadyalar bermoq, muruvvatlar qilmoq bila do‘stlik qoidasin mahkam qilg‘il. Nedinkim har kishi do‘stlarni yod qilmasa, do‘stlar ham yod qilmag‘usidur va ul kishi hamisha do‘stsiz qolg‘usidur.

Hamma vaqt do‘st tutmoqni odat qilg‘il, zeroki, har kishining do‘sti ko‘p bo‘lsa, ayblari shuncha sir tutilur va fazilati ko‘payur. Lekin har vaqt yangi do‘st topsang, ko‘hna do‘stlarni tark etmag‘il va ulardan yuz o‘girmag‘il, toki hamisha do‘sting ko‘p bo‘lsun, debdurlarki, yaxshi do‘st kishiga ulug‘ ganchdur. Odamlar haqida o‘ylab ko‘rki, ular sen bila do‘stlik yo‘liga kirarlar, ammo yarim do‘st bo‘lurlar. Shular bila soz munosabatda bo‘l va ular bila har turluk yaxshi va yomonda muttafiq (do‘st, birlashgan) bo‘lg‘il, toki ular sendinyaxshiliklarni ko‘rsa, tadrij (asta-sekin) bila keyinroq yakdil do‘st bo‘lurlar. Bir kun Iskandardin so‘rdilarki: “Buncha oz sarmoya bila bu mardikor ko‘p mulkni qanday xislat bila qo‘lga kirguzding?” Iskandar javob berdikim: “Talattuf (rahmdillik) bila dushmanlarni qo‘lga kiritdim va taahxud (ahd qilish, so‘z berish) yo‘li bila do‘stlarni yo‘lga soldim. Bu jihatdan shuncha mamlakatni qo‘lga oldim”.

Yana bilg‘ilki, do‘stlarning do‘stlari ham do‘stlaringdur. Ehtimolki, uning o‘sha odamg‘a do‘stlig‘i sening do‘stlig‘ingdin ko‘proqdur. Agar do‘sting sening dushmaningni sevsa, bunday do‘stdin ehtiyot bo‘l, nedinkim, bunday do‘st dushman tarafidin senga yomonlik qilishdin ham andisha qilmag‘ay. Sening do‘stingga dushman bo‘lg‘on do‘stdin ham parhez etg‘il.

Har do‘stkim, sendin hech sababsiz ginali bo‘lsa, uning do‘stlig‘idan ta’ma qilmag‘il va jahonda undin aybliroq va undin ham yomonroq bo‘lmag‘ay.

Bilg‘ilki, jahonda aybsiz odam bo‘lsa, ammo sen salohiyatlig‘, muruvvatlig‘ bo‘l, nedinkim, bundaylarning aybi kam bo‘lur. Muruvvatsiz, fazilatsiz kishini do‘st tutmag‘ilki, bunday kishining xosiyati bo‘lmas va ularni non do‘stlari zumrasidin tutg‘il, nedinkim, ular non do‘stidurlar, or va nomus do‘sti emasdurlar.

Yaxshi, yomon odamnibilg‘il va ikkoviga ham do‘stlik qilg‘il. Yaxshilarga ko‘ngul bila va yomonlarga til bila do‘stlik qilg‘il, toki ikki toifaning ham do‘stlig‘i senga nisbatan hosil bo‘lsun, nedinkim, kishining hojati zarurat yuzidin yomonlarg‘a ham tushg‘usidur. Demak, bu ikki toifaning ham do‘stlig‘in hosil qilg‘il.

Aqlsiz odamlar bila hargiz do‘st bo‘lmag‘il. Aqlsiz do‘st aqlli dushmandin yomonroqdur, chunki aqlsiz do‘st shundoq ish qilurki, aqlli dushman uni qila olmas. Muruvvatlig‘, ilmlig‘ va vafolig‘ kishilarni do‘st tutg‘ilki, to sen ham ul fazilatlar bila yanada mashhur bo‘lg‘aysan. Bemuruvvat, mehr-shafqatsiz, hunarsiz (ilmsiz) kishilar bila o‘lturmag‘il. Behunar bila o‘lturg‘ondin tanholig‘ yaxshiroqdur. Hargiz do‘stlarning haqin zoe qilmag‘il, to sendin malomat qilmasunlar.

Odamlar ikki guruh bo‘lurlar: biri – do‘stlarning haqin zoe qilg‘uvchi va biri – yaxshilikni yaxshi bilg‘uvchi. Bilg‘ilki, do‘stlikka loyiq odamni ikki narsadin bilsa bo‘lur: biri ulki, do‘stiga tangdastlik etishg‘on vaqtda qudrati etguncha molin do‘stidin darig‘ qilmas va qashshoqlik vaqtida undin yuz o‘girmas, yana biri ulki, do‘sti bu jahondin o‘tg‘ondin so‘ng ham ul do‘stining farzandlarin, qarindoshlarin va do‘stlarin talab qilg‘ay, ularga yaxshilik ko‘rguzg‘ay. Goh-goh do‘stining mozori ziyoratiga borg‘ay va hasrat chekib, duolar qilg‘ay.

Hikoyat. Undog‘ eshitibmanki, Suqrot hakimni o‘ldirish uchun olib borayotgan chog‘da unga “Butparast bo‘l!” – deb ko‘p aytdilar. Ul dedi: “Bundoq so‘zni ayturdin til chekinglarkim, men hargiz ul ishni qilmasman!”. Uni o‘ldurishga olib borar edilar. Shogirdlaridin bir jamoa unga hamroh bo‘lib borr edilar. Ular yig‘lab, zorlig‘ qilib so‘rardilar: “Ey hakim, endi o‘limga ko‘ngil qo‘ymishsan, aytg‘il, seni qaysi erga dafn etaylik?” Sukrot tabassum qilib dedi: “Qay joyni ko‘nglungiz tilasa, ul joyga dafn qiling, ya’ni mening jasadim qayda bo‘lsa, so‘ngaklarim unda bo‘lg‘ay, faqat meni yod qilsangiz bas!”.

Ey farzand, odamlar bila do‘stlig‘ing o‘rtacha bo‘lsun. Do‘stim ko‘p deb barchasiga umid bila ko‘ngul bog‘lamag‘il, ilgari va keyinga qarag‘il. Do‘stlaringning e’tiqodin g‘ofil bo‘lmag‘il. Agar sening mingta do‘sting bo‘lsa, zohirda sendin do‘stroq kishi bo‘lmag‘ay. Do‘stlikni farog‘liqda va tangdastlikda imtihon qilg‘il, farog‘liqda roz va taom bila, tangdastlikda sud va ziyon bila.

Har do‘stki, sening dushsmaningni dushman tutmas, uni do‘st demag‘il.

Agar qashshoq bo‘lsang, moldor do‘st talab qilmag‘il, nedinkim, qashshoqni hech kishi do‘st tutmag‘usidur, xususan, moldorlar yomon ko‘rgusidur. O‘zingga loyiq do‘st axtarg‘il. Agar sen moldor bo‘lsang va qashshoq do‘st tutsang bu ravodur. Ammo xalqning do‘stlig‘iga ko‘nglingni rost tutg‘il, toki barcha ishlaring to‘g‘ri bo‘lg‘ay.

Agar do‘stingning ko‘ngli hech gunohsiz sendin qolsa, uni qaytib kelurga mashg‘ul bo‘lmag‘il, nedinkim, tama’gir, kekchi do‘stdin uzoq bo‘lg‘il, uning do‘stlig‘i haqiqiy emasdur, balki tama uchundur. Hasadlig‘ kishilarga hargiz do‘st bo‘lmag‘il, chunki hasadlig‘ kishi do‘stliqqa loyiq emasdur, chunki hosidning (hasadchi) hasadi hargiz ketmag‘usidur va hamisha sendin ozurda (ozor chekkan) va ginador bo‘lg‘usidur.

Ey farzand, sen chin do‘st tutmoq holidin ogoh bo‘lding, endi dushman holidin ham ogohlik topg‘il.