7-mavzu: Jamoa haqida umumiy tushuncha. Jamoani tashkil etish metodikasi

I. REJA:

1. Jamoa haqida tushuncha, uning xususiyatlari va vazifalari.

2. Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash.

3. Jamoaning tarkib topishi va rivojlanish bosqichlari.

4. Oʻquvchi-yoshlar uyushmalariga pedagogik rahbarlik.

II. Mavzularni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar.

III. Mavzularni oʻrganishda foydalanish mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati.

 

 Tayanch ibora va atamalar: barkamol shaxs tarbiyasi, jamoa, oʻquvchilar jamoasi, oʻquvchi, sinf, maktab, mahalla, tarbiya, mehnat tarbiyasi, rahbar, mas’uliyat, guruh, guruh a’zosi, birgalikdagi faoliyat, jamoaning rivojlanish bosqichi, pedagogik talab.

 

1. Jamoa haqida tushuncha, uning xususiyatlari va vazifalari

Jamoa (lotincha «kollektivus» so‘zining tarjimasi bo‘lib, yig‘ilma, omma, birgalikdagi majlis, birlashma, guruh) bir necha a’zo (kishi)lardan iborat bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga ega umumiy maqsad asosida tashkil topgan guruh demakdir. Turkiyzabon xalqlarda, jumladan o‘zbeklarda jamoa azaldan ijtimoiy birlikni anglatib kelgan. Odamlarning jamoa bo‘lib yashashi zaruriyatini Suqrot, Platon, Aristotel, Markaziy Osiyo mutafakkirlari Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqalar ilmiy asoslab berganlar. Ayniqsa, buyuk faylasuf olim Abu Nasr Forobiy o‘zining asarlarida jamoa bo‘lib yashashga tabiiy moyillik inson turmush tarzining mazmunini tashkil etishini uqtiradi. Forobiy bu haqda quyidagi fikr-mulohazalarni bayon etgan: «Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi shunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun odamlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi. SHu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-biriga etkazib beruvchi va o‘zaro yordamlashuvchi ko‘p kishilarning birlashuvi orqaligina odam o‘z tabiati bo‘yicha intilgan etuklikka erishishi mumkin. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir-butun holda ularning har biriga yashash va etuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni etkazib beradi. SHuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi». Jamoa odamlar maqsad-manfaatlarining umumiyligi, o‘zaro hamkorlik qilishlari zarurligi, mehnat va maishiy hayotiy faoliyatlari yo‘nalganligi zaminida o‘zaro birgalikda harakat qilishlarini taqozo etishdan vujudga keladi. Odamlarning faoliyat turlariga mutanosib tarzda mehnat, ta’lim-tarbiya, maishiy hayot, badiiy ijod, harbiy, jismoniy tarbiya, sport, oila kabi doiralarda jamoalar vujudga kelishi va samarali amal qilishi mumkin.

Zamonaviy talqinda «jamoa» tushunchasi ikki xil ma’noda ishlatiladi. Birinchidan, jamoa deganda bir necha kishilarning muayyan maqsad yo‘lida birlashuvidan iborat tashkiliy guruhi tushuniladi (masalan ishlab chiqarish jamoasi, zavod jamoasi, o‘quv yurti jamoasi, xo‘jalik jamosi va hokazo). Ikkinchidan, jamoa deganda yuqori darajada uyushtirilgan guruh tushuniladi. Chunonchi, o‘quvchilar jamoasi yuqori darajada uyushtirilgan birlashma hisoblanadi.

2. Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash

Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash - tarbiya tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tamoyillardan biridir. Shaxsni shakllantirishda jamoaning etakchi rol o‘ynashi to‘g‘risidagi fikrlar pedagogika fanining ilk rivojlanish davrlaridayoq bildirilgan. Jamoada uning a’zolari o‘rtasidagi munosabatning alohida shakli yuzaga keladi, bu esa shaxsning jamoa bilan birgalikda rivojlanshini ta’minlaydi. Lekin har qanday guruhni ham jamoa deb hisoblab bo‘lmaydi. Jamoa bir qator belgilarga egadirki, mazkur belgilar jamoani kishilarning etarli darajada uyushgan har qanday guruhdan ajratib turadi.

1. Ijtimoiy ahamiyatga ega yagona maqsadning mavjudligi. Jamoaning maqsadi albatta ijtimoiy maqsadlar bilan mos kelishi, jamiyat va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, Davlat konstitutsisi va qonunlariga, jamiyat mafkurasiga qarama-qarshi bo‘lmasligi zarur.

2. Umumiy birgalikdagi faoliyat. Kishilar aniq maqsadga birgalikda tez erishish uchun jamoaga birlashadilar. Buning uchun jamoaning har bir a’zosi birgalikdagi faoliyatda faol ishtirok etishi zarur, faoliyat Umumiy tashkil eitilishi kerak. Jamoa a’zolari birgalikdagi faoliyat natijalari uchun yuqori shaxsiy javobgarlikni his qilishlari bilan ajralib turishadi. 

3. Majburiy mas’uliyatli munosabatning yo‘lga qo‘yilishi. Jamoa a’zolar orasida faqatgina yagona maqsad va faoliyat emas, ularning g‘am-qayg‘ularining  aloqador birligi aks etuvchi maxsus munosabatlar yuzaga keladi.

4. Saylangan umumiy rahbariy organga egalik. Jamoada demokratik munosabatlar o‘rnatiladi. Jamoani boshqarish organlari jamoaning obro‘li a’zolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq saylab olish asosida shakllantiriladi.

Mazkur aytilgan belgilaridan tashqari jamoa boshqa muhim o‘ziga xos-liklari bilan ham farqlanadi. Bu jamoa ichki muhitida aks etuvchi o‘ziga xoslik, psixologik iqlim, jamoa a’zolari orasidagi munosabatlarda ko‘rinadi.

Maktab jamoasi tarkibida eng barqaror bo‘g‘in - bu muayyan sinflar negizida shakllangan jamoalar sanaladi. Sinf jamoasi tarkibida o‘quvchilar tomonidan amalga oshiriluvchi asosiy faoliyat o‘qish faoliyati sanaladi. Aynan sinf jamoasida shaxslararo aloqa va munosabatlar tarkib topadi. SHuningdek, sinflar jamoalari negizida maktab jamoasi shakllanadi.

Yuqoridagi jamoaning o‘ziga xos belgilaridan kelib chiqib, shunday xulosa chiqarish mumkin. O‘quvchilar jamoasi – bu ijtimoiy ahamiyatga ega yagona maqsadni ko‘zda tutuvchi, birgalikdagi faoliyatni tashkil etuvchi, umumiy saylab qo‘yilgan organiga ega bo‘lgan, mustahkamlik, umumiy javobgarlik bilan ajralib turuvchi, barcha a’zolarining huquq va majburiyatlarda tengligi sharoitida majburiy aloqadorlikka ega bo‘lgan o‘quvchilar guruhidir.

3. Jamoaning tarkib topishi va rivojlanish bosqichlari

Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli murakkab jarayondir.

Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi.

Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, chunki jamoaning bosqichlari chegara yoki oraliqqa ega emas. Shunga qaramay, pedagogik nuqtai nazardan jamoaning shakllanish bosqichlariga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasi rivojlanishning birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat pedagoglar tomonidan qoʻyiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlangʻich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jamoa hali tarbiyalovchi jamoa boʻlmay, balki tashkil etuvchi birlik (sinf, guruh)dir. Tarbiyalanuvchilar talablarning qoʻyilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqali jamoa qaror topadi. Tarbiyalanuvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta-sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinadigan ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat birligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo boʻlishiga tarbiyalanuvchilardan jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishning paydo boʻlishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasidagi tajribalarga ega emasliklari bois, mazkur bosqichda pedagogning asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat boʻladi.

Ushbu bosqichda pedagogning talabchanligi qat’iyligi, izchilligi, murosasizligi va jamoaning barcha a’zolariga talabni birday qoʻya olishi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu vaziyatda oʻqituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligini, aks holda bir qarashdan intizomning vujudga kelganligi ma’lum boʻlsada, guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun sharoitning mavjud emasligini hisobga olish zarur. Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faollarining paydo boʻlishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridandirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar va pedagog faoliyati va talablariga nisbatan hayrixohlik bilan munosabatda boʻladilar. Faollar pedagogning yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.

Jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi. Ushbu bosqich jamoa faollarining pedagog talablarini qoʻllab-quvvatlashi hamda oʻz navbatida uning oʻzi bu talablarni jamoa a’zolari zimmasiga qoʻyishi bilan tavsiflanadi. Endilikda pedagogik jamoada paydo boʻlgan va u bilan bogʻliq boʻlgan muammo, masalalarni yolgʻiz oʻzlari hal qilmaydilar. Jamoa faollari bilan maxsus tarbiyaviy ish olib borish orqali bu ishga ularni jalb etadi. Jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya’ni jamoa oʻz-oʻzini boshqarishga oʻtadi.

Tarbiyalanuvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrning muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini oʻquvchilar tomonidan muttasil rejalashtirishi, tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik, uni oʻtkazish hamda faoliyat natijalarni muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususiyatini koʻrsatuvchi omillar sanaladi.

Jamoaning ijobiy rivojlanishi uning a’zolarida faoliyat motivlari (ragʻbatlari)ning paydo boʻlishi, ijodiy hamkorlik va oʻzaro yordam munosabatlarining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga olib keladi. Jamoada mustaqil faoliyatning yuzaga kelishida jamoa faollarining roli beqiyosdir. Ammo jamoa faolining jamoa a’zolari orasida hurmat qozona olishi, namuna boʻlishi, oʻz burchini aniq va puxta bajarishi hamda oʻz mavqyelarini suiste’mol qilmasliklari juda muhimdir. Bu oʻrinda A.S.Makarenkoning jamoa faoliga nisbatan «Jamoa vijdoni» Deya bergan ta’rifini eslab oʻtish joizdir. Jamoa faollari bir muncha imtiyozlar (huquqlar)ga ega boʻlsa-da, ayni paytda uning oʻziga oshirilgan talablarning qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir.

Jamoaning rivojlanishi bu bosqichda toʻxtab qolishi mumkin emas, chunki faoliyat koʻrsatayotgan kuch jamoaning bir qismi xolos. Bordi-yu jamoaning rivojlanishi ushbu bosqichda toʻxtatib qolinsa, jamoa faollari guruhning boshqa a’zolari bilan qarama-qarshi qoʻyish xavfi tugʻilishi mumkin. Mazkur bosqichda jamoa moddiy va ma’naviy imkoniyatlarini toʻplab, mustahkamlanib va boyib borar ekan, shaxsning har tomonlama ulgʻayishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlarni sekin-asta yaratib beradi.

Bu esa ikkinchi bosqichni – jamoa shaxsni har tomonlama kamolga yetkazishni obyektiv shakli asosida boshlashini taqozo etadi. Bunda boshlangʻich davr bekor ketmaydi, faqat salbiy joʻshqinlikka emas, balki ijobiy joʻshqinlikka ham ega boʻladi. Bir tomondan, u qiyinchiliklarga tayyorlanish imkonini beradi, bolada oʻz-oʻzini anglash va oʻzini idora qilishga intilishni tarbiyalaydi. Ikkinchi tomondan, bu bosqichni amalga oshirish kishini har tomonlama ulgʻayishi uchun zarur boʻlgan amaliy va ma’naviy munosabatlar tizimi vujudga keladi.

Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi jamoa faoliyatida anchagina sermahsul hisoblanadi. A.S.Makarenkoning aniqlashicha, bu davrda butun jamoa «ayrim oʻzini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs»larga talab qoʻya boshlaydi.

Jamoaga endilikda faqat faollargina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. Pedagog mazkur yoʻnalishdagi ishni maqsadga muvofiq va izchil olib borgan sharoitda ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. Shu maqsadda u yoki bu tadbir rejasini jamoaning birgalikdagi faoliyati yakuni, uning a’zolari tomonidan jamoa boʻlib muhokama qilinadi: turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, oʻquvchilar oʻrtasida samarali axborot vositalari yordamida ijtimoiy, gʻoyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va boshqa bilimlar targʻiboti tashkil etiladi. Pedagog jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarini ijobiy tajribaga qoʻshish imkonini beradigan, oʻzaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir koʻrsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi. Jamoa oʻzining har bir a’zosida ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni maqsadga muvofiq ravishda shakllantirib borish, jamoa a’zolari orasida barqaror insoniy munosabatlarni tarkib toptirishga yordam beradi. Jamoada barqaror insoniy munosabatlarining yuzaga kelishining sababi, uning a’zolarini yuksak axloqiy mazmunga ega boʻlgan ishlarni tashkil qilishda faol ishtirok etishlarini samarasidir.

Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichida koʻrsatib oʻtilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda faqat jamoa faoliyatini emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga axloqiy mazmundagi talablarni qoʻya boshlaydi.

Jamoa rivojlanishining toʻrtinchi bosqichi. Bu bosqich uchinchi bosqichning bevosita davomi boʻlib, uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan talablar asosida oʻz-oʻzlariga talablar qoʻya olishlari bilan tavsiflanadi. Shuni aytish mumkinki, har bir bosqich jamoa a’zolarining oʻziga muayyan talablar qoʻyishi bilan tavsiflanadi, ammo qoʻyilgan har bir talab oʻziga xos yoʻnalishi (masalan, oʻyinda umuminsoniyat baxti uchun kurashishga intilish oʻrtasidagi farq) bilan ajralib turadi. Xuddi shu jihatdan toʻrtinchi bosqich jamoa a’zolarining oʻziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qoʻya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy extiyojlariga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni oʻz-oʻzini tarbiyalash jarayoniga oʻsib oʻtadi. Biroq, u ayrim shaxsning yanada rivojlanishida jamoaning tutgan oʻrnini pasaytirmaydi. Toʻrtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldidagi istiqboli, yuksak va murakkab talablar qoʻyish uchun qulay sharoit yaratiladi.

Bugungi kunda pedagog olimlar (L.I.Novikova va boshqalar) bolalar jamoasi rivojlanishi jarayonini tahlil qilar ekan, uni quyidagi ikki bosqichga boʻladi:

·              jamoani dastlabki jipslashtirish;

·              jamoani shakllantirish, uning har bir a’zosini individual rivojlantirishning rolidir.

Jamoa hayotidagi har bir bosqichlarini ajratib koʻrsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning yetakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.

Rus pedagogi A.S.Makarenko jamoa munosabatlarining ichki jihatlariga katta ahamiyat bergan edi. U jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib koʻrsatgan edi:

1.           Doimiy tetiklik, tarbiyalanuvchilarning faoliyatga tayyorligi;

2.           Oʻz jamoasi qadriyatlarining mohiyatini tushunish, uning uchun gʻururlanish asosida oʻz qadr-qiymatini anglash;

3.           Uning a’zolari oʻrtasidagi doʻstona birlik;

4.           Jamoaning har bir a’zosidagi doʻstona birlik;

5.           Tartibli, ishchan harakatga yoʻllovchi faollik;

6.           Oʻz hissiyot va soʻzlarini boshqara olish koʻnikmasi.

4. Oʻquvchi-yoshlar uyushmalariga pedagogik rahbarlik

Jamoaning rivojlanishi – jamoa hayotining qonunidir. Xoʻsh, bolalar jamoasining olgʻa harakat qilib borishiga nima yordam beradi? Uning rivojlanishiga nima imkon beradi? Bunday kuch istiqboldir. Hayot shuni koʻrsatadiki, kishining kelajakka umid va ishonch bilan intilishi, hayotiy istiqbolini yurtimizning taqdiri bilan bogʻlab, mustaqil diyorimizning bugungi jamiyat sharoitida ma’naviy va ma’rifiy qiyofasini yaratishda hissa qoʻshgan kishi va jamoa tobora shakllanib, rivojlanib boradi.

Bu intilish va hayotiy istiqbolda kishining ma’naviy va madaniy extiyojlarining jami, uning rivojlanganlik darajasi, butun ma’naviy qiyofasi aks etadi. Istiqbolning eng muhim pedagogik xususiyatlaridan biri shuki, degandi A.S.Makarenko, u oldinga qoʻyilgan maqsad sifatida bolani istagan natijaga erishish imkoniyati bilan qiziqtiradi, unda kelajakni barpo etishda qatnashish istagini uygʻotadi. Quvnoq kayfiyat va olgʻa intiluvchilikni vujudga keltiradi.

Pedagogik nuqtai nazardan istiqbol deganda, shaxsning bolalar guruhini, umuman jamoani rivojlantirishning ichki extiyojlariga javob beruvchi, uning a’zolarini rivojlanish darajasiga, ularning yosh va individual xususiyatlariga hamda jamiyatimiz vazifalariga mos keladigan vazifalar, maqsadlar, ishlari tushuniladi.

Jamoani vujudga keltirish va oʻquvchi-yoshlarni tarbiyalash maqsadi bilan tashkil etiladigan istiqbollar ularning hammasi uchun xarakterli boʻlgan ayrim umumiy xususiyatlarga ega boʻladi:

1.           Bevosita bolalarning qiziqishiga hamda vazifani bajarish uchun birgalikda jamoa boʻlib kurash olib borishning quvonchli manzarasiga asoslangan ishlarning maroqli boʻlishi;

2.           Ishlarning iijtimoiy foydali qiymati va ularning butun xalqimiz olib borayotgan kurash bilan bogʻliqligi;

3.           Istiqbol uchun kurashning borishini aniq tashkil etish;

4.           Oʻquvchi-yoshlarda konkret axloqiy sifatlarni tarbiyalashda pedagogik maqsadga muvofiqlik.

Har xil istiqbollarni tashkil etishdagi asosiy metodik usul bolalarni birorta istiqbolga erishish uchun kurashga tayyorlashdan iboratdir. Bu tayyorgarlikka ish rejalari, loyihalar va boshqalarni muhokama qilish kiradi. Soʻngra istiqbol sari harakat qilishga yordam beradigan amaliy ish bajarilishi lozim. Bu ish jamoani tashkil etish va jipslashtirish jarayonidagi eng muhim bosqichlaridan biridir. Shunga erishish kerakki, barcha yoshlar umumiy faoliyatda ishtirok etsin va bu ishtirok etish faol, ijobiy xarakterga ega boʻlsin.

Topshiriqlarni jamoaning barcha a’zolari oʻrtasida toʻgʻri taqsimlash bolalarni qiziqarli ishlarni bajarishga jalb qilishning asosiy yoʻlidir. Bolalarning aql-idroki emas, balki ularning xis-tuygʻulariga ham ta’sir koʻrsatish uchun har qanday ish aniq tashkil etilishi, chiroyli jixozlanishi kerak. Ayniqsa, bayramlarni chiroyli va tantanali qilib tashkil etmoq kerak. Bu bayramlarda ota-onalar va mehmonlar ishtirok etsa, bayram davomida bolalar mukofotlansa, musobaqa yakunlari e’lon qilinsa, yaxshi boʻladi. Bolalarning tayyorgarlikda jamoa maqsadiga erishish jarayoniga jalb qilishning tarbiyaviy ahamiyati shu jihatdan kattaki, bu yoʻl bilan bolalarni maqsadga qaratilgan jamoa axloqiy xulq-atvorini egallashga mashq qildirish uchun shart-sharoit yaratiladi.

Jamoa hayotining me’yori umumiy maqsadga intilishga va qiziqarli ishlar bilan shugʻullanishga emas, balki jamoada bolalar oʻrtasidagi munosabatlar usuliga, ularning tevarak-atrofdagi vaziyatga boʻlgan munosabatlariga, jamoadan tashqaridagi aloqalariga ham bogʻliqdir. Har bir oʻquvchi-yoshlarda oʻz jamoasi uchun faxrlanish tuygʻusini, shaxsiy qadr-qimmat xissini tarbiyalash zarur. Mazkur usul va uslublar jamoani shakllantirishga asosiy yoʻl va vosita sifatida asos boʻladi.

Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qoʻyiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi. Yagona talab bolalarning dars jarayonidagi tanaffus, jamoat joylari hamda uydagi xulq-atvor qoidalarini oʻz ichiga oladi. Puxta oʻylab qoʻyilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi oʻquv muassasasida muayyan tartibning oʻrnatilishini ta’minlaydi.

Pedagoglar tomonidan qoʻyiladigan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi:

1.           Qoʻyilayotgan talablar ta’lim oluvchi shaxsini hurmat qilish bilan qoʻshilishi kerak;

2.           Qoʻyilayotgan talablar muayyan oʻquv muassasasidagi mavjud sharoitni hisobga ogan holda qoʻyilishi lozim;

3.           Qoʻyilayotgan talablar aniq boʻlishi kerak;

4.           Oʻquvchi-yoshlarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qoʻyilayotgan talablar ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart.

Xulq-atvorni tarkib toptirishga yoʻnaltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qoʻshib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish, oʻquvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashi mumkin, biroq aksariyat hollarda rioya qilmaydilar. Shu bois, muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi.

Talablarning qoʻyilish jarayonida ularga ta’lim oluvchilarning amal qilish ustidan nazorat oʻrnatishi lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi. Nazorat haqqoniy va muntazam boʻlishi kerak. Uning natijalaridan oʻquvchi-yoshlarni ogoh etib borish lozim.

Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faollarni tarbiyalash bilan chambarchas bogʻliq. Har bir oʻqituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakati jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi.

Jamoa faollarini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan extiyoji mazmunidan kelib chiqadi.

Ishonchli, ishchan faollarni yaratish uchun oʻqituvchi oʻquvchilar faoliyatini, ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir oʻquvchining ijtimoiy faoliyatini tashkil etish layoqatini aniqlashi zarur. Jamoa faollarini shakllantirishda oʻquvchilarning jamoadagi obrsini inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibida bolalarning oʻzlari, albatta pedagog ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq boʻladi. Pedagog jamoa faoli bilan maslahatlashish tashkil etadi. Jamoa faollarining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifa yuklash, ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish lozim. Pedagog ayni shu faolga oshirilgan talab qoʻyadi. Oʻquvchilar jamoasida faol rahbarligida oʻz-oʻzini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak. Shu bois, pedagog faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.

Oʻquvchilarning oʻz-oʻzini boshqarishbu pedagoglar tomomnidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda oʻquvchilarni faol ishtirok etishidir. Oʻz-oʻzini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yigʻilishi, konferensiyasi hamda turli komissiyalar faoliyati muhim oʻrin tutadi.

Oʻquvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoa an’analaribu barqarorlashgan odat boʻlib, ularni jamoa a’zolari birdek qoʻllab-quvvatlaydilar. Jamoa an’analari mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.

Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga boʻlinadi:

1) Kundalik faoliyat an’analari;

2) Bayram an’analari.

Kundalik faoliyat an’analari oʻquvchilarning oʻquv faoliyati (oʻzaro yordam) hamda mehnat faoliyati (koʻchatlar oʻtkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi. Bayram an’analariga turli voqyea hodisalar bilan bogʻliq sanalarni nishonlash, xususan, «Mustaqillik bayrami», «Navroʻz bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar kiradi. An’anaviy bayramlar oʻquv muassasalarda turlicha oʻtkaziladi. Oʻquvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda boʻlsa ta’sir kuchi yuqori boʻladi.

An’analarni yuzaga kelishida oʻquvchi-yoshlarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishi borasida quyidagi andozaning yaratilishi ta’minlanadi.

1-shakl.  Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlar.

 

Yuqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi xulosaga kelish mumkin:

1.           Jamoa kishilarning shunday muayyan guruhi boʻlib, u ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan, umumiy maqsad hamda mazkur maqsadni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan faoliyatni tashkil etadi. Jamoa oʻzida bir necha xususiyat (belgilar)ni namoyon etadi.

2.           Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga boʻysinadigan, uzoq muddatli, murakkab dinamik jarayon boʻlib, koʻpchilik pedagoglarning e’tirof etishlaricha, toʻrt bosqichli jarayonda qaror topadi.

3.           Jamoani shakllantirish oʻziga xos metodika asosida amalga oshiriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qoʻyilishi jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.

Jamoaning mustahkam boʻlishi a’zolari oʻrtasida oʻzaro yordam, hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 Esda saqlab qolish uchun zarur boʻlgan tushunchalar:

Jamoa – lotincha «kollektivus» soʻzining tarjimasi boʻlib, yigʻilma, omma, birgalikdagi majlis, birlashma, guruh ma’nolarini anglatadi. Jamoa kishilardan iborat guruh hisoblanadi.

Jamoaviylik – jamoa bilan birdamlik, oʻzini jamoaning bir boʻlagi deb his qilish tuygʻusi.

Oʻquvchilar jamoasi – ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni tashkil etish, shuningdek, umumiy javobgarlik va umumiy saylov organlari, barcha a’zolarning huquq va burchlari tengligi asosidagi oʻzaro birlikka ega oʻquvchilar guruhidir.

Istiqbol – shaxs bolalar guruhini, jamoani rivojlantirishning ichki ehtiyojlariga javob beruvchi, jamiyat vazifalariga mos keladigan vazifalar, maqsadlar, ishlar tushuniladi.

English:

Community – Latin is a translation of the word “collective”, which means collective, public, joint meeting, association group and is a team of people.

Teamwork – solidarity with the team, feeling like a part of a team.

Students’ team – as well as the general responsibility and general election bodies, a group of students on the basis of equality of rights and responsibilities of all members.

Future – a group of individuals, the objectives, goals and tasks that are in line with the community’s responsibilities that meet the internal needs of the community. 

Student self-management – this is the active involvement of students in the organization and management of the team work organized by these teachers. Among the forms of self-governance, community members’ meetings, conferences and various committees are important.

 

 Mavzularni mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar:

1. Jamoa soʻzining ma’nosini tushuntiring.

2. Jamoa orqali tarbiyalash deganda nimani tushunasiz?

3. Jamoaning tuzilishi necha qismdan iborat?

4. Jamoani tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari nimadan iborat?

5. Jamoaning rivojlanish bosqichi deganda nimani tushunasiz?

6. Oʻquvchilar jamoasiga izoh bering.

7. Jamoaning shakllanish tamoyillarini jadvalda koʻrsating.

8. Jamoaning rivojlanish bosqichi necha qismdan iborat?

9. Jamoani tashkil etishning ma’nosini tushuntiring.

10. Istiqbol deganda nimani tushunasiz?

11. Jamoaning faoliyatiga qoʻyiladigan talablariga nimalar kiradi?

12. Jamoa an’analari deganda nimani tushunasiz?

13. Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatni izohlang.

14. Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlar shaklini chizmada koʻrsating.

 

 Mavzularni oʻrganishda foydalanish mumkin boʻlgan adabiyotlar roʻyxati:

1.           Mirziyoyev Sh. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz. – Toshkent: “Oʻzbekiston” NMIU, 2017. – 592 b.

2.           Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. Toshkent: Sharq, 1997.

3.           Karimov I.A. Yuksak manaviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. – 174 b.

4.           Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. Toshkent, 1992.

5.           Oʻzbekiston Respublikasi «Ta’lim toʻgʻrisida»gi Qonuni. Toshkent, 1997.

6.           Oʻzbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi». Toshkent, 1997.

7.           Asqarova M. va boshq. Pedagogika: Oliy oʻquv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: Talqin, 2008. - 288 b.

8.           Jabborov U. Sohibqiron davrida adolat // “Milliy tiklanish” gazetasi, 2007 yil, 11 aprel.

9.           Ibrohimov A., Sultonov X., Joʻrayev N. Vatan tuygʻusi. –T.: Oʻzbekiston, 1996. – 17-18 betlar.

10.     Hasanboyev J. va boshq. Pedagogika: Oliy oʻquv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: Fan, 2009. - 480 b.

11.     Mavlonova R. va boshq. Pedagogika: KHK uchun darslik. – Toshkent: Oʻqituvchi, 2008. - 496 b.